Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 18:28

OzodDayjest: Bosh vazir o‘rinbosari uyda o‘tirgan erkaklarni tanqid qildi


O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Tanzila Norboeva.

Tanzila Norboeva ayolini ishlatib qo‘yib, o‘zi uyda o‘tirgan erkaklarni tanqid qildi. Xorijga chiqib ketgan qo‘lyozmalarni O‘zbekistonga qaytarishga oid hukumat qarori bajarilmayapti. Xo‘roz urishtiruvchilardan kunlik cho‘tal olib turgan militsiya mansabdori mahkamaga tortildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Ayolini ishlatib, o‘zida uyda o‘tirgan erkaklar ko‘paymoqda

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisasi Tanzila Norboeva ayolini ishlatib qo‘yib, o‘zi uyda o‘tirishga odat qilgan, ayolini xorijga ishga yuborgan erkaklar ko‘payib borayotganini aytdi (“Darakchi”, 31 yanvar). Bu holni keskin tanqid qilgan bosh vazir o‘rinbosari ayni paytda din vakillari bilan hamkorlik qilinayotgani, juma mav’izalarida mazkur mavzuda ham so‘z borayotganini qayd etgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hozirda 219 ming nafar ayol ishlash uchun chetga chiqib ketgan. Ular orasida farzandini mehribonlik uylariga vaqtinchalik topshirib, qaytib kelmaganlari ham bor.

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisasi oilalarda ajrashishlar ko‘payib borayotgani, masalan, shu kecha-kunduzda 30 mingdan ziyod oila ajrashish yoqasida turganini ham xavotir bilan qayd etgan. Qo‘mita nikoh yoshini yigit bilan qizlarga bir xil – 18 yosh qilib belgilash, shuningdek, ajrimlarga sabab bo‘layotgan uchinchi tomonga jazo choralari joriy etishni taklif qilmoqda.

Militsiya mansabdori qimorbozlardan kunlik cho‘tal olib turgani aniqlandi

Toshkent viloyati Zangiota tumani Nazarbek qo‘rg‘oni militsiya bo‘limi boshlig‘i, ichki ishlar mayori muttasil pora olib kelgani aniqlandi (“Inson va qonun”, 29 yanvar). Toshkent viloyat prokuraturasi Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Iqboljon Sultonovga ko‘ra, Nazarbek qishlog‘ida tashkil etilgan xo‘roz urishtiruvchilar klubida turli viloyatlardan kelganlar yig‘ilgan. Xo‘roz o‘yini qimorga aylanib ketgan. Bundan xabar topgan Nazarbek qo‘rg‘oni militsiya bo‘limi boshlig‘i xo‘roz urishtiruvchilar klubi rahbarini jinoiy javobgarlikka tortish bilan qo‘rqitgan. Militsiya mansabdori jinoiy ish ochmaslik evaziga undan kunlik cho‘tal berib turishni talab qilgan. Shu tariqa xo‘roz urishtiruvchilar klubi militsiya bo‘limi boshlig‘iga dastlab 1,5 million, keyinroq 2 million so‘mdan kunlik cho‘tal berib kelgan. Juda katta daromaddan ishtahasi karnay bo‘lib ketgan militsiya mayori kunlik 4 million so‘m cho‘tal talab qila boshlagach, xo‘roz urishtiruvchilar klubi rahbari huquq idorasiga murojaat qilgan. Militsiya mayori ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Unga qanday jazo tayinlangani ma’lum qilinmagan.

Xorijdagi nodir qo‘lyozmalarni O‘zbekistonga qaytarish haqidagi hukumat qarori bajarilmayotir

O‘zbekistondan turli sabablarga ko‘ra xorijga chiqib ketgan va mamlakat aholisi sandiqlarida po‘panak bosib yotgan nodir qo‘lyozmalarni qaytarish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda (“Adabiyot gazetasi”, 24 yanvar). Davlat tomonidan qimmatli yodgorliklarni sotib olish haqida qaror chiqarilgan, ammo u haligacha ko‘ngildagidek bajarilmay kelayapti. Buning uchun har ikki tomon – sotuvchi va sotib oluvchilar orasidan homiylar, ya’ni metsenatlar ham chiqishi kerak. Gazetaga ko‘ra, qo‘lyozmalarni tadqiq etish uchun malakali mutaxassislari ham yetishmayotir. O‘tgan asrning 80-yillarida akademik Erkin Yusupov qadimiy qo‘lyozmalarni o‘rganish shunday sur’atda davom etsa, birgina O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondidagi qo‘lyozmalarni o‘rganish va nashr etish uchun 400 yil kerak bo‘lishini aytgan.

XS
SM
MD
LG