Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:37

“O‘zbekiston havo yo‘llari”ga qarashli yana bir Dreamliner ishdan chiqdi


Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasiga qarashli Boeing 787-8 Dreamliner uchqichi 11 yanvar kuni Dubaydan uchib kelgandan so‘ng¸ reysdan olindi.

Milliy aviakompaniyadagi vaziyatdan xabardor mulozimlarning bu xabariga xalqaro parvozlarni jonli rejimda kuzatuvchi mustaqil saytlar ma’lumotlari, aniqrog‘i, reysdan olingani aytilayotgan bortning 11 yanvardan boshlab parvoz qilgani qayd etilmagani dalil bo‘lishi mumkin.

Registratsiya raqami UK-78701 bo‘lgan bu uchqich¸ keyingi oy ishdan chiqqan “O‘zbekiston havo yo‘llari” shirkati ixtiyoridagi ikkinchi Dreamlinerdir.

Hozircha Uzbekistan Airways rahbariyati hali ikki yil ham ishlatilmagan eng qimmat yo‘lovchi uchqichlarining ketma-ket ishdan chiqayotgani haqidagi Ozodlik savollariga javob bermadi.

Ikkinchisi ham buzildi

Ozodlik Dreamliner uchqichining “O‘zbekiston havo yo‘llari” tomonidan ikki yil ishlatilib-ishlatilmay motori buzilgani haqida xabar qilganidan ikki hafta o‘tib¸ shirkatdagi vaziyatdan xabardor aviatsiya mutaxassisi ikkinchisining ham ishdan chiqqanini xabar qildi.

Juma kuni registratsiya raqami UK-78701 bo‘lgan Dreamliner Dubaydan uchib kelishi bilan¸ angarga olindi. Uning motoridan ham qirindi topildi. UK-78702 motorini almashtirish uchun Amsterdamda qolayapti¸ UK-78701 raspisaniedan chiqarildi¸ bu ketishda yaqinda uchinchi Dreamliner ham o‘tirib qoladi”¸ dedi aviatsiya sohasidagi o‘zbekistonlik mutaxassis shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab.

Bu xabarni parvozlar yo‘nalishini kuzatuvchi mustaqil saytlar ham tasdiqladi.

Parvozlar monitoringi bilan shug‘ullanuvchi mustaqil manbalar¸ birinchi marta 2017 yil 13 iyulida reysga qo‘yilgan Boeing 787-8 (UK-78701) uchqichining¸ 11 yanvargacha har kuni uchgani¸ ammo 11 yanvardan beri havoga ko‘tarilmaganini ko‘rsatadi.

flightradar24.com saytidagi UK-78701 raqamli Boeing 787-8 Dreamliner uchog‘ining keyingi 7 kunlik parvoz jadvali.
flightradar24.com saytidagi UK-78701 raqamli Boeing 787-8 Dreamliner uchog‘ining keyingi 7 kunlik parvoz jadvali.

Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi ixtiyoridagi uch Dreamliner (to‘rtinchisiga buyurtma berilgan – tahr.)dan ikkitasining ikki yilga borar-bormay parvozlar jadvalidan chiqarilgani¸ Ozodlik suhbatlashgan mutaxassisga ko‘ra¸ shirkat rahbariyatining vaziyatning jiddiyligini tushunmayotgani ifodasidir.

Birinchi Dreamliner buzilganida Ozodlik orqali mutaxassislar “Havo yo‘llari” rahbariyatini ogohlantirdi¸ ammo ular buni inobatga olishmadi. Buning o‘rniga¸ «hech qanaqa muammo yo‘q¸ Ozodlik ertak aytdi»¸ degan bayonot qilishdi. Agar ular tez kunda tegishli qaror qabul qilmasa¸ vaziyat juda-juda ayanchli tugashi mumkin”¸ dedi Ozodlik suhbatdoshi.

Mutaxassis ta’kidicha¸ dvigatel ichiga qirindi tushib¸ uning kurakchalarining qayrilishi tezda ikkinchi dvigatelga ham ta’sir qilib¸ parvoz paytida ikkala dvigatelning ham ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin.

Hozircha motorga qirindining qaerdan tushganini aniqlasha olmayapti. Analiz uchun Germaniyaga yuborishdi. Javob kelishini kutib turishipti¸ keyin bir to‘xtamga kelishadi. Uzoqqa uchish uchun ishlab chiqarilgan samolyotdan 3-4 soatlik qisqa masofada foydalanishda davom etishaversa¸ qolgan dvigatellar ham yaqin orada ishdan chiqadi”¸ dedi mutaxassis.

Ozodlik 24 dekabrdan beri ikkita Dreamliner uchog‘ining ayni bir xil – motor muammosi bilan reysdan olinganiga oid savollarni Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi matbuot xizmati rahbariga Telegram kanali orqali yo‘lladi – ammo kun davomida bu va oldingi savollarga shirkat rasmiylaridan javob bo‘lmadi.

“Orzu layneri” orzusi nega uzoqqa cho‘zilmadi?

26 dekabr kuni UK-78702 raqamli uchqich motorining ikki yilga bormay buzilganiga sharh bergan O‘zbekiston aviatsiyasi mutaxassisi¸ Dreamliner ishdan chiqqani uchun “O‘zbekiston havo yo‘llari” rahbariyati¸ xususan¸ tijorat departamentini ayblagan edi.

Dreamliner bir uchishda 13 ming kilometrgacha uchadigan dvigateli kuchli samolyot. Uning tijoriy qimmati ham uzoqqa uchishi va yonilg‘i tejashida. Dunyoning aksar aviakompaniyalari Dreamlinerni aynan 10 ming kilometrdan uzoq reyslarga qo‘yish uchun sotib oladi. “Havo yo‘llari” Dreamlinerlarni Moskva¸ Istanbul¸ Dubay va Pekin kabi 5000 kilometrga ham etmaydigan masofaga uchirib¸ allaqachon uning motorini ishdan chiqardi. Uchishi kerak bo‘lgan masofaning yarmiga ham uchmasa¸ dvigatel ikki baravar tez ishdan chiqadi”¸ degan edi Ozodlik gaplashgan mutaxassis.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasining o‘shandagi raisi Valeriy Tyan tashabbusi bilan Toshkent dunyoning eng qimmat uchqichi hisoblangan (2018 yilgi narxi 239 million AQSh dollari -tahr.) to‘rtta Dreamlinerga buyurtma bergan.

Ularning ikkitasi 2016 yil oxirlarida Toshkentga yetkazilib¸ 2017 yildan ekspluatatsiyaga qo‘yilgan bo‘lsa¸ uchinchi qimmatbaho uchqich 2018 yil may oyida Shavkat Mirziyoevning AQSh safari nihoyasida Toshkentga uchib borgan edi.

XS
SM
MD
LG