Линклар

Шошилинч хабар
06 декабр 2019, Тошкент вақти: 03:13

Eski rahbarlari qamalib, ishonchli boshqaruvchiga o‘tgan "O‘zmetkombinat" yana tekshirilmoqda


Bekoboddagi O‘zbek metallurgiya kombinati

"O‘zmetkombinat"ning olti rahbar xodimi "davlat mulkini talon-taroj qilishda" ayblanib 2018 ning kuzida qamalgani ortidan kombinatning ishonchli boshqaruvini amalga oshirayotgan SFI Management Group xodimi ham rastratada ayblanib, joriy oy boshida ishdan chetlatildi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi vakili "shu kunlarda "O‘zmetkobinatda" kamomad va o‘g‘irlik fakti yuzasidan jinoyat ishi bo‘​yicha tergov olib borilayotganini" Ozodlikka bildirdi.

Kombinat xodimlaridan birining aytishicha, sotib olish bo‘yicha boshqarma boshlig‘i O. R. 2019 yil yanvari boshida o‘ta katta miqdordagi kamomad va davlat mulkini o‘zlashtirishda ayblanib, ishdan olingan. Bu ma’lumotni, o‘z manbalariga tayangan holda, toshkentlik jurnalist Sergey Yejkov ham Ozodlikka tasdiqladi. Ayni paytda kombinat kadrlar bo‘limi xodimi O. R. ning ishdan chetlatilganini bildirdi.

Kasal tuzataman deb kelganlar ham ayni kasalga chalindi

"O‘zmetkombinat"ning Ozodlik 9 yanvar kuni suhbatlashgan injeneriga ko‘ra¸ kombinatni tanazzuldan qutqarish uchun jalb qilinib, ishonchli boshqaruvchilik vakolati berilgan SFI Management Group "yaratilgan barcha sharoitlarga qaramasdan mavjud ahvolni o‘nglay olmagan":

- O. R. o‘sha yangi boshqaruv vakili. U hozir rastrata va o‘g‘irlikda ayblanib ishdan chetlashtirildi. Akaxonlari ko‘magida jinoyat ishi ochilmaydigan ko‘rinadi. U "nachalnik upravleniya po zakupkam" degan lavozimda ishlardi. U o‘zidan oldingi boshliqlar xatosini takrorlagani kombinatda jinoyatchilikka moyil muhitga to‘la barham berilmaganidan darak.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi vakili "shu kunlarda "O‘zmetkobinat"da kamomad va o‘g‘irlik fakti yuzasidan jinoyat ishi buyicha tergov olib borilayotgani" va bu jinoyat ishi Bosh prokuratura nazorati ostida ekanligini bildirdi.

Prokuratura ma’lumotnomasida shu kunlarda "O‘zmetkombinat" bo‘yicha olib borilayotgan jinoyat ishi figurantlari orasida O. R. ismli shaxs yo‘qligi aytildi.

"O‘zmetkobinat"ning kadrlar masalalari bo‘yicha mulozimi Ozodlik bilan suhbatda sotib-olish bo‘yicha boshqarma boshlig‘i O. R. yanvar oyida ishdan chetlatilganini aytish bilan kifoyalandi.

O. R. vakili bo‘lgan SFI Management Group ortida ikki qudratli o‘zbek turibdimi?

O‘zbekistondagi gazeta.uz nashriga ko‘ra, Rossiyadagi «USM Holding» shirkati rahbari Alisher Usmonov 2017 yilda SFI Management Group shirkatini "O‘zmetkombinat" boshqaruviga jalb qilgan.

Shotlandiyadagi nufuzli The Herald gazetasi o‘tgan yil noyabrda e’lon qilgan maqolasida SFI Management Group o‘zining yagona aksiyadori Shotlandiyada registratsiya qilingan shirkat - Quality Trade Supplies ekanini ko‘rsatgan.

2018 yilning 22 avgustida davlatga qarashli “O‘zbekiston 24” kanali namoyish qilgan “Daxldorlik tuyg‘usi” deb nomlangan maxsus ko‘rsatuvda SFI Management Groupning rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga aloqadorligi aytilgan.

Shotlandiyada chiqadigan gazetada 13 noyabr kuni bosilgan maqolaga ko‘ra¸ asli o‘zbekistonlik yana bir milliarder - Belgiya vatandoshi Fattoh Shodievning ham SFI Management Groupga aloqadorligi aytiladi.

Ishonchli boshqaruvchiga berilgan imtiyozlar

O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 15 sentabridagi №PP-3277 qaroriga ko‘ra «O‘zmetkombinat»ning davlatga oid ulushi SFI Management Groupga ishonchli boshqaruvga berilgan.

