Линклар

Шошилинч хабар
08 декабр 2019, Тошкент вақти: 21:50

OzodDayjest: Namanganda ruxsatsiz shar’iy nikoh o‘qigan domla jarimaga tortildi


Illyustrativ surat.

Namangan shahrida FHDYo idorasida nikohdan o‘tmaganlarni shar’an nikohlagan domla ma’muriy javobgarlikka tortildi. Xalq artisti Munojat Yo‘lchieva nega sudga chaqirilgani ma’lum bo‘ldi. Matbuot dori vositalari yo‘riqnomalarining o‘zbek tilidagi varianti talabga javob bermasligi tanqid qilmoqda.

_____________________________________________________________

FHDYo idorasida qayddan o‘tmaganlarga shar’iy nikoh o‘qigan namanganlik domla jazolandi

Namangan shahri “Sohibkor” mahallasida yashovchi kelin-kuyovning shar’iy nikohini o‘qigan domla Hasan Ahmadjonov ma’muriy javobgarlikka tortildi (“Huquq”, 3 yanvar). Bu haqda viloyat prokuraturasi vakili Go‘zal Sharipova ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, kelin-kuyov amaldagi tartibga ko‘ra avval FHDYo idorasida nikohdan o‘tishi, so‘ngra shar’iy nikoh o‘qilishi lozim edi. Ammo kelin-kuyov faqat shar’iy nikohdan o‘tgan, xolos. Prokuratura nashriga ko‘ra, kelin-kuyov faqat shar’iy nikoh o‘qitgan hollarda ular ajrashib ketsa, kelin va uning zurriyoti ko‘chada qoladi, ularga na sud va na boshqa idoralar yordam bera oladi. Maqolada qonuniy nikohni mensimay, faqat shar’iy nikoh bilan cheklanish “katta qusur” deb atalgan.

Matbuot: Butun boshli farmatsevtika tizimida o‘zbek tilini biladigan tarjimon-muharrir yo‘qmi?

Dori vositalari yo‘riqnomalarining o‘zbek tilidagi varianti adabiy til maromlariga javob bermaydi (“XXI asr”, 2018 yil 29 dekabr). Odatda, rus tilidan tarjima qilinadigan yo‘riqnomalarda uslubiy g‘alizliklar va imloviy xatolar ko‘p uchramoqda. “Eng qiziq jihati, aksariyat dori-darmonlarga ilova qilingan yo‘riqnomalarni ko‘zdan kechirsak, rus tilidagilari aniq, ravon va tushunarli. O‘zbekcha ilovasini anglab, obdon tushunib olish uchun esa yana tarjimon kerak bo‘ladi! Nahotki, shunday katta imkoniyat va salohiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtikani rivojlantirish agentligi tizimida o‘zbek tilini puxta biladigan savodli tarjimon-muharrir topilmasa?” deb yozadi gazeta.

Xalq artisti Munojat Yo‘lchieva firibgarlik ishi yuzasidan sudga chaqirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchieva sudga chaqirilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. “Darakchi” nashri aniqlik kiritishicha, taniqli san’atkor firibgarlik ishi yuzasidan guvoh sifatida mahkamaga chaqirilgan. O‘zbekiston davlat konservatoriyasi bitiruvchisi bo‘lgan 23 yoshli Lutfulla Turdiev ikki nafar abiturientni konservatoriyaga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 12000 dollar pul so‘ragan. Mazkur summa “kerakli odamlar”ga pora sifatida berilishi aytilgan. L. Turdiev, shuningdek, konservatoriyaga kirishga talabgor ikki abiturientning ovozini xalq artisti Munojat Yo‘lchieva sinovdan o‘tkazishini bildirgan. L. Turdiev “xamir uchidan patir” sifatida 4000 dollarni olayotganda huquq-tartibot idorasi vakillari tomonidan ushlangan. Sudda guvohlik bergan Munojat Yo‘lchieva firibgarlikda ayblanayotgan L. Turdievni tanimasligi, ushbu voqea ro‘y bergan paytda Germaniyada xizmat safarida bo‘lganini aytgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudi sudyasi Muso Yusupovga ko‘ra, konservatoriyaga o‘qishga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs 2 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

XS
SM
MD
LG