Armanistonda yuz minglab kishi norozilik bildirib, ko‘chaga chiqqanidan 9 oy o‘tib, navbatdan tashqari parlament saylovi bo‘lmoqda. Yil boshidagi norozilik namoyishlari hukumatning o‘zgarishiga sabab bo‘lgan va demokratik boshqaruv o‘rnatilishiga umid tug‘ilgan edi.
Saylov oldidan o‘tkazilgan so‘rovda aksariyat ishtirokchilar, Bosh vazir vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyanning “Mening qadamim” ittifoqi 9 dekabrdagi saylovda g‘alaba qozonishi mumkinligini aytdi.
Korruptsiyaga qarshi kurashib kelgan sobiq jurnalist Pashinyan namoyishlarga boshchilik qilgandi.
Oqibatda, uzoq vaqtdan beri hokimiyatni egallab kelgan Serj Sarkisyan o‘z lavozimidan ketishga majbur bo‘lgan.
Garchi, o‘sha payt Pashinyanga muxolif Respublikachilar partiyasi parlamentda ko‘pchilikni tashkil qilgan bo‘lsa ham, u Bosh vazir lavozimiga saylandi.
Oktyabrda Pashinyan parlamentni tarqatib yuborishi va yangi saylov o‘tkazish uchun iste’fo berishini e’lon qildi. U yangi parlament tuzilib, yangi bosh vazir saylanguncha uning vazifasini bajarib turibdi.
Pashinyan boshliq blok poytaxt Yerevan shahri hokimi saylovida ishonchli g‘alaba qozonganidan so‘ng muddatidan avval parlament saylovi o‘tkazishga qaror qildi.
Ayni saylovda Pashinyanning “Mening qadamim” ittifoqi, yana 9 partiya va bir alyans Milliy assambleyadagi 101 deputatlik o‘rni uchun kurash olib bormoqda.
1-4 dekabr kunlari Gallap ijtimoiy so‘rov markazi 1100 nafar saylovchi o‘trasida o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, “Mening qadamim” ittifoqi 69,4 foiz ovoz olib, barcha partiyalardan o‘zib ketishi mumkin.
Boshqa biror partiya 6 foizlik cheklovdan o‘ta olmasligi, Respublikachilar partiyasi esa 1,3 foiz ovoz olishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Garchi, Pashinyan Armanistonning Qo‘shma Shtatlar va Yevropa bilan aloqalarini yaxshilash niyati borligini aytgan bo‘lsa-da, Janubiy Kavkaz mintaqasidagi bu respublikasi Rossiyaning yaqin ittifoqchisi sanaladi.