O‘zbekistondagi “Xalqaro forumlar saroyi” va “Bunyodkor” stadioni qurilishlarini amalga oshirib pulini ola olmagan 24 ta nemis shirkatini tamsil qilgan 53 yashar tadbirkor Valdemar Kisner Ozodlik bilan suhbatda eski qarzlar masalasida O‘zbekistonning yangi rahbariyatiga talabi yo‘qligini aytdi.
Suhbat davomida nemis tadbirkori O‘zbekiston hukumatiga e’tirozi yo‘qligini urg‘ulab¸ “O‘zbekiston hukumati emas Shveysariyaning “Zeromax” shirkati bizdan qarzdor” dedi. 14 yanvar kuni Berlindagi nemis-o‘zbek biznes forumida qatnashib¸ yuqori mansabli o‘zbek amaldorlari bilan nemis kreditorlari masalasini muhokama qilgan Valdemar Kisner O‘zbekistondagi yangi loyihalar borasida bitim tuzganidan mamnun.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Germaniyaga tashrifi arafasida yirik nemis gazetasi Süddeutsche Zeitung (Zyuddoyche Tsaytung) Toshkentdagi hashamatli saroy qurilishida ishtirok etgan nemis shirkatlari shartnoma bo‘yicha o‘nlab millionlab yevro miqdordagi haqlarini hanuz olisholmayotgani haqida yozgan edi.
Maqola muallifi Daniel Bryossler, Toshkentdagi “Xalqaro forumlar saroyi” qurib bitkazilganidan o‘n yil o‘tib ham, millionlab yevro haqlari berilmagan o‘rtahol nemis shirkatlari, bugunga kelib siyosatchilarning yordamidan umidvor ekanini ta’kidladi.
Bu asnoda "Erkin Demokratlar" partiyasidan parlament a’zosi Renata Alt (Renata Alt) Germaniya federal hukumatiga, prezident Mirziyoev bilan uchrashuvda qarzlar masalasini ko‘tarish yuzasidan so‘rov jo‘natgani o‘rtaga chiqdi.
"Eski qarzlar uchun yangi rahbariyat aybdor emas"
Toshkentdagi "Xalqaro forumlar saroyi" va “Bunyodkor” sport parki (Bunyodkor stadioni nazarda tutilmoqda - tahr.) qurilishi uchun o‘n yildan buyon o‘z ish haqlarini ololmayotgan 24 shirkatni tamsil qilgan Valdemar Kisner "haq to‘lanmaganlik” masalasi ikki davlat iqtisodiy aloqalariga soya solmasligi zarur¸ dedi:
- Avvaliga raqamlarga aniqlik kiritsam. Umumiy qarz gazetada yozilganidek 130 million emas 72 million yevro. Buning 60 millioni “Forumlar saroyi” va 10 millioni “Bunyodkor” sport parki uchun. Bu inshootlarni qurish uchun biz 2009 yilda O‘zbekiston hukumati bilan emas¸ Shveysariyadagi “Zeromax” shirkati bilan shartnoma tuzganmiz. “Zeromax” shirkati rahbari qamoqqa olinib, hisob raqamlari muzlatilgani ortidan 24 ta nemis shirkatiga haq to‘lanishining imkoni bo‘lmadi. Bugungi kunga kelib “Zeromax” shirkatining nemis kreditorlari oldidagi qarzi 72 million yevro. Men O‘zbekistonda 20 yildan beri faoliyat olib boraman. Bugungi mavzumiz bizga qarzdor bo‘lgan shirkat haqida. Hozir bu qarzni qaytarish imkoni paydo bo‘ldi¸ deydi tadbirkor.
“Qamoqdan chiqqan Mirodil Jalolov bilan uchrashdim”
“Xalqaro forumlar saroyi” qurilishiga rahbarlik qilgan Valdemar Kisner joriy yilning 8 yanvarida DXX Tergov hibsxonasidan ozod qilingan “Zeromax” shirkatining sobiq bosh ijrochi direktori 53 yashar Mirodil Jalolov bilan Toshkentda uchrashib qarzlarni uzish borasida gaplashganini aytadi:
- Men Mirodil Jalolov bilan Toshkentda uchrashdim. U bilan muzokoralar olib bordim. U men uchun “Zeromax” shirkati rahbaridir. Biz O‘zbekiston davlatidan hech narsa talab qilmayapmiz. Huquqiy tarafdan biz Shveysariyaning “Zeromax” shirkati bilan shartnoma tuzganmiz. Hozir bankrot komissiyasi bu masalani ko‘rib chiqyapti. Fursatdan foydalanib aytib qo‘ysam. O‘zbekiston hukumatiga huquqiy tarafdan ham¸ ma’naviy tarafdan ham e’tirozu - shikoyatimiz yo‘q. Shu bois O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Germaniyaga kelganida¸ bu masala kun tartibiga kiritilmasligini istaymiz¸ deydi tadbirkor.
