Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:19

Rossiya Ukrainaga nisbatan jazo choralarini kuchaytirdi


Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev Rossiyaning Ukraina fuqarolari va shirkatlariga qarshi jazo choralarini kuchaytirdi.

Medvedev 25 dekabrda Twitter orqali"Rossiya davlati, shirkatlari va Rossiya fuqarolari manfaatlarini himoya qilish" maqsadida sanksiyalarni kuchaytiruvchi farmonni imzolaganini bildirdi.

1 noyabrda Rossiya Ukrainaning 322 nafar vatandoshi va 68 shirkatiga qarshi "maxsus iqtisodiy choralar"ni qo‘llagan edi.

Yangi ro‘yxatga 2000 mingga yaqin shaxslar va shirkatlar kiritilgan.

Sanksiyalar Rossiyadagi bank hisoblarni muzlatish va Rossiyadan mablag‘lar yuborishni taqiqlaydi.

Dastlabki ro‘yxatga Ukraina ichki ishlar vaziri Arsen Avakov, xavfsizlik xizmati boshlig‘i Vasil Xritsak, sobiq bosh vazirlar Yuliya Timoshenko va Arseniy Yatsenyuk, Qrim tatarlari lideri Mustafo Jamil o‘g‘li, va O‘ng Sektor lideri Dmitro Yaroshlar kiritilgan edi.

Mazkur ro‘yxat Vladimir Putinning 22 oktabrda imzolagan farmoniga asoslangan.

O‘shanda Putin, agar Ukraina Rossiya fuqarolari va shirkatlariga qo‘llagan barcha sanksiyalarni olib tashlasa, Rossiya ham jazo choralarini bekor qilishi mumkinligini aytgandi.

Kiev Rossiya fuqarolari va shirkatlariga qarshi sanksiyalarni 2014 yilda Rossiya Ukrainaning Qrim yarim orolini anneksiya qilgani ortidan qo‘llagan edi.

Ukraina, shuningdek, Rossiyani Ukraina sharqidagi bo‘lginchilarni harbiy, siyosiy va iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlayotganlikda ayblab keladi.

2014 yil boshidan buyon Ukraina sharqida borayotgan janglarda 10,300 nafar odam o‘ldirilgan.

Moskva Ukraina ichki ishlariga aralashayotganini inkor qilsa-da, xalqaro Jinoyat Sudi 2016 yil noyabrida Ukraina sharqidagi urush "Ukraina va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi xalqaro qurolli mojarodir", deya ajrim chiqardi.

Yevropa Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlar ham Ukraina ichki ishlariga aralashgani uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilgan.

XS
SM
MD
LG