Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:35

Transparency International: Markaziy Osiyoda korrupsiya muammosi keskinligicha qolmoqda


Markazi Berlinda joylashgan Transparency International tashkilotining yangi hisoboti xulosasiga ko‘ra, Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyosida joylashgan aksar davlatda korrupsiya jiddiy muammoligicha qolmoqda.

Tashkilot har yili chop etadigan “Korrupsiyani qabul qilish indeksiga kiritilgan 180 davlatning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i 100 ballik baholash tizimida 50 dan past ball olgan.

Yangi hisobotda 16 ball olgan Afg‘oniston ro‘yxatning 172-pog‘onasiga qo‘yilgan. 33 ball olgan Pokiston esa 117-o‘rinda.

O‘zbekiston esa 23 ball bilan 158-o‘rinda. O‘tgan yilda mamlakat 22 ball bilan ro‘yxatning 157-pog‘onasidan o‘rin olgan edi.

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun o‘rtacha ko‘rsatkich 35 ballni tashkil qilgan. Bu esa 32 ball olgan Afrika qit’asidan yuqori, xolos.

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo guruhiga Albaniya, Bosniya-Gertsegovina, Kosovo, Makedoniya, Chernogoriya, Serbiya, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Gruziya, Moldova, Rossiya, Ukraina, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston kiritilgan.

88 ball olgan Daniya korrupsiya eng kam davlat deb topilib, ro‘yxatning birinchi qatoriga qo‘yildi. Ikkinchi o‘ringa 87 ball olgan Yangi Zelandiya qo‘yilgan.

Yangi hisobotga kiritilgan davlatlar uchun o‘rtacha ball 43 ballni tashkil qilgan.

“[Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo]da har bir davlatga 100 ball ichidan 45 yoki undan ham kam ball berildi. Bu esa korrupsiyaga qarshi kurashda deyarli progress yo‘qligini ko‘rsatadi”, deyiladi hisobotda.

“Siyosiy irodaning yo‘qligi, zaif institutlar, hamda cheklangan siyosiy huquqlar korrupsiya hech bir qarshiliksiz keng tarqalishiga zamin yaratadi”.

Hisobotda jahondagi umumiy vaziyat ham achinarli ekanligi e’tirof etilgan. Xususan, Transparency International mutaxassislariga ko‘ra, aksar davlatlarda korrupsiyani qattiq nazoratga olish yo‘lida chora ko‘rilmayotgani dunyo bo‘ylab “demokratiya bo‘hronini” keltirib chiqarmoqda.

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasining eng korrupsiyalashgan davlati deb Turkmaniston topildi va 20 ball bilan ro‘yxatining 161-pog‘onasiga qo‘yildi.

Rossiya to‘plagan ball o‘tgan yilga solishtirganda 29 dan 28 ga tushgan va mamlakat Eron bilan bir qatorda 138-o‘ringa qo‘yilgan.

Mintaqada eng korrupsiya oz davlat deb 58 ball to‘plagan Gruziya topilgan (41-pog‘ona).

Armaniston 35 ball bilan 105-o‘ringa qo‘yilgan bo‘lsa-da, hisobotda Nikol Pashinyan hukumati joriy qilib kelayotgan islohotlar haqida optimizm izhor qilingan. Korrupsiyaga qarshi kurashgan sobiq jurnalist hamda muxolifatchi Pashinyan o‘tgan yilda ommaviy norozilik namoyishlari ortidan hukumat tepasiga kelgan edi. Transparency International xodimlari so‘zlariga ko‘ra, Armanistonda yanada ko‘proq natijaga erishish uchun sud tizimini islohot qilish hamda fuqaroviy jamiyat rolini oshirish kerak bo‘ladi.

Transparency International, shuningdek, saylangan siyosatchilarni korrupsiya tufayli yuzaga keladigan norozilik namoyishlari haqida unutmaslikka chorlagan.

Yevropa Ittifoqiga a’zo Ruminiya (47 ball) va Bolgariya (42 ball) ro‘yxatning mos ravishda 61- va 77-pog‘onasiga qo‘yilgan.

AQSh esa 2011 yildan beri ilk marotaba eng korrupsiya oz 20 davlat qatoriga kiritilmadi: 71 ball to‘plagan Amerika o‘tgan yilga solishtirganda to‘rt pog‘ona pastlab, 22-o‘ringa tushib qolgan.

XS
SM
MD
LG