Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2019, Тошкент вақти: 07:56

Ozodlik filmi: Shvetsiyada olti o‘zbek terrorizmda ayblanmoqda (VIDEO)


2018 yilning so‘nggi haftasida Shvetsiya prokuraturasi ikki o‘zbekistonlik: 46 yashar David Idrisson (Farhod Toshmuhammedov) va 30 yashar Baxtiyor Umarovga hamda bir qirg‘izistonlik - 39 yashar Otabek Abdullaevga terror hujumlarini tayyorlashda ayblov e’lon qildi.

Shuningdek, bu uchovlonga va yana boshqa uch o‘zbekistonlikka o‘zini "Islom davlati" ekstremist guruhiga moliyaviy ko‘mak berish ayblovi qo‘yildi.

Olti nafar ustidan sud Stokgolmda 7 yanvarda boshlandi.

Озодлик фильми: Швеция терроризмда айблаётган ўзбеклар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:25 0:00

Mahkamaning ilk kuni

Shved prokurorlari ayblanuvchilarning barchasini terrorni moliyalashtirish, uch nafarini Shvetsiya hududida terror hujumi uyushtirishda ayblamoqda.

"Agar bu terror hujumi amalga oshganida edi, Shvetsiyaga jiddiy zarar berishi mumkin edi", deya iqtibos keltirdi ayblov xulosasidan The Local nashri.

Stokholm sudida 7 yanvar kuni boshlangan mahkamaning ilk kunida ayblov xulosasi tinglandi.

Ayblovga ko‘ra, oltovlon IShIDning ("Islom davlati" ekstremist guruhi) terrorchilik amaliyotlarini moliyalashtirish uchun Shvetsiyadan tashqariga pul yuborgan.

Jumladan, ayblovda, o‘zbekistonlik 34 yashar Akromjon Ergashevning Turkiyada bo‘lgan vositachi orqali Suriyadagi IShIDni qo‘llovchilarga 18 ming shved kronasi (2 ming AQSh dollari miqdorida) pul yuborgani iddao qilingan.

Prokurorlar bu da’voga dalil o‘laroq mobil telefonga o‘rnatilgan chat dasturlaridagi yozishmalarni keltirgan.

Qolgan 5 ayblanuvchi, sudga kiritilgan hujjatlarda, o‘zbekistonlik 30 yashar Baxtiyor Umarov, 39 yashar G‘ulom Turdiev, 24 yashar Shoahmad Mahmudov, 46 yashar David Idrisson va qirg‘izistonlik 39 yashar Otabek Abdullaevlar deb ko‘rsatilgan.

Bulardan 3 nafari - Abdullaev, Idrisson (Toshmuhammedov) va Umarovlar Shvetsiyada terror hujumini uyushtirishda ham ayblanmoqda. Prokurorlarga ko‘ra, bularning mobil telefonlaridan Stokholmning odam gavjum nuqtalari aks etgan suratlar topilgan.

Ayblanuvchilarning hammasi o‘zlariga nisbatan ilgari surilgan ayblovlarni rad etmoqda.

Mahkama Stokholm sudining qattiq qo‘riqlanadigan xonasi - o‘q o‘tmaydigan xonalar va qo‘riqchilar bilan qurshalgan qismida o‘tkazilmoqda.

Mahkamada ayblanuvchilardan birining 2017 yilning aprelida Stokholm markazidagi olomonni mashina bilan bostirgan va 5 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan, ayni paytda, qamoq jazosini o‘tayotgan Rahmatjon Oqilovga aloqador bo‘lgani ham da’vo qilinmoqda.

Oqilov 2018 yilning iyun oyida umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

Kodli yozishma

2017 yilning 5 iyulida Shvetsiyada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik muhojir Farhod Toshmuhammedov (hozirgi ismi David Idrisson) va uning "Sayfulloh" taxallusli tanishi o‘rtasida Telegram messenjeri orqali yozishma bo‘lib o‘tadi.

Farhod Toshmuhammedov va "Sayfulloh" o‘rtasidagi yozishma
Farhod Toshmuhammedov va "Sayfulloh" o‘rtasidagi yozishma

Unda Farhod Toshmuhammedov tanishidan "mashina ustasi" topib berishni so‘raydi.

(Yozishma tahrirsiz ko‘chirilmoqda).

Farhod Toshmuhammedov: - Birodar utgan Xayitlar bilan. Tuylarga yaxshi borib keldizmi? Bir jiddiy maslaxat bor edi. Kachon gaplashsak buladi?

"Sayfulloh": - Va iyakum (Sizgayam – Tahr.) oka. Oka man xozir alokadaman yozuvring bugun men alokadaman. Lekin 3 kundan keyin kaytishim kerak joyimga.

- Bizaga moshina ustasi kerak. Ishini yaxshi biladigan. Mashina remontini urgataolidigan. Chetga chikolmayman. Xujjat umuman bermayapti.

