Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:03

Rossiya adolat uchun yorqin kurashchisi Lyudmila Alekseeva bilan vidolashdi


Lyudmila Alekseeva bilan vidolashuvga oddiy rossiyaliklar¸ muxolifat yetakchilaridan tortib prezident Putingacha keldi.
Lyudmila Alekseeva bilan vidolashuvga oddiy rossiyaliklar¸ muxolifat yetakchilaridan tortib prezident Putingacha keldi.

Moskva Xelsinki guruhi asoschilaridan biri bo‘lgan Lyudmila Alekseeva bilan Moskvadagi Jurnalistlar uyida o‘tkazilgan vidolashuv marosimida uning hamkasblari hamda xorij davlatlari vakillari, jumladan, AQShning Rossiyadagi elchisi Jon Xanstman hamda Rossiya Inson huquqlari kengashi rahbari Mixail Fedotovlar qatnashdi.

Alekseeva 8 dekabr kuni 92 yoshida vafot etdi.

- Alekseeva inson huquqlari sohasida muhim yetakchilardan biri edi. U samimiy, dovyurak inson edi, turli qarashlarga ega odamlarni birlashtira olar edi, - dedi AQSh elchisi Ozodlik muxbiriga 11 dekabr kuni.

Marosimda, shuningdek, muxolifatchi hamda korrupsiyaga qarshi faol Aleksey Navalniy ham ishtirok etdi.

- Siyosat bilan shug‘ullanadigan odamlar g‘alati bo‘ladi. Aynan Alekseeva kabi barcha hurmat qilgan¸ ajoyib yumor tuyg‘usiga ega bo‘lgan ajoyib va sofdil insonni uchratganim siyosatda qolish qarorimning sababchilaridan biridir, - dedi jurnalistlarga gapirgan Navalniy.

11 dekabr kuni Alekseeva bilan vidolashishga Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham keldi.

Alekseeva Rossiyaning Chechenistondagi ikkinchi urushi hamda Putin Rossiyadagi demokratik institutlarni kuchsizlantirganini tanqid qilib kelgan.

Faol bilan vidolashish marosimida uning yaqin safdoshi¸ Internet orqali «noqonuniy namoyishlarni» uyushtirishda ayblanib, 16 kunga qamalgan inson huquqlari faoli Lev Ponomaryov qatnasha olmadi.

Moskva sudi 10 dekabr kuni Ponomaryovning Alekseeva bilan xayrlashish marosimida qatnashishiga izn bermadi.

Jurnalistlar uyi tashqarisida navbatda turgan shoir Lev Rubinshteyn Alekseevani iliq so‘zlar bilan xotirladi.

- Inson huquqlari himoyachilari ham hozirgi Rossiya, ham Sovet Ittifoqida muhim o‘rin tutadi. Alekseeva ushbu harakatning timsoli edi. Uning ishlari hamda fe’l-atvori bir-biriga mutanosib etdi - u hammaga xayrixoh edi, hammani himoya qilishni istardi, - dedi.

«Levada-Sentr» ijtimoiy so‘rov markazi xodimi Aleksey Levinson Ozodlik bilan suhbatda Alekseevaning ma’naviy qiyofasi¸ uning o‘zi ishongan g‘oyalarga sadoqati zamonaviy huquq faollari orasida kam uchrashini aytdi.

- Alekseevaning ta’siri juda katta bo‘lgan. Uning ismi Saxarov kabi siymolar bilan yonma-yon turadi.

Samaralik 17 yoshli Danil Brajnikov Alekseeva bilan biror marta uchrashmaganiga qaramay¸ u bilan vidolashish uchun Moskvaga kelganini aytadi. Brajnikov 1970 hamda 1980 yillardagi huquq faollari faoliyatiga qiziqishini aytar ekan, Alekseeva mazkur avlodning so‘nggi vakili bo‘lganini ta’kidlaydi.

Inson huquqlari faollari hamda diplomatlar Alekseevaning Sovet Ittifoqi va keyinchalik Rossiyada adolat o‘rnatilishiga qaratilgan kurashini yuksak hurmat bilan e’tirof etib keladi.

Alekseeva hayotligida unga bir necha marta tahdid solishgan. Faol 1977 yilda Sovet Ittifoqidan chiqib ketishga majbur bo‘lgan.

Ittifoq parchalanib ketganidan keyin, 1993 yil vataniga qaytib kelib, ishtiyoq bilan o‘z faoliyatini davom ettirgan Alekseeva faoliyatini Putin hokimiyati keskin cheklab qo‘ygan edi.

XS
SM
MD
LG