Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2019, Тошкент вақти: 06:23

Achchiq hosil: ko‘chatfurush shirkatlar ustidan jinoyat ishi ochildi, fermerlar sindi


2018 yili O‘zbekiston bo‘ylab jami 17 117 gektar maydonga qalampir ekildi.

Joylardan olingan xabarlarga qaraganda, qalampir ko‘chatini etkazib berish bilan shug‘ullangan bir necha shirkat mablag‘ni o‘zlashtirish va rastrata qilishda ayblanmoqda.

Qalampir yetishtirishni uddalagan kam sonli fermerlar esa, hosilini sotolmay singan.

Kanadada ishlayotgan o‘zbek olimining fikricha, “O‘zbekistonda achchiq qalampir yetishtirish g‘oyasi boshidanoq “faqat populizmga asoslangan noto‘g‘ri va noilmiy qaror” bo‘lgan.

Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan «D.D.» shirkati (MChJ) 3 milliard 148 million so‘mni o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj etgani aniqlangani ma’lum bo‘ldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasidan 2 yanvarda olingan ma’lumotga qaraganda, tilga olingan shirkat To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal’a va Amudaryo tumanlaridagi 431 ta fermer xo‘jaligiga achchiq qalampir ko‘chatlari yetkazib bermagan.

Prokuraturaga ko‘ra, birgina Beruniy tumanida 7 ta yuk avtomobiliga ortilgan narxi 2 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 70 milliondan ziyod qalampir ko‘chati chirib, ekishga yaroqsiz ahvolga kelib qolgani oqibatida chiqindixonaga tashlangan.

Ko‘chatlar, prokuraturaga ko‘ra, «D.D.» shirkati aybi bilan chirigan.

Buning ortidan Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan «D.D.» shirkati mansabdor shaxslari ustidan jinoiy ish ochilgan.

Bundan tashqari, Prokuraturadan olingan ma’lumotlarga ko‘ra¸«D.D.» shirkati mutasaddilari 352 nafar ko‘chat yetkazuvchiga 2 milliard 619 million so‘mni to‘lamasdan o‘z foydasiga o‘zlashtirishgan.

Prokuratura vakiliga ko‘ra¸ qalampir ko‘chati bilan bog‘liq mojaro birgina «D.D.» shirkati bilan bog‘liq emas. "Qoraqalpog‘iston bo‘ylab 6 530 926 080 so‘mlik 76 981 450 dona achchiq qalampir ko‘chati "xo‘jasizlik oqibatida chirib ketgan".

Ozodlikning «D.D.» shirkati bilan bog‘lanish yo‘lidagi urinishlaridan samara chiqmadi.

Samarqandda ham Qoraqalpog‘istondagiday

Ayni paytda, Samarqand viloyat, Urgut tumanidagi 177 ta fermer xo‘jaligida ham “qalampir uchun ajratilgan kreditlar o‘zlashtirilgani” yuzasidan ochilgan jinoyat ishi ochilgan.

Ishga tirkalgan hujjatlarda (Ozodlikda nusxasi mavjud) fermerlar ko‘chat yetishtirib beruvchi shirkatlarni ayblashgan.

Xususan Toshkent shahrida joylashgan “General Machinery Group” MChJ ayblov nishoni bo‘lgan.

Ozodlikda nusxasi bo‘lgan hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Urgut tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan “General Manchinery Group” MChJ faoliyati yuzasidan tekshiruv o‘tkazgan.

Tekshiruv davmomida tumandagi fermer xo‘jaliklarga tegishli bo‘lgan 70 million 200 ming so‘mlik pul mablag‘larini firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritilgani aniqlangan.

Natijada “General Manchinery Group” ustidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Urgut tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borayotganligi" aytildi.

“General Manchinery Group” nima dedi?

“General Manchinery Group” vakili Zulayho Musurmonova Ozodlik bilan 2 yanvardagi suhbatda “ishga mas’uliyatsizlik bilan qarab, shartnoma bitimlarini bajarmagan fermerlar va hozir ishi tergovda bo‘lgan Samarqand viloyat hokimi Turob Jo‘raev qalampir loyihasi barbod bo‘lishida asosiy aybdor ekanligini” bildirdi:

- Fermerlar yeri yo‘qligi va qalampir ko‘chatlarini ekishni istamaganliklari sabab, ularning aksariyati shartnoma imzolashdan bosh tortdilar. Bu esa o‘z-o‘zidan shartnomalarni tuzishda qiyinchiliklarni yuzaga keltirib chiqardi.

