Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:33

OzodDayjest: Qurilish sohasi rahbarlari parlamentni o‘zlari to‘qigan ertakka ishontira olmadi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Deputatlar “arzon uylar” qurilishi jarayonini tanqid qildilar. Toshkent hokimi “monopoliya qiroli” deb ataldi. Marg‘ilondagi tarixiy yodgorlik omborxonaga aylanib qoldi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Parlament “arzon uylar” qurilishi jarayonini keskin tanqid qildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mamlakatda “arzon uylar” qurilishi jarayonini keskin tanqid qildi (“Darakchi”, 3 yanvar). Ushbu masalada Qurilish vaziri Abduqahhor To‘xtaev hamda “Qishloq qurilish invest” shirkati rahbari Qudratbek Hoshimbekov deputatlar savollariga javob bergan. Deputatlarga ko‘ra, “arzon” deb qurilayotgan uylar aslida tijoriy shirkatlar qurayotgan uylardan ham qimmatga sotilmoqda. Qayd etilishicha, pudratchilarning qurilish materiallarini majburiy ravishda avvaldan belgilangan bir-ikki tashkilotdan olayotgani uylarning qimmatlashib ketayotganiga sabab bo‘lmoqda. Qurilish shirkatlari materiallarni nega bir-ikki firmadan olishga majburlanayotgani borasidagi savolga Qurilish vaziri A. To‘xtaev tayinli javob bera olmagan. “Qishloq qurilish invest” shirkati arzon uylarni tarqatishda ham hukumat nizomini o‘zboshimchalik bilan buzib, turarjoylarni o‘zi istagan odamlarga bermoqda. Qonunchilik palatasi a’zolarining bu boradagi savoliga “Qishloq qurilish invest” shirkati rahbari Q. Hoshimbekov asosli javob berish o‘rniga deputatlarga o‘zi to‘qigan ertakni aytib bergan, ya’ni turli vajlarni keltirgan. Qayd etilishicha, deputatlar bu ertakka ishonmagan. Deputatlar arzon uylar qurilishi jarayonini bevosita o‘rganib chiqishi ma’lum qilingan.

Qarovsiz qolgan tarixiy yodgorlikdan aholi omborxona sifatida foydalanmoqda

Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi “Uzunhovuz” jome’ masjidi ko‘p yillardan buyon qarovsiz qolib kelmoqda (“Jamiyat”, 2018 yil 28 dekabr). Yodgorlik joylashgan mahalla raisi Anvarjon Boyxonovga ko‘ra, masjid ustunlari chirib, tomni bazo‘r suyab turibdi. Devorlar ham yorilib, ayanchli ahvolga kelib qolgan. Qo‘shni hovlilarda yashovchi aholi esa yodgorlikdan omborxona sifatida foydalanadi. XIX asrda bunyod etilgan “Uzunhovuz” jome’ masjidi 35x21 metr o‘lchamdagi yirik inshoot bo‘lib, ikkita qishki namozxona va unga yondosh serustun ayvondan iborat. Ushbu yodgorlikni asrab qolish va ta’mirlash masalasi esa mutasaddi idoralar e’tiboridan chetda qolmoqda.

Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev lobbi yo‘li bilan biznes yuritishda ayblandi

Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev lobbi yo‘li bilan biznes yuritayotgani iddao qilindi. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘n minglab obunachalarga ega Troll.uz cahifasiga ko‘ra, yangi yilda ham xorijdan O‘zbekistonga qandolat mahsulotlari, alyumin profillar, gaz va elektr plitalar, konditsioner, televizor, changyutgich, muzlatgich va boshqa maishiy texnika hamda elektronika mahsulotlarini olib kirishda 15 foizdan oshiq boj va aktsiz to‘lovlari saqlanib qolmoqda. Qayd etilishicha, katta tadbirkor sifatida tanilgan Toshkent hokimi lobbi yo‘li bilan yuqori stavkadagi boj va aktsiz to‘lovlarini saqlab turibdi. “Tasavvur qiling, London hokimining bir nechta zavodi va bizneslari bo‘lsa. Yo‘q-yo‘q... Bo‘lishi mumkin emas, axir bu biznes muhiti va raqobatga zid-ku!” deb yozadi Troll.uz sahifasi. “Shu hammasini bitta joyga to‘plab, “senlarga nima yetmayapti?” degan savol bersang-da... Shuncha yeding, qo‘y endi xalq sifatni va tanlovni ham bir ko‘rsin... Yetti yuz avlod nabiralariga yetadigan puling bo‘lsa. Insof ham kerak-da... deydigan odam yo‘q” deya kinoya qiladi sahifa muallifi, taniqli bloger Umid G‘afurov. Ushbu mavzuda munosabat bildirgan ko‘plab foydalanuvchilar Toshkent hokimini “monopoliya qiroli” deb ataganlar. Eslatib o‘tamiz, J. Ortiqxo‘jaev 2018 yil apreldan buyon O‘zbekiston poytaxtini idora etib kelmoqda. Hokimiyat tizimiga kelgunga qadar yirik biznes rahbari sanalgan J. Ortiqxo‘jaev “Artel” (elektronika va maishiy texnika), “Akfa” (alyumin profil mahsulotlari), “Srafers” (qandolat mahsulotlari) kabi shirkatlar egasi ekani aytiladi.

XS
SM
MD
LG