Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:25

Sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov ustidan tergov ishlari nihoyasiga yetdi


O‘zbekiston Respublikasi sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirov.
O‘zbekiston Respublikasi sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirov.

O‘zbekiston hukumatidagi joriy va sobiq amaldorlardan ikki nafarining Ozodlikka ma’lum qilishicha, mamlakat sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirov va uning ishi doirasida hibsga olingan jami 24 kishi ustidan tergov jarayoni joriy oy boshlarida yakuniga yetgan.

Ayni paytda, ayblanuvchilardan birining advokatiga ko‘ra, "Qodirov ishi" doirasida ayblanayotganlar advokatlari ayblov xulosasi bilan tanishib chiqmoqda. Ayblov xulosasi bilan tanishib chiqish uchun 25 dekabrga qadar muhlat berilgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Ozodlikka "tergov siri nuqtai nazaridan" bu masalada sharh berilmasligini bildirdi.

O‘zbekiston bosh prokuraturasini 15 yil davomida boshqargan va 2015 yil aprelida ishdan olingan 66 yashar Rashitjon Qodirov joriy yilning 22 fevralida Toshkentda tovlamachilik, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, pora olish kabi jinoyatlarda ayblanib hibsga olingan edi.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, “Qodirov ishi” ishi doirasida asosan sobiq prokuratura mulozimlaridan iborat jami 24 kishi qamoqqa olingan.

Sud binosi qidirilmoqda

Toshkent viloyatidagi poytaxtdan 20 kilometr radiusdagi sud binolari suratga olinmoqda. Maqsad bosh prokuror va sobiq prokuratura amaldorlarini sud qilish uchun loyiq binoni topishdir.

Bu haqda Ozodlikka Rashitjon Qodirov va unga aloqador sobiq amaldorlar ustidan olib borilayotgan jinoyat ishlaridan xabardor O‘zbekiston hukumatidagi mulozim ma’lum qildi.

Ayni paytda, "Qodirov ishi" doirasida ayblanayotganlar advokatlaridan biriga ko‘ra, advokatlarga ayblov xulosalari bilan tanishib chiqish uchun 25 dekabrga qadar muhlat berilgan.

"Bir tiyinga qimmat tergov"

Tergov ishidan xabardor hukumat mulozimining ismi sir tutish sharti bilan Ozodlikka aytishicha, sobiq bosh prokuror hibsga olingan davrdan buyon o‘tgan salkam 10 oy davomida tergov guruhi rahbari bir necha marta almashgan.

U tergovchilarning davomli o‘zgartirilganini "tergov ishlari o‘ta zaif" o‘tkazilgani bilan izohladi.

Sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov boshchiligidagi majlis qatnashchilarining aksari hozir qamoqda
Sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov boshchiligidagi majlis qatnashchilarining aksari hozir qamoqda

Ozodlikning aniqlashicha, Rashitjon Qodirov ustidan tergov Bosh prokuratura Korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Umurzoqov (Umurzoqov keyinchalik "O‘zavtosanoat" aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisligiga tayinlangan) va so‘ngra tergov Maqsud O‘ralov, Murod Hakimov, Olim Nabiev va Bahrom Qobilov tomonidan davom ettirilgan.

Hozirda esa, tergov ishlarining yakuniy jarayonini Ulug‘bek Anvarov olib borgan​. Anvarov Chilonzor tumanining sobiq prokuroridir.

Ozodlik suhbatlashgan advokatlardan biri "Qodirov ishi" doirasida ayblanayotganlardan ba’zilarining ishlari alohida ko‘rib chiqilishi mumkinligini ma’lum qildi.

Tergov guruhining bunday qarorni olishiga, advokatning ta’kidlashicha, ba’zi gumondor shaxslarning qidiruvda ekani va "ko‘plab ilgari surilgan ayblovlarni isbotlash qiyinligi" sabab bo‘lgan.

"Delolarning bir qismi alohida ko‘riladi. Ba’zi shaxslar qidiruvda bo‘lgani va qisman ayblovlar isbotlanmagani uchun," dedi advokat.

19 may kuni Andijon viloyat, Ulug‘nor tumanida viloyat faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda ma’ruza qilgan prezident Shavkat Mirziyoev sobiq prokurorni "ikki-uch oy ichida televidenie orqali gapirtirish"ini ​aytgandi.

Rashitjon Qodirov, Bosh prokuratura rasmiy xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining "Tovlamachilik" (165-moddasi), "Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish" (205-modda) va "Pora olish" (210-modda) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

XS
SM
MD
LG