Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 06:19

Harbiy prokuror general Hayot Sharifxo‘jaevga umrbod qamoq jazosi so‘radi


MXX raisining sobiq muovini Hayot Sharifxo‘jaev

O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudida o‘tayotgan yopiq mahkamada prokuror suddan general Hayot Sharifxo‘jaevni umrbod qamoq jazosiga hukm qilishni so‘radi.

Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan sud jarayonidan xabardor adliya tizimi xodimlaridan birining aytishicha, prokuror umrbod qamoq jazosini sudning 21 yanvar kungi majlisida so‘ragan.

Ayni xabarni Ichki ishlar vazirligining matbuotga ma’lumot berish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir saqlanish sharti bilan gapirgan yuqori martabali zobiti ham tasdiqladi.

Shu paytgacha bu zobit bergan ma’lumotlar¸ jumladan sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirov qo‘lga olingani haqidagi xabar keyinchalik rasman o‘z tasdig‘ini topgan edi.

52 yashar MXX generali Hayot Sharifxo‘jaev, adliya tizimi xodimiga ko‘ra, "mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish", "jinoiy guruh tuzish", "tovlamachilik", "qiynoqlar qo‘llash", "begunoh insonlarni javobgarlikka tortish" singari qator jinoyatlarda ayblanmoqda.

MXX shaxsiy tarkib xavfsizligini ta’minlovchi nazorat xizmatining sobiq boshlig‘i Hayot Sharifxo‘jaev o‘tgan yil, 30 martda Toshkent shahar Chilonzor tuman soliq departamenti (SVJJDLQKD) sobiq boshlig‘i Ziyodulla Inog‘omovning bergan ko‘rsatmasi asosida hibsga olingandi.

Ayni kunning o‘zida DXX generalining Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi hovlisi va sobiq turmush o‘rtog‘ining Toshkentning Beshyog‘och dahasidagi kvartirasida tintuv o‘tkazilgan.

Hayot Sharifxo‘jaev oxirgi to‘rt yil ichida ikki marta hibsga olindi.

Dastlab, 2015 yil bahorida korrupsiya va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda gumonlangan Hayot Sharifxo‘jaev ustidan tergov ishi qo‘zg‘atilgan, o‘sha paytda uning hibsga olingani xabar qilingan, lekin qachon qo‘yib yuborilgani noma’lum qolgan edi.

2015 ning yozida Hayot Sharifxo‘jaev egallab turgan lavozimdan olingani ma’lum bo‘ldi.

General Sharifxo‘jaev va uning ukasi, endilikda MXX sobiq polkovnigi Javdat Sharifxo‘jaev O‘zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovani "jazolash ma’rakasi" boshida turgan mulozimlar sifatida ko‘riladi.

2013 dekabrida O‘zbekiston sobiq prezidentining qizi Gulnora Karimova Turkiyaning “Hurriyat” nashriga bergan intervyusida Hayot va Javdat Sharifxo‘jaevlarning korrupsiyaga arlashganini haqida gapirgan edi.

Sal o‘tib Gulnora Karimova Bilan jurnaliga bergan intervyusining to‘liq varianti deb taqdim qilingan matnda ham MXX raisining o‘rinbosari Hayot Sharifxo‘jaevning korrupsion oldi-berdilarini “fosh qilinadi”.

Hayot Sharifxo‘jaevning ukasi Javdat Sharifxo‘jaev 2016 yilda mansab vazifalarini suiiste’mol qilish, korrupsiya va yana qator jinoyatlarda aybdor deb topilib, 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Hayot Sharifxo‘jaev O‘zbekiston mustaqilligining 16 yilligi munosabati bilan “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangan.

Ikki oilasidan to‘rt o‘g‘li va bir qizi bor.

XS
SM
MD
LG