Parlament deputati qiziqmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoevning 20-22 yanvar kunlaridagi Germaniyaga rasmiy tashrifi doirasida Bundestag raisi Volьfgang Shoyble bilan muzokaralar o‘tkazishi rejalangan.
"Erkin Demokratlar" partiyasidan parlament a’zosi Renata Alt (Renata Alt) Germaniya federal hukumatiga, prezident Mirziyoev bilan uchrashuvda qarzlar masalasini ko‘tarish yuzasidan so‘rov jo‘natgani haqida nemis matbuoti yozdi.
Mavjud qoidaga ko‘ra¸ Bundestag raisi fraksiya so‘rovini kun tartibiga qo‘yishi kerak. Ya’ni nemis kreditorlari borasida O‘zbekiston prezidentiga savol berilish ehtimoli ko‘proq. Ayni qarzlar masalasiga bevosita aloqador bo‘lgan nemis tadbirkori Valdemar Kisner bu masalaga siyosiy tus berilmasligini istaydi:
- Har qanday siyosiy tizim tarkibida oppozitsiya bo‘ladi. Deputat Renata Alt xonim bu mavzuni ko‘tarib o‘ziga e’tibor qaratmoqchi. Vaziyatni bilmasdan bu xonim ochko ishlashni ko‘zlagan deb o‘ylayman. Qarzlar masalasi hal bo‘ldi. Men sizga guvoh sifatida aytmoqdaman. Men¸ boya aytganimdek¸ 20 yildan beri O‘zbekistonda faoliyat yuritaman. O‘zbekistonda bugun qanday ulkan o‘zgarishlar bo‘lganini ko‘rib turibman. Ikki yil ichida mamlakat ochiqlikka yuz burdi. Biz O‘zbekistondagi yangi bunyodkorlik loyihalarida qatnashish uchun taklif oldik. Biz o‘tmishga emas kelajakka qaraymiz. Biz o‘zbek rahbariyati bilan uchrashdik. Ular ham bizga ishonch bildirib bunyodkorlik ishlariga bizni yana qo‘shishdi. Biz mamnuniyat bilan taklifni qabul qildik. Biz o‘tmishda yo‘qotgan mablag‘imizni yangi proektlarda qatnashib oshig‘i bilan ishlab topamiz. Juda oddiy yechim topdi bu muammo. Biz eski qarzlarni yangi rahbariyat zimmasiga yuklamoqchi emasmiz¸ deydi nemis tadbirkori.
Suhbatdoshga ko‘ra¸ u tamsil qilgan shirkat O‘zbekistonda tibbiy klinika va gazni qayta ishlash korxonasi qurish uchun bitim imzolagan.
Prezident qaroriga ko‘ra qurilgan saroy
O‘zbekistonda so‘nggi 20 yil ichida qurilgan binolar ichida eng qimmati deya bilingan “Xalqaro forumlar saroyi” 2009 yilda Toshkent markazidagi Amir Temur maydonida tiklangan edi.
“Zeromax” kompaniyasiga qarashli “Neftgazmontaj” OAJ qo‘shma korxonasi esa saroy qurilishining bosh pudratchisi bo‘lgan. Bu korxona saroy metall konstruksiyalarining montaji va ichki pardozlash ishlarini bajarish uchun Germaniya kompaniyalari bilan shartnoma tuzgan.
Ya’ni, bu ishlarni nemis ishchilari bajargan, qurilishda ulardan tashqari boshqa pudratchilar ham qatnashgan. Qurilish qiymati haqidagi ma’lumotlar oshkor etilmagan.
Süddeutsche Zeitung gazetasida yozilishicha¸ binoda bir million yuz ming dona Svarovski shishalari ishlatilgan.
"Zeromax" saroy qurilishini marhum prezident Islom Karimovning 2008 yil 5 iyun kuni imzolagan “Toshkent shahrida forumlar saroyi qurilishi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan amalga oshirgan.
Ayni paytda "Xalqaro forumlar saroyi" mamlakatdagi asosiy siyosiy tadbirlar o‘tadigan saroy o‘laroq davlat tasarrufiga o‘tgan.