Zulayho Musurmonova prokuraturaning 70 million 200 ming so‘mlik pul mablag‘larini “General Manchinery Group” firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib olgan, degan xulosanini inkor qildi. Uning ta’kidicha¸ 2018 yilda Urgut tumani buyicha 139 ta fermer, dehqon xo‘jaliklari bilan tuzilgan shartnomaga asosan 12 636 600 dona achchiq qalampir ko‘chati yetkazib berilgan.

- Ammo yetkazib berilgan qalampir ko‘chati bo‘yicha Urgut tumanidagi fermer, dehkon xo‘jaliklar pulini to‘lamadi. Fermerlarning “General Manchinery Group” MChJ oldidagi qarzdorligi 252 967 000 so‘mni tashkil qildi¸ - dedi Musurmonova.

Ko‘chatlar fura ichida chirib ketdi

Suhbatdosh keltirgan raqam va faktlarga ko‘ra¸ respublika bo‘yicha jami 17 117 gektar maydonga ekilgan qalampirning asosiy qismi unmasdan chirib ketgani bois urug‘ yetishtiruvchilar ham fermerlar ham birday zarar ko‘rgan.

Musurmonova Ozodlik bilan suhbatda “mamlakat rahbariyati qalampirning kilosi dunyo bozorida 8 AQSh dollari degan uydirma xabarga uchib fermerlarga majburan qalampir ektirib katta zarar” ko‘rilganidan afsus bildirdi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ shu kunda jahon bozorida bir kilo achchiq qalampirning eng baland narhi 1 dollar 30 sentdan oshmaydi:

- Millionlab ko‘chatlar egalariga yetib bormay furalar (yuk mashinalari) ichida chirib ketdi. Zarar miqdorini sanab adog‘iga yeta olmayapmiz.

Noilmiy qaror

O‘simliklar yetishtirishga ixtisoslashgan Kanadadagi NovaBioRubber tadqiqot markazi xodimi, 48 yashar olim va tadbirkor Anvar Bo‘ronovning fikricha, “O‘zbekistonda achchiq qalampir yetishtirish g‘oyasi boshidanoq “faqat populizmga asoslangan noto‘g‘ri va noilmiy qaror” bo‘lgan.

- Dunyo bozorining qalampirga bo‘lgan ehtiyojini Hindiston ortig‘i bilan to‘ldirib qo‘yibdi. Dunyo bozorida bir kilo ham ortiqcha qalampirni sotishning deyarli iloji yo‘q¸ - dedi Anvar Bo‘ronov Ozodlik bilan suhbat davomida.

Prezident gapini Bosh vazir qonunlashtirdi

2017 yil dekabrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Qoraqalpog‘istonga borganida , eksportbop achchiq qalampirni ekish, buni respublikaning boshqa viloyatlarida ham yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergandi.

2018 yil 27 yanvarida Vazirlar Mahkamasining 62-sonli «Respublikada xorij tajribasi asosida achchiq qalampir yetishtirishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov imzo chekkan bu qarorda “Achchiq qalampirni yetishtirish, yig‘ishtirib olish, qayta ishlash va eksport qilishni tashkil etish Bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzaev zimmasiga yuklatildi.(Fermerlarni suvga tushirib va tosh ko‘tartirib izza qilgani ortidan Mirzaev ishdan bo‘shatilgan edi - tahr.)

Shundan so‘ng, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tarixida ilk marta achchiq qalampir ekish bo‘yicha ommaviy kampaniya start oldi.

Ozodlik suhbatlashgan to‘rtko‘llik fermer Yo‘ldoshvoy Qutlimurodov sovuq tushgani bois qalampir hosili nobud bo‘lgani va omon qolgan qalampir sotilmay axlatga tashlanganini Ozodlikka aytib berdi:

- Kilosiga 5 ming sarflangan qalampirni 2 ming so‘mdan ham sota olmadim. Zimmamda esa 50 million kredit turibdi. Agar buni uch oy ichida qaytarmasam MIB mol-mulkimni musodara qiladi.

XS
SM
MD
LG