10 dekabr tongda 100 nafarga yaqin tadbirkor, qariyb ikki yildan beri davom etayotgan aldov va yolg‘onlarga chek qo‘yishni so‘rab, Buxoro viloyat prokurori oldiga bordi.
Arzchilarning Ozodlikka aytishicha¸ 2017 yil boshida shahar markazidagi “Dilkusho” bozori buzilishi boshlanganida hokimiyat vakillari tomonidan berilgan va’dalarning birortasi bajarilmagani tadbirkorlar toqatini toq qilgan.
Tadbirkorlar prokuratura tizimidan bu jarayonda mahalliy hokimlar tomonidan davom etayotgan qonunsizlikka barham berishni so‘ramoqda.
Prokuror huzuridagi yig‘in
O‘tgan yil boshida Buxoro markazidagi “Dilkusho” bozori mahalliy hokimiyat qarori bilan buzilganidan beri ishsiz va kirimsiz qolgan 600 dan oshiq tadbirkordan 100 nafarga yaqini 10 dekabr kuni Buxoro viloyat prokuraturasi binosida viloyat prokurori Bahriddin Valiev va shahar hokimi Karim Kamolov bilan uchrashdi.
Buxorolik tadbirkorlar vakillari O‘zbekiston Bosh prokuraturasining tadbirkorlik sub’ektlari himoyasini ta’minlashga mas’ul mulozimlariga arz qilib borganidan so‘ng¸ o‘tgan hafta Bosh prokuratura vakili Yoqubjon O‘ktamov Buxoroga kelib¸ mahalliy mulozimlar bilan vaziyatni muhokama qilib ketgan.
Dushanba¸ 10 dekabr kuni 100 ga yaqin tadbirkor viloyat prokuroridan bu muhokamalar so‘nggida o‘z muammolariga qanday yechim topilganini aniqlab olish uchun kelgan.
“Biz¸ asosan ayollar qariyb ikki yildan beri 600 dan oshiq tadbirkorning hokimlik rasmiylari tomonidan aldab kelinganini aytdik. Bozor buzilishi oldidan bizga quriladigan yangi supermarketdagi do‘konlarning 50 foiz arzonga o‘zimizga sotilishini va’da qildilar. Keyin¸ yangi bozordan joyni arendaga beramiz dedilar. Keyin¸ bu yerda ko‘p qavatli dom quriladi¸ boshqa joydan beramiz¸ dedilar. Ikki yil bo‘layapti¸ yosh bolani aldagandek aldab kelishayotganidan hammaning toqati toq bo‘ldi”¸ dedi bu majlisda bevosita qatnashgan tadbirkorlardan biri shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab.
Buxoro viloyat prokuraturasi binosida o‘tkazilgan majlisning Ozodlikka yuborilgan audioyozuvidan¸ arzchilarning keskin ohangda¸ ba’zan yig‘lab gapirgani eshitiladi.
Gapirganlar “Dilkusho” bozori buzilishining avval boshdanoq prezident qarorlariga zid tarzda boshlangani¸ bu yerda do‘koni bo‘lgan 610 dan oshiq tadbirkorning hayoti ikki yildan beri ostin-ustun bo‘lib¸ bir necha tadbirkorning bedodlikka chidolmay¸ "o‘lib ketgani"ni aytadi.
Yechimsiz tarqagan yig‘in
Buxoroliklar orasida “Kritiy bozor” nomi bilan tanilgan “Dilkusho” bozori buzilgunga qadar bu yerda do‘koni bo‘lgan tadbirkorlar 10 dekabr kuni prokuror va hokimdan bozor hududida qurilayotgan uch qavatli yangi savdo kompleksidan o‘zlariga imtiyozli narxda do‘kon berilishini talab qilgan.
Ozodlikka yuborilgan audioyozuvda viloyat prokurori Bahriddin Valiev qayta-qayta o‘zining xalq tarafida ekanini aytib¸ to‘planganlar talabini rasmiy protokolga kiritishni so‘raydi.
Ammo shahar hokimi Karim Kamolov¸ yangi bozorning nomi sir qolayotgan investori undagi do‘konlarni sotib bo‘lganini aytishi ortidan boshlangan e’tirozlar ortidan yig‘in biror aniq yechim va to‘xtamga kelmay turib tarqaydi.
"Ikki yildan beri ayni gapni eshitaverib charchadik¸ shunga bu majlisdan foyda yo‘qligini tushunib¸ norozilik tariqasida uni birma-bir tashlab chiqib ketdik. Viloyat prokurori xohlagan taqdirda ham viloyat hokimiga qarshi ish qilolmaydi. Endi adolat so‘rab yana Bosh prokuratura va prezident devoniga borishimizga to‘g‘ri keladi"¸ deydi o‘tgan hafta prezident devonidan aniq bir yechimsiz qaytgan buxorolik tadbirkorlardan biri.
Buxorolik tadbirkorlar¸ “Dilkusho” hududidagi do‘kondorlarni qaqshatayotgan Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoevning o‘zi ekani¸ hokim ulardan tortib olingan hududni o‘z ukasiga olib berganini iddao qilmoqda.
Ayni shunday iddaoni ular Kun.uz nashriga ham bildirgan¸ ammo hozircha bu ma’lumotning huquq tizimlari tomonidan tekshirilayotganiga oid biror alomat yo‘q.
Ozodlik uchrashuv yakuniga oid ma’lumot olish maqsadida Buxoro shahar hokimi va uning o‘rinbosarlari¸ Buxoro viloyat prokuraturasi va Bosh prokuratura mulozimlariga murojaat qildi.
Ammo ulardan 10 dekabr kungi yig‘in bo‘yicha biror izoh olishga hozircha muvaffaq bo‘la olmadi.