Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2019, Тошкент вақти: 21:12

2018 yilda dunyo bo‘yicha 94 jurnalist o‘ldirildi, eng ko‘pi – Afg‘onistonda


Hindistonlik jurnalist Afg‘onistonda o‘ldirilgan hamkasblariga sham yoqmoqda

Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi (XJF) ma’lum qilishicha, 2018 yilda jurnalistlarning o‘z ishini bajarayotgan paytda o‘ldirilish hollari ortdi. Vaholanki, so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich ancha-muncha kamaygan edi.

Ushbu xavfli ro‘yxatda Afg‘oniston hamon yetakchilik qilib kelmoqda.

Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi (XJF) 31 dekabrda e’lon qilingan yillik hisobotida 2018 yilda 94 nafar jurnalist va OAV xodimi qasddan, bomba hujumi paytida o‘ldirildi yoki janglar bo‘layotgan joyda o‘qqa uchdi.

Qarorgohi Bryusselda joylashgan tashkilot xabariga ko‘ra, 2017 yili 82 jurnalist o‘ldirilgani hisobga olinsa, bu yilgi ko‘rsatkich ancha baland ekanini ko‘rish mumkin.

Bu 2012 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Olti yil muqaddam axborot vositalari xodimlaridan 121 nafari nobud bo‘lgan edi.

XJF 1990 yildan bu borada beri yillik hisob-kitob yuritib keladi.

2006 yili eng ko‘p – 155 nafar OAV xodimi o‘ldirilgani xabar qilingan edi.

2018 yili eng ko‘p – 16 nafar jurnalist Afg‘onistonda o‘ldirildi.

Undan keyin Meksikada 11 nafar, Yaman va Suriyada 8 nafardan jurnalist halok bo‘ldi.

O‘lganlarning 9 nafari aprel oyida Kobuldagi xudkushlik hujumi qurboni bo‘lgan edi.

Yana ikki nafari iyun oyida ikkinchi bomba portlashi oqibatida hayotdan ko‘z yumdi.

Ular Kobuldagi kurash o‘quv markazidagi portlashni yoritish uchun shoshilayotgan chog‘da ikkinchi bomba portlatib yuborilgan edi.

Jurnalistlar guvoh bo‘lgani uchun ham nishonga olinadi, − dedi XJF prezidenti Filipp Lerut Assoshieyted Press axborot agentligiga. – Buning oqibatida u yoki bu mamlakatda jurnalist yoki ko‘plab jurnalistlar o‘ldiriladi va u yerda ichki senzura ortib yetadi.

Qo‘shma Shtatlar Somali va Pokiston bilan birga 5 nafar jurnalist o‘limi bilan 6-o‘ringa chiqib ketdi.

28 iyun kuni Merilend shtatining Annapolis shahrida qurollangan kishi "Capital Gazette" gazetasining xabarlar bo‘limida 4 jurnalist va savdo-sotiq bo‘limi kichik xodimini otib o‘ldirdi.

"Vashington Post" gazetasi muxbiri va AQShda istiqomat qilayotgan Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

U Saudiya Arabistoni hukumatining muxolifi edi.

Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning tanqidchisi bo‘lgan Qoshiqchini 2 oktabrda Saudiyaning Istanbuldagi konsulligida ushbu mamlakatdan kelgan kallakesarlar o‘ldirdi.

Saudiya Arabistoni hukumati valiahd shahzodaning ushbu qotillikda qo‘li borligini inkor qildi.

Bu esa xalqaro jamoatchilik qoralashlariga sabab bo‘ldi.

Jamol Xashoggi taniqli arbob edi, lekin eng yomoni – har 10 o‘ldirilgan jurnalistdan 9 nafarining qotillari jazolanmay qoldi, ‒ dedi XJF prezidenti Lerut.

OAV xodimlari haqlarini himoya qiluvchi "Chegara bilmas jurnalistlar" tashkiloti 18 dekabrda 2018 yil butun dunyoda jurnalistlarga nisbatan "misli ko‘rilmagan" dushmanlik yili bo‘lganini ma’lum qildi

Joriy yilda halok bo‘lgan jurnalistlarning yarmidan ko‘pi "atay nishonga olindi".

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining oktabr oyida tarqatilgan hisobotidagi xulosaga ko‘ra, butun dunyoda so‘nggi o‘nyillikda 324 nafar jurnalistning "ovozi qotillik yo‘li bilan o‘chirildi". O‘sha holatlarning 85 foizida qotillar hech qanday javobgarlikka tortilmadi.

XS
SM
MD
LG