Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:41

OzodDayjest: O‘zbek jurnalisti Grigoriy taqvimi oy nomlarini o‘zgartirishni taklif qilmoqda


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

MIB rahbari elektr energiyasi va ta’minotida o‘zibo‘larchilik avj olganini e’tirof etdi. Grigoriy taqvimi oy nomlarini o‘zgartirish taklif etildi. Qo‘shiqchi Sanjey “Karvon ko‘rdim”ning yangi talqiniga oid tanqidlarga javob berdi.

_____________________________________________________________

MIB rahbari elektr va gaz ta’minotida o‘zibo‘larchilik avj olganini tan oldi

Majburiy ijro byurosining Toshkent shahri boshqarmasi boshlig‘i Erkin Xolmatov elektr energiyasi va gaz ta’minotida qing‘irliklar va o‘zibo‘larchilik avj olganini tan oldi (“Huquq”, 10 yanvar). Qayd etilishicha, yaqingacha elektr va gaz idorasi xodimlari qing‘irliklar qilib, ma’lum haq evaziga energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini xaspo‘shlab kelgan. Shuningdek, aslida qarzi bo‘lmagan iste’molchilar gardaniga qarz yuklash amaliyoti ham avj olgan. Qayd etilishicha, MIB tashkil etilgach, energiya resurslarini talon-toroj qilish holatlariga murosasiz munosabatni shakllantirish, mavjud tartibni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish choralari ko‘rilmoqda. MIB vakiliga ko‘ra, 2018 yilda birgina Toshkent shahri bo‘yicha iste’molchilardan energiya resurslari va suv ta’minoti bo‘yicha 2,7 trillion so‘m undirilgan.

Grigoriy taqvimi oy nomlaridan voz kechib, Navoiy, Ulug‘bek kabi nomlar berish taklif etildi

Grigoriy taqvimiga oid oy nomlari o‘zbek milliy qadriyatlariga yot va shu bois ularni o‘zgartirish kerak, deb hisoblaydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Asror Mo‘min (“Adabiyot gazetasi”, 2 yanvar). Muallif ayni paytda amalda bo‘lgan oy nomlarini quyidagi tartibda atoqli otlarga o‘zgartirishni taklif qilgan: yanvar – Vatan, fevral – Navoiy, mart – Ulug‘bek, aprel – Amir Temur, may – Xorazmiy, iyun – Zulfiya, iyul – Buxoriy, avgust – Ibn Sino, sentabr – Beruniy, oktabr – Farg‘oniy, noyabr – Jaloliddin, dekabr – Avesto. “Qadriyatlarimizga mos taqvim yaratishimiz kechiktirib bo‘lmaydigan hayotiy zarurat. Qachongacha har oyda qadimgi rimliklar taqvimi, ularning xudo va imperatorlarini eslaymiz?” deb yozgan muallif.

Qo‘shiqchi Sanjey Sherali Jo‘raevning ashulalarini o‘g‘irlab olgani haqidagi ayblovlarga javob berdi

Qo‘shiqchi Sanjey (Sanjar Javberdiev) mashhur hofiz Sherali Jo‘raevning “Karvon ko‘rdim” qo‘shig‘ini zamonaviy uslubda kuylagani va she’r matnini ruxsatsiz o‘zgartirgani bois ijtimoiy tarmoqda keskin tanqidga uchragan edi. Xonanda “Darakchi” nashri orqali o‘ziga nisbatan tanqidlarga javob berdi. Sanjeyga ko‘ra, u “Karvon ko‘rdim” qo‘shig‘ini Sherali Jo‘raev bilan birgalikda kuylash taklifi bilan hofizning o‘g‘illari orqali unga murojaat qilgan. Ammo hofizdan javob bo‘lmagach, o‘zi kuylashga qaror qilgan. Xonanda qo‘shiq matni shoir Usmon Azimga tegishli ekanidan bexabar ekani, endilikda matnga kiritilgan o‘zgarishlar bo‘yicha muallif bilan kelishishga tayyor ekanini bildirgan. Navoiy viloyatida tug‘ilgan Sanjar Javberdiev 15 yil davomida Rossiya Federatsiyasi, xususan, Chechenistonda yashagan. Xonanda bundan avvalroq soqolli ekani bois unga “O‘zbekkontsert” rahbariyati litsenziya bermayotgani yuzasidan prezident Shavkat Mirziyoevga videomurojaat yo‘llagani bilan tilga tushgan edi.

XS
SM
MD
LG