Линклар

Шошилинч хабар
14 ноябр 2019, Тошкент вақти: 00:26

Tojikistonda faqat soqolini oldirgan yoshlargina pasportli bo‘lmoqda


Tojikiston hokimiyat idoralari uzun soqolli kishilarga qarshi bir necha yildan beri davom etib kelayotgan kampaniyani kuchaytirganlikda ayblanmoqda. Soqolini olmay suratga tushgan kishilarga chet el pasporti berilmayapti.

Prezident Emomali Rahmon soqol qo‘yishni tanqid qilgan edi.

Markaziy Osiyoning ushbu eng qashshoq mamlakatidagi amaldorlarning aksariyati soqol qo‘yishni chetdan olib kelingan, mahalliy odatlarga zid hamda diniy yoki boshqa ekstremizm alomati deb hisoblaydi.

So‘ngi bir hafta ichida o‘nlab tojiklarning “Ozodlik” radiosi Tojik xizmatiga xabar qilishicha, pasport beruvchi idoralar rasmiylari ulardan chet el pasportini olish uchun soqolini oldirib kelishni talab qilgan.

‒ Ular menga Davlat viza va ro‘yxatga olish boshqarmasida, soqolli erkak faqat 60 yoshdan oshgan bo‘lsa, pasport olishi mumkin, deb aytdi, ‒ dedi Soleh Navro‘zov. Soqoli bilan tushgan rasmini olib borganida unga pasport berilmagan.

Bunaqa holatlar juda ko‘p.

2011 yili futbolchi Parviz Tursunov soqolini olishni istamagani uchun Tojikiston milliy chempionati o‘yinlaridan biriga qo‘yilmagan.

U shundan so‘ng Tojikistondan Dubayga ketib qoldi. Keyinchalik Yevropadan boshpana so‘rashga majbur bo‘ldi.

Tojiklarning taxminan 97 foizi – musulmonlar, ammo sho‘rolar hukmronlik qilgan 70 yil mobaynida diniy faoliyat keskin cheklandi.

Tojik rasmiylari erkaklarning soqol qo‘yishini tanqid qilgani yetmaganday, muslimalarning hijobi singari “chetdan olib kelingan” kiyinish usullariga ham qarshi chiqmoqda.

8,5 million aholisi bo‘lgan Tojikistonda Rahmon dunyoviy madaniyat tarzini yoqlamoqda.

So‘nggi yillarda Suriya va Iroqdagi Islom davlati (ID) va boshqa radikal tashkilotlar saflariga ushbu mamlakatdan juda ko‘p jangarilar borib qo‘shildi.

Rahmon 2017 yilgi televidenie orqali murojaatida tojiklarni soqol qo‘ymaslik va hijob o‘ramaslikka da’vat qildi.

U Allohni soqol qo‘yish singari “tashqi belgilar bilan emas, “yurak bilan sevish kerakligi”ni aytdi.

Soqol qo‘ymaslikni oktabr oyida Tojikistonning hukumat tayinlagan islom kengashi raisi Saidmukarram Abdulqodirzoda ham qo‘llab-quvvatladi.

So‘nggi yillarda politsiya yoki xavfsizlik kuchlari vakillari ko‘chalarda minglab tojik erkaklarini tutib olib, soqolini olishga majbur qildi.

Tojikiston ichki ishlar vazirligi Xatlon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Sharifzodning 2015 yili ma’lum qilishicha, o‘sha yili soqoli olinishidan oldin 13 ming erkakning shaxsi aniqlanib, barmoq izlari olingan.

Yaqinda Rossiyaga ketayotgan tojik migrantlariga nisbatan ham shunday qilindi. Rossiya chegarachilari Rossiya-Qozog‘iston chegarasida tojiklardan soqolini olishni talab etgan, hatto ularning qo‘liga ustaralar bergan.

XS
SM
MD
LG