Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:56

Prokuror Gulnora Karimovaga yuzlab million dollar pora berganlarga maksimum qamoq jazosi so‘radi


Lars Nyuberg(o‘ngdan ikkinchi) va Tero Kivisari (o‘ngdan birinchi) mahkama eshituvlari tanaffusida
Lars Nyuberg(o‘ngdan ikkinchi) va Tero Kivisari (o‘ngdan birinchi) mahkama eshituvlari tanaffusida

Shvetsiya poytaxti Stokholm shahar sudida Telia shirkatining sobiq uch rahbari sutidan to‘rt oy davom etgan shov-shuvli mahkama jarayonining 19 dekabr kungi so‘nggi eshituvida prokurorlar ayblanuvchilarga shved qonunchiligida korrupsiya uchun belgilangan eng og‘ir jazo berilishini so‘radi.

Mahkamaning o‘z hukmini 2019 yilning 15 fevral kuni e’lon qilishi kutilmoqda.

Maksimum jazo

19 dekabr kuni qariyb 4 oy davom etgan mahkama eshituvlari yakuniga yetdi.

2018 yilning 4 sentabr kuni boshlangan mazkur mahkamada Skandinaviyadagi eng yirik Telia (eski nomi TeliaSonera) telekom shirkati sobiq rahbarlaridan uch nafari O‘zbekiston sobiq prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga 350 million AQSh dollaridan ko‘proq pora berganlikda ayblandi.

2007 yil boshida TeliaSoneraning O‘zbekiston telekom bozoriga kirish jarayonini boshqargan asosiy shaxs – shirkatning o‘shandagi Yevroosiyo bo‘yicha vitse-prezidenti va moliyaviy direktori Tero Kivisaari prokurorlar tomonida mazkur korrupsiya sxemasidagi asosiy shaxs deb topildi va unga 7 yilu 9 oylik qamoq jazosi so‘raldi.

Shvetsiya qonunchiligi korruptsiya bilan bog‘liq jinoyatlarga 6 oydan 6 yilgacha qamoq jazosi belgilashni ko‘zda tutadi.

Prokurorlar¸ Kivisaarini korrupsiyadan boshqa yana bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda ham aybladi.

Kivisaari advokatlari so‘nggi chiqishida ham bu ayblarni inkor qildi va 2007 yil – Karimovaga pora berilgan davrdagi shved qonunchiligi bo‘yicha Kivisaari harakatlari pora berish deb tasniflanmasligini yana bir bor takrorladi.

(2007 yilda amalda bo‘lgan shved qonunchiligiga ko‘ra¸ u yoki bu davlat rasmiysiga pul yoki boshqa narsa berishgina korrupsiya hisoblangan va advokatlarga ko‘ra¸ Gulnora Karimova O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasi bo‘yicha qaror chiqaradigan davlat rasmiysi bo‘lmagan.)

Prokurorlar qolgan ikki sudlanuvchi - shirkatning 2007-2013 yillardagi bosh ijrochi direktori Lars Nyuberg va Yevroosiyo faoliyati bo‘yicha sobiq bosh maslahatchi Uli Tuimalarga ham ochiq majlisda ochiqlanmagan qamoq jazosi so‘radi.

Bu jazoning Kivisaariga so‘ralgan keskin jazodan ancha kam ekani aytilmoqda.

Prokuror izohi

Shvetsiya prokuraturasining Korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Gunnar Stetler 2012 yilning sentabrida¸ Shvetsiya jamoatchilik televideniesi jurnalistlari TeliaSonera O‘zbekistonga kirish uchun Karimovning to‘ng‘ich qiziga pora bergani haqidagi surishtiruvini e’lon qilgani ortidan o‘z tergov-tekshiruvini boshlagan edi.

Olti yil davom etgan jinoyat ishini xulosalagan prokuror¸ shirkatning Yevroosiyo bozoridagi faoliyatini to‘liq nazorat qilgan Tero Kivisaari kimga va qancha pora berish masalasida qaror berganini bildirdi.

Prokuror ta’kidicha¸ aynan Kivisaari ruxsati bilan amalga oshirilgan korrupsiya ko‘lami¸ Skandinaviya davlati uchun misli ko‘rilmagan darajada kattadir.

Bu masalada "ha" yoki "yo‘q" deyish¸ Kivisaarining qo‘lida edi. Karimovaga pora berish ehtimolini to‘xtatish o‘rniga¸ u bir guruh maslahatchi-advokatlar ko‘magida pora berishni tanladi. Bu jarayondagi shartnoma matnini yozish va boshqa shu kabi kundalik ishlarni uning huquqiy maslahatchilari qilgan”¸ dedi shved matbuotiga sud eshituvlari tugaganidan so‘ng gapirgan Steteler.

TeliaSonera Yevroosiyo faoliyati bo‘yicha sobiq bosh huquqiy maslahatchi Uli Tuima Kivisaariga pora berish jarayonini legallashtirishda yordam berganlik¸ 2007 yil so‘ngida shirkat rahbari etib tayinlangan Lars Nyuberg esa¸ O‘zbekistonga noqonuniy shartlar asosida kirish jarayonini to‘xtatmaganlikda ayblandi.

O‘zbekistonga kirish rejasi TeliaSonera biznes ko‘lami va daromadini oshirish ambitsiyasi bilan shirkat prezidentligiga kelgan Nyuberggacha pishib bo‘lgan edi. Lekin u bu loyihani to‘xtatishi mumkin edi. Nyuberg esa¸ korrupsiyalashgan bo‘lsa ham¸ bu kelishuvdan voz kechmaslikka qaror qildi. Matbuot va ayrim hamkasblari bu ishning noto‘g‘ri ekanini aytganidan so‘ng ham Nyuberg bu ogohlantirishlarni inobatga olmadi”¸ deydi Stetler.

Stokholm shahar sudining o‘z hukmini 15 fevral kuni e’lon qilishi kutilmoqda.

Mahkama boshlanganidan ko‘p o‘tmay Telia shirkati O‘zbekistondagi UCell brendini Toshkent hukumati sotib¸ nafaqat bu mamlakat¸ balki butun Yevroosiyodan chiqib ketish jarayonini yakuniga yetkazdi.

Aksiyalari AQSh qimmatbaho qog‘ozlar bozorida sotuvga qo‘yilgan Telia shirkati 2017 yili AQSh Adliya vazirligi bilan sudgacha muzokaralarda O‘zbekistonga kirish uchun o‘z sobiq mulozimlari pora berganini tan olgan va qariyb 1 milliard dollar jarima to‘lash barobarida O‘zbekistondan "mas’uliyatli ravishda chiqib ketish" majburiyatini ham zimmasiga olgan edi.

XS
SM
MD
LG