Ayni qaror asosida ¸ SFI Management Groupga soliq va kredit imtiyozlari berilgan. Shuningdek, prezidentning №PP-3277 qaroriga binoan mamlakatdagi ikkilamchi rangli va qora metall chiqindilarni qayta ishlash huquqi ham SFI Management Groupga berib qo‘yilgan.

«Kombinatni jinoiy guruh boshqargan»

Ozodlik tasarrufidagi sud-tergov hujjatlarida "O‘zmetkobinat"ni 2017 yilga qadar boshqargan va o‘sha yil 25 avgustda hibsga olingan rahbarlar "jinoiy guruh tuzib kombinat mol-mulkini keng ko‘lamda talon-taroj qilgani" yozilgan.

"O‘zmetkombinat" sobiq direktori Alik Nuriddinov
"O‘zmetkombinat" sobiq direktori Alik Nuriddinov

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat, Bekobod shahar sudi 2018 yilning 5 noyabrida chiqargan hukmga ko‘ra¸ kombinat sobiq direktori Alik Nuritdinov "tashkil qilgan jinoiy uyushmaning tizim rahbarlari M. Sarkisyans¸ B. Karimjonov¸ X. Ahmedov¸ R. Mirzajonov¸ M. Karimov o‘zlariga bo‘ysunadigan 49 sub’ektning mansabdor shaxslari bilan jinoiy til biriktirib davlatga 810¸ 7 milliard so‘m zararni qasddan yetkazishgan".

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi kotibi Ozodlikka taqdim qilgan hujjatga ko‘ra¸ "O‘zmetkombinat"ning 6 nafar sobiq xodimi O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 167- moddasi bo‘yicha (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish) aybdor deb topilib 5 yilgacha bo‘lgan muddatda ozodlikdan mahrum qilingan.​

Jinoyat ishi tarkibidagi bir epizod: "Olma ishi"

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat, Bekobod shahar sudidan "O‘zbmetkombinat"ga 2018 yilning 27 noyabrida kelgan xususiy ajrimda (Ozodlikda nusxasi mavjud)¸ eski rahbariyat tender o‘tkazmay, otkatlar evaziga Germaniyadan qimmat ehtiyot qismlar olib kelish, kombinatning Nizom jamg‘armasidagi pullarni o‘zlashtirish, kombinatning profiliga xos bo‘lmagan mahsulot oldi-sotdisi bilan shug‘ullanish kabi jinoyatlarni qasddan sodir etgani.

“Jinoyatning sabablari va sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish to‘g‘risida”, deb nomlangan sud ajrimi «O‘zmetkombinat» hududida ayni tarzdagi jinoyat qayta sodir bo‘lishining oldini olish maqsadida kombinat rahbariyatiga jo‘natilgan.

Xususiy ajrimda aytilishicha, eski rahbariyat, masalan, olma oldi-sotdisidan kamida 700 ming dollar o‘zlashtigan.

Ajrimda, jumladan, bunday deyilgan:

«O‘zmetkobinat» rahbariyati «Fruit Dance” MChJ ta’sischisi G‘anisher Quchqunov bilan “davlat manfaatlariga zid tarzda jinoiy boyish maqsadida oldindan til biriktirib 2 ming tonna olmani sotish haqida soxta shartnoma tuzib 18 milliard 710 million 332 ming so‘mni o‘zlashtirishgan”.

Hujjatga ko‘ra¸ bu summaning 5 milliard 450 million so‘mi “Oloy bozoridagi valyuta qora bozorida 700 ming AQSh dollariga almashtirilgan va yoniga yana 3 milliard so‘m qo‘shib ulush sifatida kombinat (hozirda sobiq - tahr.) rahbari Alik Nuritdionov va kombinat hisobchisi (hozirda sobiq - tahr.) Tohir Bobonazarovga berilgan".

Sudning xususiy ajrimi muhokama qilindi

Ozodlik tasarrufida mavjud hujjatga ko‘ra, o‘tgan yilning 21 dekabrida "O‘zmetkombinat"ning yangi rahbariyati Bosh prokuraturaning uyushgan jinoyatchilik bilan kurash boshqarmasi vakili ishtirokida majlis o‘tkazib, kombinat ichidagi kriminal atmosferaga barham berish masalalarini muhokama qilgan.

Ozodlikda ushbu majlisning 44- raqamli bayonnomasi bor. Bayonnomada yozilishicha o‘tgan yilning avgust va noyabr oylarida kombinatdagi tovar-moddiy boyliklarni o‘g‘irlash bo‘yicha ikki hodisa va odam o‘limi bo‘yicha bir hodisa qayd qilingan. Bu hodisalarning oldini olmagan rahbar xodimlarga “xayfsan” e’lon qilingan.

21 dekabrdagi majlisda «O‘zmetkombinat»ning sobiq rahbarlari qilgan jinoyatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod shahar sudi chiqargan ajrim asosida alohida muhokama qilingan.

XS
SM
MD
LG