- Oka ustalarni zurlari silardaku yoki sizga zaksga chikishga moshinani yasatib beradigan odam keremi?

- Xa tuyga.

- Oka agar xoxlasez kanaklib bezatib yasatishni uratadigan video tashaberaman va bazi zaksga moshina yasatadigan bratlar bilam aloka kilib kuyaman inshAllax.

- Alxamdulillax. J xoyr.

O‘shanda Farhod Toshmuhammedov oradan 9 oy o‘tib Shvetsiya prokuraturasi aynan mana shu yozishma asosida unga qarshi rasmiy ayblov ilgari surishini bilmas edi.

Ko‘rinishidan beozor bu yozishma Shvetsiya xavfsizlik politsiyasini hushyor torttirgandi: "Sayfulloh" Suriyaning "Islom davlati" (ID) nazorati ostidagi hududlaridan turib yozayotgandi.

ID jangarisi

Shvetsiya politsiyasiga ko‘ra, Botir Yusupov o‘tgan kuzda Suriyada halok bo‘lgan
Shvetsiya politsiyasiga ko‘ra, Botir Yusupov o‘tgan kuzda Suriyada halok bo‘lgan

Shved prokuraturasi xulosalariga asosan, Farhod Toshmuhammedov bilan "Sayfulloh"dan tashqari yana "Said-1", "Abu Nuh al O‘zbekiy", va "Battar" taxalluslari aloqada bo‘lgan shaxs o‘zbekistonlik Botir Yusupovdir.

Shvetsiya xavfsizlik xizmatlari Internetda ID axborot vositalari orqali tarqalgan xabarga tayanib, Botir Yusupovning 2018 yilning sentabr-oktabr oylarida Suriya hududida o‘ldirilganiga ishonch hosil qilganlar.

Farhod Toshmuhammedov va boshqa gumonlanuvchilar telefonlarida mavjud "Sayfulloh" va ID "shahid bo‘ldi" deya e’lon qilgan shaxs suratlari qiyoslanganda ulardan bir shaxs Botir Yusupov ekani aniqlangan.

Ikkala suratda ham bu shaxslar yuzining bir tarafidagi chandiq va ikkinchi tarafidagi kichik xoli ularning Botir Yusupov ekanligiga Shvetsiya prokuraturasida shubha qoldirmagan.

Shvetsiya, prokuraturasi bu va yana qator dalillarga tayanib, Farhod Toshmuhammedov va uning tanishlari bo‘lgan yana ikki muhojir - Otabek Abdullaev va Baxtiyor Umarovni bir yildan ko‘proq vaqt davomida Shvetsiyada terror hujumiga tayyorgarlik ko‘rganlikda ayblamoqda.

Gumonlanuvchilar

Farhod Toshmuhammedov - David Idrisson
Farhod Toshmuhammedov - David Idrisson

​Farhod Toshmuhammedov. Asli Toshkent shahridan. 46 yoshda. 2008 yilda Shvetsiyada boshpana olgan va nomini David Idrissonga o‘zgartirgan.

Otabek Abdullaev
Otabek Abdullaev

Otabek Abdullaev. 39 yoshda. Qirg‘iziston janubidagi Novqat tumanidan. Shvetsiyaga 2017 yilda Polsha ish vizasi bilan kelgan.

Baxtiyor Umarov
Baxtiyor Umarov

Baxtiyor Umarov. Toshkent shahridan. 30 yoshda. Shvetsiyaga ilk bor 2011 yilda oilasi bilan kelgan. Keyinchalik O‘zbekistonga qaytgan. Rossiya va Turkiyada istiqomat qilgan. 2016 yil 30 dekabrda Shvetsiyaga qaytib, boshpana so‘ragan.

Istanbuldan-Stokholmga

Baxtiyor Umarov Istanbuldan Shvetsiya tuprog‘iga oyoq qo‘yganidan bir kun o‘tib Istanbulda oxirgi yillarda Turkiyada kuzatilgan eng qonli hujumlardan biri sodir etildi.

Asli O‘zbekistonlik Abdulqodir Masharipov Istanbuldagi Reyna tungi klubiga qurolli hujum qilib, 39 odamni otib o‘ldirdi va yana 69 odamni yaraladi.

Истанбулдаги ҳужум учун масъулиятни ИШИД зиммасига олди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:24 0:00

​Keyinchalik ID mazkur hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi.

Shved politsiyasining qo‘lga kiritgan yozishmalarga tayanib ma’lum qilishicha, Baxtiyor Umarov tungi klubni qonga belagan Abdulqodir Masharipov bilan bir muddat bir kvartirada birga istiqomat qilgan.

Ammo, tergov paytida Baxtiyor Umarov Reynaga hujum qilgan shaxsni o‘zi tanigan boshqa bir shaxs bilan adashtirib yuborganini aytgan.

