Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:54

HRW: Gey “propagandaga” qarshi qonun LGBT o‘smirlar hayotini yanada og‘irlashtirdi


Xalqaro Xyuman Rayts Uotch (HRW) tashkiloti Rossiyada gey “propagandani” man etuvchi qonun lesbiyan, gey, biseksual hamda transgender (LGBT) o‘smirlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini aytib, mamlakat rasmiylarini qonunni bekor qilishga chorladi.

Tashkilotning navbatdagi hisobotida 2013 yilda qabul qilingan qonun Rossiyada LGBT odamlarga o‘tkaziladigan tazyiqni yanada kuchaytirgani aytiladi.

12 dekabr kuni e’lon qilingan hisobotda mazkur qonun ojiz seksual hamda jinsiy ozchiliklarni nishonga oluvchi “siyosiy gomofobiyaning klassik misoli” ekanligi ta’kidlanadi.

Boshida “Bolalarni an’anaviy oila qadriyatlarini rad etuvchi ma’lumotlardan himoya qilish to‘g‘risida” deb atalgan qonun voyaga yetmaganlar orasida noan’anaviy seksual aloqalar targ‘ibotini man etadi.

HRW tashkiloti tadqiqotchisi Kayl Nayt so‘zlariga ko‘ra, “ochiqchasiga diskriminatsion” bo‘lgan ushbu qonun uning tarafdorlari ko‘zlagan natijalarga emas, balki ularning akiga olib kelmoqda.

Naytning aytishicha, qonun tufayli bolalar va o‘smirlar uchun onlayn ma’lumot manbalari bloklanib, ruhiy sog‘liq mutaxassislari yoshlar bilan ishlashiga to‘siq qo‘yilgan.

Nayt, shuningdek, qonun Rossiyadagi LGBT shaxslarga qarshi zo‘ravonlikni kuchaytirib kelayotganini ta’kidladi.

Ozodlik bilan suhbatda u shunday dedi:

- Yangi hisobotimiz uchun to‘plangan dalillar qonun aslida ayrim yoshlar hayotini barbod qilganini ko‘rsatadi.

HRW bolalarning maktabda, uyda hamda jamoat joylaridagi hayoti bilan tanishish uchun Rossiya bo‘ylab o‘nlab LGBT o‘smir hamda psixologdan intervyu olgan.

Xabarovsk viloyatida yashovchi 14 yoshli LGBT bola HRW bilan suhbatda 2013 yilgi qonun gomofoblarning xohlagan ishga qo‘l urishiga yo‘l ochib berganini ta’kidlagan.

Hisobotda yozilishicha, qonunni LGBT shaxslarga qarshi guruhlar suiiste’mol qilib keladi. Tashkilotga intervyu bergan LGBT o‘smirlar bunday hujumlarga rasmiylar odatda ko‘z yumishini aytgan.

Intervyu berganlarning ko‘pchiligi o‘zlarini himoya qilish uchun anonim qolishga majbur bo‘layotganliklarini izhor qilgan.

Shuningdek, LGBT o‘smirlar ota-onalari ularni tushunishlari o‘ta muhim ekanligini, ammo odatda bunday bo‘lmasligini aytishgan.

Intervyu berganlar, shuningdek, maktablarda ham muntazam ravishda tazyiq va zo‘ravonlikka duchor bo‘lishlarini va natijada maktabni erta tark etishga majbur bo‘lishganini ta’kidlashgan.

HRW Rossiya Ta’lim vazirligini zo‘ravonlik hamda tahqirlashlar haqida shikoyat yuborish mexanizmini yo‘lga qo‘yib, shikoyat kelib tushganidan keyin, zudlik bilan tergov o‘tkazishni hamda tegishli choralarni ko‘rishni yo‘lga qo‘yishga chorladi.

Tashkilot Rossiya hukumatini gey “propaganda” qonunini hamda LGBT shaxslar huquqlarini buzuvchi boshqa qonunlarni bekor qilishga hamda barcha LGBT shaxslar, jumladan, bolalar hamda o‘smirlar huquqlarini himoya qiluvchi qonunlarni joriy qilishga chorladi.

XS
SM
MD
LG