Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2019, Тошкент вақти: 17:23

IIB xodimlari Nurafshon hokimi dam olayotgan kafedan o‘nlab odamni chiqarib yubordi (VIDEO)


Nurafshon kafesi

15 yanvar oqshomida ichki ishlar xodimlari tug‘ilgan kunni nishonlashga to‘plangan o‘nlab ayol va bolalarni Nurafshon shahridagi “Nurafshon” kafesini zudlik bilan tark etishga majburladi.

Bu voqeaning qisqa ko‘rinishi Ozodlikka yetib kelgan videoda aks etgan.

Kafedan odamlarning haydalishi o‘sha oqshom u yerda shahar hokimi ham bo‘lgani bilan bog‘liqligi aytildi.

Ichki ishlar xodimi 15 yanvar oqshomida "tinchlik va tartibni saqlash uchun kafega guruh chaqirilganini" aytdi.

"Nurafshon" kafesi xodimi 15 yanvar oqshomida Nurafshon shahar hokimi mehmon bo‘lganini tasdiqladi.

Oilaviy tadbir mezbonlaridan birining da’vo qilishicha, kafe xodimlari va huquq-tartibot idoralari xodimlari kechaga to‘plangan o‘nlab odamni "Nurafshon hokimi yaxshi dam olsin deb", "Nurafshon" kafesidan chiqarib yuborgan.

Ozodlik suhbatlashgan guvohlarga ko‘ra, hodisa 15 yanvar kuni soat tungi 10 dan keyin yuz bergan.

Нурафшон ресторанида юз берган ҳодиса
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:45 0:00

Tug‘ilgan kunni nishonlash tadbiriga kelgan mehmonlarni "Nurafshon" kafesidan chiqarib yuborishga ishtirok etgan ichki ishlar xodimi Ozodlikka "tinchlik va tartibni saqlash uchun kafega chaqirilgan guruh" kafega to‘plangan mehmonlarga nisbatan kuch ishlatmaganini aytdi.

"Nurafshon" kafesi xodimlari xodimlari hodisaga izoh berishni istamadi.

Ozodlik ikki kun davomida Nurafshon shahar hokimligidan izoh ololmadi.

"Nurafshon hokimi yaxshi dam olsin deb..."

Hodisaga guvoh bo‘lgan nurafshonliklardan biri Ozodlikka ayollarning kafedan chiqarib yuborilayotgani tasvirlangan videoni yo‘lladi.

45 sekundlik ushbu videoda o‘rta yoshlardagi ayol ichki ishlar xodimlari tomonidan kafedan chiqarib yuborilayotganiga ovozini balandlantib, e’tiroz bildiradi:

-"Nurafshon" kafesida Nurafshon hokimi o‘tiribdi. Men qamoqda besh yil o‘tirib chiqdim. Meni ichki ishlar xodimlari kafedan urib, haydab chiqarib yuborayapti bola chaqam bilan. Nurafshon hokimi yaxshi dam olsin deb.... Bunga sizlar qanday qaraysizlar? – deya baqiradi ayol.

Videoni Ozodlikka Telegram messenjeri orqali yo‘llagan shaxs hodisani quyidagicha tasvirladi:

"Nurafshon markazida joylashgan Nurafshon kafesining birinchi qavatida o‘tirganimizda ikkinchi qavatdan o‘ndan ziyod erkak va ayollar tushib keldi va kafe xodimlari bilan tortishib ketdi. O‘sha odamlarning ichida Sanobar degan ayol ikkinchi qavatda Nurafshon hokimi va uning tanishi ayollar bilan o‘tirganligi hamda ularga xalaqit bermasliklari uchun ularni tushirib yuborganliklarini aytib baqirayotgan edi. Shunda militsiya xodimlari va Nurafshon prokurori keldi va ular bilan ham tortishib ketishdi. Kafe tashqarisida Nurafshon va Olmaliq shahar hokimlarining xizmat mashinalari turardi",- deb yozdi hodisaga guvoh bo‘lgan nurafshonlik.

"Hokimning aytganini qilamiz"

Ozodlik videoda huquq-tartibot idoralari xodimlariga o‘z e’tirozlarini bildirgan Sanobar Iskandarovani topishga muvaffaq bo‘ldi.

