Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:29

OzodDayjest: Vazir o‘rinbosari ishchilar o‘limiga e’tiborsiz mas’ullarni “dordan qochganlar” deb atadi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari ishlab chiqarish jarayonida baxtsiz hodisalarni kamaytirish uchun rahbar javobgarligini oshirishni taklif etdi. Samarqand hokimi qorovul va farroshlarni himoya qilib chiqdi. Toshkent va Xorazmda mansabdorlar pora bilan ushlandi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Parlament ishlab chiqarish jarayonida o‘lim holati ko‘payayotganidan xavotirda

O‘zbekistonda 2018 yili ishlab chiqarish jarayonida 210 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan (“Darakchi”, 10 yanvar). Aksar hollarda o‘lim bilan yakunlangan baxtsiz hodisalar 2017 yilga qaraganda ko‘paygan. Bu esa xavotirlidir. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavluda Xo‘jaevaga ko‘ra, ish joylaridagi baxtsiz hodisalarga mehnat xavfsizligi qoidalariga rioya etilmasligi va dastgohlarning nosozligi sabab bo‘lmoqda. Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umurzoqov bu kabi fojialarni kamaytirish uchun rahbar javobgarligini oshirishni taklif etgan. Vazir o‘rinbosari mehnat xavfsizligiga mas’ul xodimlarni ham imtihondan o‘tkazish lozimligini aytgan. “Ko‘pgina tashkilotlarda mehnat xavfsizligi bo‘yicha mas’ul lavozim bor. Bu lavozimda kim ishlaydi, deb so‘rasangiz, “dordan qochganlar” deb javob berishim mumkin. Hech qaerda obro‘-e’tiborga ega bo‘lmagan odamlar ishlaydi”, degan B. Umurzoqov. Vazir o‘rinbosari bevosita o‘zi nazorat qilayotgan tizimni “dordan qochganlar”dan tozalash bo‘yicha shaxsan qanday choralar ko‘rayotganiga aniqlik kiritmagan.

Samarqand hokimi qorovul va farroshlar rag‘batdan chetda qolayotganini tanqid qildi

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov tashkilot va idoralardagi qorovul, farrosh, haydovchi va boshqa texnik xodimlar rag‘bat va e’tibordan chetda qolayotganini tanqid qildi (Zarnew.uz – “Zarafshon” gazetasi sayti, 5 yanvar). “Garchi xizmati muhim bo‘lsa-da, ularga e’tibor yetarli emas. Maoshi juda kam bo‘lgani uchun bu kasb egalari idoraga nomigagina kelib ketadi, sidqidildan ishlamaydi. Ko‘p jamoalarda ularning munosib sharoitda ishlashi, dam olishi uchun imkoniyat yaratilmagan, ish qurollari, maxsus kiyim uchun mablag‘ ajratilmaydi. Bunday toifadagi kishilar bayramlar munosabati bilan rag‘batlantirishda ham esdan chiqib qoladi”, degan E. Turdimov. Samarqand viloyati hokimi tashkilotlar rahbarlari va kasaba uyushmasini ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratishga undagan.

Viloyat hokimligi mulozimi 5000 dollar pora bilan ushlandi

​Toshkent viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari J. N. katta miqdorda pora bilan ushlandi (“Postda”, 5 yanvar). Bu haqda IIV jinoyat-qidiruv bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Muzaffar Mahmudov ma’lum qiladi. O‘zbekiston vatandoshi Toshkent viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasiga Bo‘stonliq tumanidagi bo‘sh turgan yerda turistik zona tashkil etish taklifi bilan murojaat qilgan. Idora mansabdori esa 3 gektar yer ajratish evaziga tadbirkordan 5000 dollar pora talab qilgan. Qayd etilishicha, ismi oshkor etilmagan hokimlik rasmiysi tezkor tadbir davomida jinoyat ustida ushlangan. Mansabdorga nisbatan Jinoyat kodeksining bir necha moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani xabar qilingan. IIV vakiliga ko‘ra, 2018 yilning 6 oktabr kuni aynan yer ajratishga oid ish bo‘yicha Xiva shahri hokimining o‘rinbosari O. Sh. ham xizmat xonasida 2000 dollar pora bilan qo‘lga olingan.

XS
SM
MD
LG