Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2019, Тошкент вақти: 16:32

Aholi uchun 100 ming so‘mlikni bosish arafasida pul mashinalarining kuyib qolgani aytilmoqda


O‘zbekiston Markaziy banki Oliy Majlis Senati 2019 yil 15 yanvarda 100 ming so‘mlik nominaldagi banknota namunasi va dizaynini ma’qulladi, deya xabar berganidan sanoqli kunlar o‘tib¸ nafaqat o‘zbek so‘mi¸ balki boshqa davlat pullarini bosib chiqarayotgan qimmat mashinalardan ikkitasi ishdan chiqqan.

Bu jarayonga bevosita aloqador mulozimning Ozodlikka bildirishicha¸ keyingi bir oy ichida ikkita pul bosish mashinasining ketma-ket kuyib qolganiga bosma fabrika joylashgan Yunusobod tumanida svetning tez-tez o‘chib turishi sabab bo‘lgan.

Toshkent moliya tizimidagi boshqa bir mulozim esa¸ bunga 2000 yillarda olib kelingan bu mashinalarning eskirganini sabab qilib ko‘rsatdi.

Toshkent shahar Yunusobod tumanida joylashgan "Davlat Belgisi" Davlat ishlab chiqarish birlashmasi Toshkent bosma fabrikasining Ozodlik bog‘langan rasmiysi¸ "fabrika rejimniy ob’ekt bo‘lgani bois¸ uning ish faoliyatiga oid biror ma’lumot berilmasligi"ni ta’kidladi¸ ayni paytda mashinalarning ishdan chiqqani xabarini "bo‘lmagan gap" deb atadi.

100 ming so‘mlik banknotani bosish to‘xtab qoldi…

10 yanvar kuni Ozodlik Toshkent bosma fabrikasida yangi 100 ming so‘mlik kupyuralarni bosib chiqarish boshlanganini xabar qilishi ortidan O‘zbekiston Markaziy banki bu yangilikni rasman tasdiqlagan edi.

Ozodlikka bu xabarni yuborgan jarayonga bevosita aloqador mulozimning 24 yanvar kuni bildirishicha¸ bugunga kelib pul bosib chiqaradigan mashinalarning kuyib qolgani sababli¸ yangi banknotlarni bosish to‘xtab qolgan.

Bu mulozim¸ maxsus qo‘riqlanadigan strategik davlat ob’ektiga oid ma’lumotni jamoatchilikka bildirish vakolati yo‘qligi bois¸ shaxsi sir tutilishini so‘radi.

" 20 000 list qog‘oz zapas qilib qo‘yilgandi prezident 100 ming so‘mlik haqidagi qarorga qo‘l qo‘yishini kutib. Skladda hozir bosilgan 100 ming so‘mliklar bor¸ faqat aholiga tarqatishga yetmaydi - ministr¸ hokim¸ prezident apparatidagilarga beriladi bular. Bu orada mashina buzilib qoldi​. Miyasi - plata kuydi. Shunga hozir pul chiqmayapti. Gendirektor Abdulla Aripovdan gap eshitgan¸ hozir bu yerda rosa janjal. Pulni Germaniyadan olib kelingan spets mashina bosadi. Bunaqa mashina ikkita edi. Bittasi buzuq¸ ikkinchisiga qog‘oz formati tushmaydi"¸ dedi Ozodlikka bu haqda xabar bergan jarayonga bevosita aloqador mulozim.

Ozodlik suhbatdoshining ta’kidlashicha¸ dunyo matbaa sanoatidagi yetakchi shirkat hisoblangan Germaniyaning Koenig&Bauer kompaniyasidan sotib olingan bu mashinalar narxi 3 million yevro turadi va ular platasini almashtirish yangisi bilan qariyb bir xil narxga tushadi.

Remont qilishning iloji yo‘q. Harakat qilib ko‘rishdi. Platani Germaniyadan - KBA (Koenig & Bauer AG) firmasidan sotib olish kerak. U ham 3 million yevroga yaqin turadi. Bunga fabrikaning puli yo‘q. Direktor Markaziy bankdan qarz olishi kerak. Tualet qog‘oz olish uchun ham fabrika MB dan ruxsat olishi kerak. Yunusobod tumanida tez-tez svet o‘ynaydi¸ shuning uchun shaqillab ishlab turgan mashinaning sekund ichida “tomi ketib” - platasi kuydi. Generator bor¸ lekin baribir svetning o‘ynashi ta’sir ko‘rsatadi. Texniklarning saviyasi juda past. Bu fabrika sekretniy zona bo‘lgani uchun¸ u yerda kimlarning nimaga ishga olinganiniyam birov surishtirmaydi”¸ deydi Toshkent bosma fabrikasidagi ish jarayonidan bevosita xabardor mulozim.

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston moliya tizimi mulozimlaridan biri¸ Toshkent bosma fabrikasida oxirgi marta Germaniyadan pul bosish mashinasining 2006 yilda olib kelingani va o‘tgan muddat ichida bu mashinalarning “moralniy eskirganini” aytadi.

Toshkent bosma fabrikasining Ozodlik 25 yanvar kuni bog‘langan rasmiysi¸ bu xabarni "bo‘lmagan gap" deb atadi.

"Biz rejimning ob’ektimiz¸ sizga hech qanday ma’lumot berolmayman. Lekin ish normalniy davom etayapti"¸ dedi fabrikaning o‘zini tanishtirmagan rasmiysi.