53 yashar Sanobar Iskandarova o‘zi, opasi va singlisi bir oyi kam besh yilni panjaralar ortida o‘tkazib, o‘tgan yil noyabrida ozodlikka chiqqani, ozodlikka chiqishi va qizining tug‘ilgan kuni munosabati bilan "Nurafshon" kafesiga qarindosh-urug‘lari va ularning farzandlari bilan to‘planganini bildirdi.

(Sanobar Iskandarova Ozodlikka bildirishicha, o‘zi, opasi va singlisi iqtisodiy jinoyatlarda aybdor deb topilib, 2013 dekabridan 2018 yil noyabriga qadar jazo o‘tagan)

Sanobar Iskandarova ayni kafega kelgan hokimning e’tirozi sabab tug‘ilgan kun kechasi janjal bilan yakun topganini aytdi:

- O‘tirish so‘ngida podarkalarni yig‘ib, mashinalarni chaqirtirayotsak, nevaralarim yig‘lab keldi. "Bizni haydab chiqarib yubordi," dedi. Keyin bordim:"Nega haydaysiz?" desak, "Ha mana bizning zalda hokim o‘tiribdi. Qaerga borsangiz boring, biz hokimning aytganini qilamiz," dedi. "Ha, xo‘p, lekin biz besh yilda endi keldik bu yerga," dedim. Shu bilan singlim bilan aytishib qolgan, urishib qolgan. Men pastda edim, bir mahal o‘sha PPSlar (post-patrul xizmati xodimlari - Ozodlik izohi) keldi. Urush to‘palang bo‘lib ketdi. Boshqa narsani eslay olmayman, - dedi Sanobar Iskandarova.

U o‘sha oqshom ayni kafeda Nurafshon shahar hokimi mehmonlari bilan birga xordiq chiqarganini qo‘shimcha qildi.

Sanobar Iskandarovaning singlisi, 52 yashar Manzura Ahmedova tug‘ilgan kun kechasiga kelganlarni ichki ishlar xodimlari shahar hokimi buyrug‘i bilan kafedan haydab chiqarganini iddao qildi:

- Bolalarimizni urib, haydab yuboripti. PPS ham keldi. Hokim PPSga "haydab yubor", deganda.

U Ozodlikning "hokim sizlarning oldingizga chiqib, "ketinglar" dedimi?" degan savoliga Manzura Ahmedova "Ha", deya javob qaytardi.

"Nurafshon" kafesining o‘zini tanishtirmagan xodimlaridan biri kafeda 15 yanvar oqshomida Nurafshon shahar hokimi mehmon bo‘lganini tasdiqladi, ammo yuz bergan hodisa yuzasidan "telefonda izoh bera olmayman" deb aytdi.

"Uni tinchlantirib bo‘lmadi"

Profilaktika inspektori Farhod Hoshimov Sanobar va uning singlisi ilgari surgan iddaolarni rad etdi.

U hamkorlari va prokuratura xodimlari bilan voqea joyiga ichki ishlar navbatchisidan qo‘ng‘iroq bo‘lganidan keyin borganini bildirdi:

- Baqir-chaqir, janjal, to‘polon qilayapti ekan. Keyin opaning oldiga bordim: "Opa, tinchlaning, bo‘ldi, baqir-chaqir qilmang bo‘ldi, uyat bo‘ladi," deb sekin oldiga borib tinchlantirishga harakat qildim. U yana baqir-chaqir ko‘tarishda davom etti-da. Xullas, uni tinchlantirib bo‘lmadi. Keyin prokuror keldi. Ko‘rdi, gaplashdi. U bilan gaplashmadi, yonidagi qizlar bilan gaplashdi. Haqiqatan ham bo‘lgan holat shu, - dedi profilaktika inspektor Farhod Hoshimov.

Profilaktika inspektori shahar hokimining buyrug‘ini bajargani haqidagi da’volarni inkor qildi.

Ozodlikning ikki kun davomida Nurafshon hokimligidan bo‘lib o‘tgan hodisaga izoh olish urinishlari natija bermadi.

Dastlab Nurafshon hokimi izohini olib berishga va’da qilgan hokimlik xodimi Nurlan Aldanov Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga boshqa javob bermadi.

2017 yil 25 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n birinchi yalpi majlisida Toshkent viloyatidagi To‘ytepa shahri nomini Nurafshon deb o‘zgartirish qarori qabul qilingandi.

Bu shaharga Usmon Rahmonov hokimlik qiladi.

XS
SM
MD
LG