Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:28

Ozodlik rus xizmatiga solingan jarima yuzasidan Rossiya Oliy sudiga shikoyat qiladi


Ozodlik qarorgohi, Praga.
Ozodlik qarorgohi, Praga.

Ozodlik radiosi rus xizmati o‘ziga Rossiyaning "xorij agentlari" qonuni asosida solingan 100 ming rubl jarima bekor qilinishini so‘rab, Rossiya Oliy sudiga shikoyat bilan murojaat qiladi.

13 dekabr kuni Moskva shahar sudi Ozodlikni jarimaga tortish qarorini o‘z kuchida qoldirgan edi.

Moskva sudi o‘tgan yilning 5 iyul kuni Ozodlik radiosi rus xizmatini "xorij agenti" to‘g‘risidagi qonunga amal qilmaganlikda ayblab, jarimaga tortgandi.

Xususan, sud Ozodlik 2017 yilning dekabrida Rossiya Adliya vaziriligi tomonidan "xorij agenti" o‘laroq qayd etilishi ortidan mamlakatdagi faoliyati haqida muntazam hisobot bermaganlikda aybdor deb topgan.

Moskva shahar Tver tuman sudi qaroriga asosan Ozodlik radiosi rus xizmati 100 ming rubl miqdorida jarima to‘lashga majbur bo‘ldi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2017 yilning noyabrida imzolagan qonun xorijdan moliyalashtiriladigan nashrlarni hamda nodavlat tashkilotlarni xorij agenti o‘laroq qayd etishga yo‘l ochib bergan.​

Ozodlik jarimani to‘ladi, ammo radio 15 aprelgacha Adliya vazirligiga yuborgan tinimsiz so‘rovlarga qaramasdan, tegishli formalarni hamda hisobot berish jarayonini o‘z vaqtida olmaganini aytmoqda.

Ozodlik kabi xorijda asos solingan yuridik shaxslar qay yo‘sinda hisobot berishi ko‘rsatilgan qoidalar 16 aprel kunigina e’lon qilingan.

G‘arb davlatlari hamda inson huquqlari faollari Rossiya hukumatini "xorij agentlari" to‘g‘risidagi qonun bilan mustaqil jurnalistlarga bosim o‘tkazayotganlikda ayblab keladi.

Ozodlik radiosining amaldagi prezidenti Deyzi Sindelar:

"Moskva shahar sudi qarori Rossiya rasmiylarining shirkatimiz hamda Rossiyadagi jurnalistlar faoliyatini cheklash maqsadida ko‘rgan navbatdagi chorasidir, - dedi Deyzi Sindelar. - Bizning maqsadimiz Rossiya va jahonda sodir bo‘layotgan hodisalar haqida betaraf, ob’ektiv xabar berishdir. Jurnalistlarimiz har qanday davlat agenti ekanini taxmin qilish xatodir".

Rossiya rasmiylar xorij agentlari haqidagi qonun AQShning Rossiya OAVga nisbatan bosimiga "simmetrik javob" ekanini aytib keladi.

O‘tgan yilning noyabr oyida Rossiya hukumati moliyalashtiradigan Russia Today (RT) telekompaniyasi "Chet el agentlarini ro‘yxatga olish to‘g‘risida"gi qonunga binoan qaytadan ro‘yxatdan o‘tishga majbur bo‘lgan edi.

AQSh razvedkasi RT kanalini propaganda bilan shug‘ullanishda ayblab keladi.

AQSh rasmiylarining ta’kidlashicha, AQSh va Rossiya qonunlari o‘rtasida farq bor, chunki Rossiya o‘z qonunidan hukumat erkin fikr almashinishiga qarshi kurashda foydalanmoqda.

Rossiya rasmiylari Ozodlik radiosi rus xizmati bilan bir qatorda “Amerika ovozi” nashrini hamda Current Time TV loyihasini ham xorij agenti o‘laroq ro‘yxatga olgan.

XS
SM
MD
LG