Ozodlik ixtiyoriga Shvetsiya politsiyasi qo‘lga kiritgan yana bir muhim hujjat kelib tushdi. Unda Baxtiyor Umarov Turkiyada bo‘lgan paytida Islom Davlati guruhining Suriyadagi o‘zbek tashviqotchilaridan biri Abu Jandal bilan Telegram messenjeri orqali bir necha oy davomida olib borgan yozishma va suhbatlari qayd etilgan.

Bu suhbatda Baxtiyor Umarov ham Farhod Toshmuhammedov singari "jihod" o‘rniga "to‘y" so‘zini ishlatadi.

Baxtiyor Umarov: Aka yaxshimisiz? Bormisiz subhanalloh. To‘yga ketuvmidinglar deymanda? Sog‘-salomatmisiz? Ha borman, o‘zingiz bir yo‘q bo‘lib ketasiz, bir keyin kelib "yozmaysiz" deysiz.

Abu Jandal: Bizam yuribmiz, u yerda bu yerda aylanib, sekin sayohat qilib... Ha o‘sha "ranen" bo‘lmaylik aka, duo qiling. Ketuvdik o‘sha ishlar bilan jihotimiz bor edi. Tortishib kelayapmizda u bilan bu bilan, eshaklar bilan... Najaslar... Yo‘l ochish kerak shu. Shunga harakat.

Shved prokuraturasiga ko‘ra, Baxtiyor Umarov, qalbaki Yunoniston pasportidan foydalanib, Turkiyaga pul jo‘natib turgan.

Ximikatlar va pasportlar

Prokuraturaga ko‘ra, 2018 yilning fevralida terror hujumini rejalashtirganlikda ayblanayotganlar ikkinchi odimni tashlaydilar:

Farhod Toshmuhammedov kasodga uchragan kompaniyadan auksion orqali bir necha yuz kilogram kimyoviy modda sotib oladi va ularni o‘zi yashab turgan Shvetsiya shimolidagi Stromsund shaharchasiga olib keladi.

Politsiyaga ko‘rga, bu ximikatlardan portlovchi va zaharlovchi moddalar tayyorlash mumkin edi.

Ammo, tergov xulosalaridan ma’lum bo‘lishicha, Farhod Toshmuhammedov "usta"ni to‘yda mashinani bezash uchun qidirganini aytgan.

Qisqa vaqt o‘tib Farhod Toshmuhammedov uchta soxta pasport sotib olishga urinadi.

Soxta pasport
Soxta pasport

Shved prokuraturasining ishonishicha, bu urinish Farhod Toshmuhammedov va uning sheriklarida hujumdan keyin mamlakatdan chiqib ketish rejasi bo‘lganini ko‘rsatadi.

Hujum nuqtalari

Farhod Toshmuhammedovning jinoiy sherigi sifatda ko‘rilayotgan Otabek Abdullaev ijtimoiy tarmoqlarga Stokholmning diqqatga sazovor va aholi gavjum joylari suratlarini joylab boradi.

Jumladan, Stokholm markaziy stansiyasi, T-savdo markazi va Scandinavia Mall Mall savdo markazi, politsiyaning ishonishicha, bo‘lg‘usi terror nuqtalari bo‘lgan.

Otabek Abdullaev telefonidan Stokgolmning gavjum joylari suratlari chiqqan
Otabek Abdullaev telefonidan Stokgolmning gavjum joylari suratlari chiqqan

Otabek Abdullaev, shuningdek, ID tashviqoti ramziga aylangan bolakay suratini joylashtirgan.

Bu suratlarni prokurorlar Otabek Abdullaevning qurolli hujumga tayyorgarlik ko‘rgani isboti sifatida ishlatmoqda.

Ayblov va inkor

O‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik gumonlanuvchilar iziga Shvetsiya maxfiy politsiyasi – Sapo tushgandi.

Ozodlik tahqiqoti davomida Baxtiyor Umarov telefoni 2017 yil avgustidan, Farhod Toshmuhammedov telefoni esa ayni yil oktabridan eshitib va o‘qib borilganini aniqladi.

2018 yilning 31 martida Shvetsiya politsiyasi Stokgolm va Stromsundda Baxtiyor Umarov, Farhod Toshmuhammedov va Otabek Umarovni hibsga oldi.

Keyin yana uch nafar o‘zbekistonlik muhojir hibsga olindi.

Olti nafarning barchasi ID ekstremist guruhiga pul yuborib turganlikda ayblanmoqda.

Ammo, hibsga olinganlar barcha ayblovlarni rad etmoqda.

Shvetsiya jinoyat kodeksiga muvofiq, terrorga bog‘liq ayblovlar uchun kamida to‘rt yildan bir umrgacha qamoq jazolari tayinlanishi mumkin.

XS
SM
MD
LG