Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2019, Тошкент вақти: 10:51

Alisher Usmonov: Toshkent Islom markaziga 100 million dollar berdim!


Alisher Usmonov ham Rossiya¸ ham O‘zbekiston prezidentiga yaqin oligarxlardan biri sanaladi.

20 dekabr kuni Forbes jurnali o‘z versiyasi bo‘yicha “yilning biznesmeni” deb topilgan Rossiyaning eng badavlat odamlaridan biri Alisher Usmonov bilan o‘tkazilgan intervyuni e’lon qildi.

2018 yil davomida rekord darajada biznes kelishuvlari tuzgani aytilgan Usmonov suhbat davomida USM Holdings kompaniyasini offshor hududdan¸ “Megafon” shirkatini esa¸ London birjasidan chiqargani¸ “Arsenal”dagi o‘z ulushini sotgani¸ Alibaba asoschisi Jek Ma bilan Rossiyada AliExpressni yo‘lga qo‘yish rejasidan tortib¸ o‘z boyligini kimga¸ qay shaklda qoldirish haqidagi savollarga javob beradi.

Mirziyoev “o‘zbek Gorbachyovi”mi?

Forbes muxbirining O‘zbekistonda bo‘layotgan “katta o‘zgarishlar” Shavkat Mirziyoevni qaysidir siyosatshunos aytganidek¸ “o‘zbek Gorbachyovi” deyishga asos bo‘ladimi¸ degan mazmundagi savoliga Usmonov:

- Yo‘q¸ albatta. U Gorbachyov emas. Gorbachyovdan farqli uning konkret planlari bor. U haqiqiy vatanparvar va hech qachon O‘zbekistonda davlatning yemirilishiga yo‘l qo‘ymaydi¸ deb javob beradi.

Shavkat Mirziyoevni dunyodagi boshqa biror davlat rahbari bilan solishtirib bo‘lmasligini ta’kilagan Usmonov: “U o‘ziga xos. Aftidan Mirziyoev iqtisodda progress istayotgan yangi tipdagi sharq rahbari bo‘ladi”¸ deb prognoz qiladi.

Mirziyoev nima yaxshi ish qildi?

Joriy vaziyatda o‘zini “O‘zbekiston rahbariyatining yordamchisi” sifatida ko‘rishini ta’kidlagan Alisher Usmonov Forbes muxbirining bu savoliga javob berar ekan¸ Mirziyoevning birlamchi “yaxshi ishi” qo‘shnilar bilan chegaralarni minalashtirgan Karimov davridagi keskinlikni yumshatib¸ Markaziy Osiyoga tinchlikni qaytarganidir¸ deydi.

Mirziyoev ham Vashington¸ ham Moskva bilan “tenglik asosida” do‘stlashish¸ shuningdek Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayonida O‘zbekistonni xalqaro platformaga aylantirishga muvaffaq bo‘ldi¸ degan Usmonov¸ bularni ham uning "yaxshi ishlari" ro‘yxatiga qo‘shgan.

U yerda (O‘zbekistonda) o‘zgacha fikrlovchilarga nisbatan liberalizatsiya bormoqda¸ mamlakatga kirish va chiqish bilan bog‘liq turli taqiqlar olib tashlanmoqda. Bir so‘z bilan aytganda¸ jamiyat¸ davlat va iqtisod qayta tashkil etilmoqda”¸ deydi jumladan Usmonov bu savolga javob berish davomida.

“Arsenal”ni sotib¸ pulini O‘zbekistondagi ijtimoiy loyihalarga yotqizdim!

Suhbat davomida Angliya oliy ligasidagi “Arsenal” futbol klubi aksiyalarini 150 million funt sterlingga olib¸ ularni 2018 yilda 550 million funt sterlingga sotganini aytgan Alisher Usmonov¸ qilingan foydani O‘zbekistondagi ijtimoiy loyihalarga ajratganini bildiradi.

“Toshkentdagi islom markaziga allaqachon 100 million dollar yotqizdim. Bundan tashqari jamg‘armamiz orqali O‘zbekiston qishloqlarini rivojlantirishga pul ajratayapmiz. O‘zbekiston hukumatining Jahon banki bilan qo‘shma dasturi bor. Bu dastur loyihalaridan biri qishloqlar¸ xususan¸ kindik qonim to‘kilgan Namangandagi qishloqlarni rivojlantirishdir. Biz bu loyihaga jami 100 million dollar ajratamiz. Bundan tashqari sport-investitsiya loyihasi bo‘ladi¸ bu ham 100 million dollar degani. Xullas¸ kelasi yil oxirigacha O‘zbekistonga umumiyatla 300-400 million dollar pul yotqiziladi. Bu faqat ijtimoiy loyihalardir¸ boshqasiga men pul yotqizmayman"¸ deydi Usmonov suhbat davomida.

Usmonov O‘zbekistondagi biznes faoliyatini ochiqlamadi

Forbes muxbiri bilan yil davomida olgan yirik biznes qarorlari haqida suhbatlashar ekan Alisher Usmonov¸ o‘z kompaniyalarining O‘zbekistondagi biznes faoliyatiga oydinlik kiritmaydi.

Xususan¸ o‘tgan oy The Herald nashri Shotlandiyada asl egasini ochiqlamay turib registratsiyadan o‘tgan Quality Trade Supplies shirkatining Alisher Usmonovga aloqadorligi haqida maqola e’lon qilgan edi.

Aynan Quality Trade Supplies kompaniyasi esa qiymati 300 million AQSh dollaridan oshishi aytilgan Toshkent metallurgiya zavodi qurilishini olgan Mirziyoev davrining eng yirik “xorijiy investori”dir.

Forbes bilan suhbatda Usmonov Toshkentda qurilayotgan metallurgiya zavodi¸ Olmaliqda qurilayotgan rangli metallurgiya markazini tilga olib¸ “ularga mutaxassislar kerak – metallurglar¸ konchilar va biz bunda bajonidil qatnashamiz”¸ deydi; ayni paytda ikkala metallurgiya zavodi qurilishida o‘z ishtiroki bor-yo‘qligiga oydinlik kiritmaydi.

"O‘zbekistonda biznes bilan shug‘ullanasizmi?" degan savolga javoban Usmonov¸ na Rossiya va na O‘zbekistonda biznes bilan shug‘ullanishni "istamasligi"¸ o‘zining bundan so‘ng sevimli mashg‘ulotlari¸ xususan¸ qilichbozlikni rivojlantirish¸ san’at va ilm-fan sohasida metsenatlik qilish bilan shug‘ullanish rejasida ekanini aytadi.

Asli namanganlik Alisher Usmonov Rossiyaning eng badavlat odamlaridan biri hisoblanadi. Forbes jurnalining dunyo boylari ro‘yxatida 118-o‘ringa qo‘yilgan Usmonov boyligi 2018 yili 12.1 milliard dollarga teng deb baholangan.

Ayni paytda¸ Usmonov Forbes jurnali mezonlari bo‘yicha dunyoning eng nufuzli shaxslari ro‘yxatining 58-pog‘onasiga qo‘yilgan.

Usmonov ham Rossiya¸ ham O‘zbekiston prezidenti bilan yaqin aloqada va har ikkala davlat rahbari tomonidan taqdirlanib kelmoqda.

Joriy yil avgustida 65 yoshga to‘lgan Usmonovni Shavkat Mirziyoev «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlagan bo‘lsa¸ Vladimir Putin noyabr oyida unga III darajali "Vatan oldidagi xizmatlari uchun" ordenini berdi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG