Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2019, Тошкент вақти: 01:52

Farg‘onalik ota o‘g‘lini o‘qituvchisi urib o‘ldirganini iddao qildi


Dars paytida urib o‘ldirilgani iddao qilinayotgan 10 -sinf o‘quvchisi Mirjalol Zokirov

Farg‘onalik ota 10- sinfda o‘qiyotgan o‘g‘lini o‘qituvchilaridan biri urib o‘ldirib qo‘yganini iddao qildi.

Ozodlik gaplashgan o‘quvchilar Mirjalol Zokirov kaltaklanganini tasdiqladi.

O‘qituvchining o‘zi o‘quvchini urganini Ozodlik bilan suhbatda inkor qildi.

Farg‘ona viloyat huquq-tartibot organlari vakili “marhumning aynan kaltak zarbidan o‘lganiga oid sud-tibbiy ekspertizasi xulosasi hali yo‘qligini” bildirdi.

Beshariq tuman, Do‘stlik mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Fayz qishlog‘ida joylashgan 17- umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Mirjalol Zokirov, otasi Dilshod Madrahimovning iddao qilishicha, dars paytida o‘qituvchilardan biri kaltaklagani ortidan o‘lgan.

Joriy yilning 26 noyabrida o‘lgan o‘quvchining otasi Dilshod Madrahimov Ozodlik bilan 17 dekabr kungi suhbatda «o‘g‘lini urib o‘ldirgan o‘qituvchi ustidan prokuraturaga ariza» yozganligini aytdi.

Farg‘ona viloyat huquq-tartibot organlari vakili Ozodlik bilan suhbatda “o‘quvchi o‘limi yuzasidan tergovgacha tekshiruv o‘tkazilganini" aytdi.

Marhum o‘quvchining otasi esa¸ “maktab direktori va prokuratura xodimlari xodisani bosti-bosti qilib yubormoqchi”, deya o‘z xavotirini bildirdi.

O‘g‘li dars paytida urib o‘ldirilganini iddao qilgan Dilshod Madrahimov
O‘g‘li dars paytida urib o‘ldirilganini iddao qilgan Dilshod Madrahimov

A’lochi va sinf sardorining sirli o‘limi

Ozodlik “kaltaklangani ortidan o‘lganligi” iddao qilingan o‘quvchining sinfdoshlari¸ qarindoshlari va maktab o‘qituvchilari bilan muloqotlar asosida voqeaga oydinlik kiritishga urindi.

Maktab direkori Sirojiddin Qo‘chqorovning aytishicha¸ marhum Mirjalol Zokirov a’lochi o‘quvchi edi:

- Bu voqea bo‘lgan kuni men malaka oshirishda edim. Eshitib hayron bo‘ldim. Chunki bu bola a’lochi edi. O‘sha kuni yaxshi baholar olgan edi. U sinf sardori qilib saylangan edi. Men malaka oshirishdan qaytib xizmat tekshiruvi o‘tkazdim. O‘qituvchi bilan suhbatlashdim. O‘sha kuni u dars qoldirgan bolalarga jumladan marhum Mirjalolga ham tanbeh berganligini tan oldi. O‘qituvchini kabinetimga obkirib nima bo‘ldi, desam, darsiga qatnashmagani¸ konspektlarni yozmagani uchun tergaganligi, ammo qattiq urmaganligini aytdi.

Voqea guvohlaridan biri, 17-maktabning ismi aytilmasligini istagan 10- sinf o‘quvchisi Ozodlik bilan suhbatda kaltaklash qanday yuz berganligini aytib berdi:

- O‘sha kuni bir necha o‘quvchi kaltaklandi. Ustoz bizlarni turg‘azib qo‘yib, "nega dars qoldirding?" deb yomon gaplar bilan so‘kdi. Mirjalolni ko‘kragiga urganida u nafas ola olmay bukchayib qoldi. Ertasiga maktabga kelmadi.

Marhum Mirjalol Zokirovning otasi Ozodlik bilan suhbatda to‘ng‘ich o‘g‘lining maktabdan "bir ahvolda" kelgani va nafasi siqilib yotib qolganini gapiradi:

- Farzandimni ko‘kragiga o‘qituvchisi katta kuch bilan musht urgan. O‘g‘lim avvaliga mendan qo‘rqib hech narsa demadi. Tushlik paytida maktabdan keldiyu hushidan ketdi. Beshariq kasalxonasiga oborsam doktor allaqachon peshonasi muzlab bo‘lgan dedi. Besh farzandim bor edi. Xozir esa to‘rttasi qoldi. Prokuraturaga ariza berdim zo‘ravon o‘qituvchiga qonuniy chora ko‘rilsin deb.

Uning yana aytishicha¸ “qabrni ochib jasadni sud-tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni” ham talab qilgan.

Maktab direktori Sirojiddin Qo‘chqorov marhum o‘quvchining otasi Dilshod Mardarhimov bilan suhbatlashib arizani qaytarib olishni so‘raganini aytib berdi:

- Men ota bilan uchrashib suhbatlashdim. Tushunaman farzand dog‘i og‘ir. Ammo Mirjalolning umr kuni bitkan ekan. Taqdiri azal bu. Xudoning xohishi shu ekan deb tasalli berdim. Arizani qaytarib oling¸ bir o‘qituvchining umrini hazon qilmang, deb aytdim. Zotan urib o‘ldirgani haqida ekspertiza xulosasi yo‘q.

Direktorning aytishicha¸ hali rasman gumonlanuvchi sifatida malakalanmagan o‘qituvchi maktabda dars bermoqda:

- Uni darsdan chetlashtirish uchun hozircha qonuniy asos yo‘q.

O‘quvchini urganlikda gumon qilinatgan o‘qituvchi Ozodlik savoliga javoban "Mirjalol Zokirovni urib o‘ldirmaganman va bu yuzadan izoh bermayman", dedi.

Farg‘ona viloyat xalq ta’lim boshqarmasi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda mazkur voqeaga so‘nggi nuqta qo‘yilmagani va “agar o‘qituvchi haqiqatan ham aybdor bo‘lsa albatta jazolanishini” bildirdi.

XS
SM
MD
LG