“Eksport pullarini bosish ham to‘xtagan”

Ozodlikka “Davlat belgisi” fabrikasida bo‘layotgan jarayonlar haqida xabar bergan mulozimga ko‘ra¸ bu erda O‘zbekistonning to‘rt xil nominaldagi pullari barobarida¸ xorij davlatlari banknotlari ham bosib chiqariladi.

5000¸ 10 000¸ 50 000 va 100 000 so‘mlik bilan bir paytda¸ eksportga ham pul bosiladi bu yerda. Janubiy Afrika respublikasi¸ Gondurasga o‘xshagan dunyoning 28 ta davlatining puli Toshkent bosma fabrikasida bosiladi. Dunyoda poligrafiya sohasida Fransiya birinchi o‘rinda turadi¸ ko‘p zakazlarni Fransiya oladi¸ lekin ularni realniy bosish Toshkentda qilinadi. Chunki pulning qog‘ozi paxtadan bo‘ladi¸ O‘zbekistonning pul qog‘ozi Amerikanikidan keyin¸ ikkinchilikda turadi. Masalan¸Fransiya va Germaniyada poligrafiya sanoati zo‘r¸ lekin paxtasi yo‘q. Chet el kupyuralarini O‘zbekistonda bosish arzon tushadi. Toshkentda chet davlatlar pulining bosib chiqarilishi davlat siri hisoblanadi”¸ deydi Toshkent bosma fabrikasidagi jarayonga bevosita aloqador mulozim.

Toshkentdagi moliya tizimida ishlovchi mulozim ham 1992 yildan beri O‘zbekistonda¸ asosan¸ Osiyo va Afrika davlatlari banknotlari bosilib kelinayotgani¸ matbaa stanoklarining esa Germaniyadan sotib olinishini tasdiqladi.

Ozodlik suhbatdoshlari¸ joriy vaziyatda Toshkent bosma fabrikasi rahbariyatining qattiq bosim ostida qolganini aytadi.

Hozir direktorga hamma tomondan bosim bo‘layapti. Bu joyga Karimov administratsiyasining boshlig‘i Zelimxon Haydarovning ukasi 23 yil direktor bo‘lgan. Birov bir narsa deyolmagan unga¸ hatto prokuraturani eshikdan kirg‘izmasdi. To‘lig‘icha MXXda edi kontrol. Hozirgi direktor prezidentning sobiq maslahatchisi Baxtiyor Jumaev. Nima qilishini bilmayapti. 100 mingtalik va eksport pullarni bosish to‘xtab qolgani prezidentning qulog‘iga yetib borgan-bormaganidan xabarim yo‘q. Lekin shundan qo‘rqishayotgani aniq”¸ deydi fabrikadagi vaziyatdan bevosita xabardor mulozim.

1995 yildan 2018 yil sentabriga qadar O‘zbekiston Markaziy banki huzuridagi "Davlat belgisi"​ davlat ishlab chiqarish birlashmasiga Sulaymon Xudoyqulov rahbarlik qilgan.

(Ma’lumot uchun, "Davlat belgisi"​ davlat ishlab chiqarish birlashmasi — qalbakilashtirishdan himoyalangan qimmatli qog‘ozlar, pasport qog‘ozlari, aksiz markalar uchun qog‘ozlar, pul bosiladigan qog‘ozlar, banknotlar, sertifikatlar, lotereya biletlari, veksellar, cheklar, aksiz​ va pochta markalari, kolleksiya va esdalik tangalari to‘plami, esdalik nishonlari va shu kabilarni ishlab chiqaruvchi birlashmadir).​

Dunyoning pul bosuvchi davlatlari

Ochiq manbalarning birortasida dunyodagi 20 dan oshiq davlat banknotlarining O‘zbekistonda bosib chiqarilishiga oid ma’lumot yo‘q.

2018 yil sentabrida Afrikaning Liberiya davlati hukumati chet elda bostirib kelingan 104 million AQSh dollariga teng qiymatdagi milliy kupyuralari mamlakat hududiga kirishi bilan yo‘qolib qolganini bildirgani ortidan¸ BBC News muxbiri Christopher Giles “Davlatlar nega pulini o‘z hududidan tashqarida bosadi” degan maqola hozirlagan edi.

Unda aytilishicha¸ dunyoda banknotlar bosib chiqarish biznesining 11 foizi Britaniyaning De La Rue shirkati hissasiga to‘g‘ri keladi va birgina shu shirkat dunëdagi 140 davlat Markaziy banki buyurtmasini bajaradi.

Pul bosish bo‘yicha Germaniyaning Giesecke & Devrient¸ Kanadaning Canadian Banknote Company va AQSh hamda Shvetsiya hududida joylashgan Crane shirkatlari bu bozorda asosiy raqobatchilar ekani aytilgan bu maqolada¸ O‘zbekiston nomi tilga olinmagan.

AQSh va Hindistondan tashqari aksar davlatlar o‘z pulini boshqa davlat hududida bosib chiqarishini ta’kidlagan mutaxassislar¸ buning sababini “pul bosishning qimmat va qiyinligi”¸ bilan izohlagan.

Dunyoning aksar davlatlarida naqd pul muomaladan chiqib borayotganiga qaramay¸ ekspertlar pul bosish biznesining qisqarmayotgani¸ aksincha¸ Osiyoda talabning ortishi hisobiga¸ kuchayib borayotganini ta’kidlaydi.

Taxminlarga ko‘ra¸ bir yillik pul bosish biznesi hajmi kamida 10 milliard dollarni tashkil qiladi.

XS
SM
MD
LG