Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:25

“Mirziyoev o‘zbek iqtisodining oligarx-monopolistlar sirtmog‘ida bo‘g‘ilishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak!”


Shavkat Mirziyoev Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev bilan "Bog‘iston" loyihasi modelini tomosha qilmoqda.
Shavkat Mirziyoev Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev bilan "Bog‘iston" loyihasi modelini tomosha qilmoqda.

Britaniyalik huquqshunos professor¸ xalqaro maydondagi davlat va xususiy biznes manfaatlari to‘qnashuviga oid qator kitoblar muallifi Kristian Lasslet (Kristian Lasslett) Ozodlik bilan suhbatda shunday fikr bildirdi.

“Akfa meniki. Prezident biladi”

28 yanvar kuni Ozodlik¸ 29 yanvar kuni esa¸ Open Democracy guruhi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevning hamon O‘zbekistondagi qator yirik shirkatlarni o‘z ichiga oluvchi Akfa Group shirkatining 70 foizlik aksiyalari egasi ekanini tasdiqlovchi hujjatlar borligini jamoatchilikka e’lon qildi.

Davlat hokimiyatida yuqori lavozimga ega bo‘lgan shaxsning mamlakatdagi eng yirik ko‘ptarmoqli biznes shirkati egasi bo‘lib qolayotgani xalqaro huquqshunoslar tomonidan davlat va xususiy biznes manfaatlari to‘qnashuvining yorqin misoli sifatida talqin qilindi.

Bu ma’lumot va tanqidlar ortidan 30 yanvar kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev kutilmaganda matbuot brifingi o‘tkazib¸ Akfa Group aksiyalarining aksar qismi o‘zida qolayotganini e’tirof qildi.

«Akfa — mening 20 yillik kompaniyam. Tan olaman, men hatto tushimda ham hokim bo‘lishimni tasavvur qilmagan edim. Yarim soat oldin eshitganman hokim bo‘lishimni. Prezidentimiz shu yerda orttirgan tajribalarim uchun meni rahbar, hokim etib tayinladi. Bu yerdagi boshqaruvni boshqa insonlarga, shogirdlarga ber degan talab bo‘lgan, lekin hissangni ber, degan talab bo‘lmagan», — dedi hokim 30 yanvar kungi bayonotida.

Ortiqxo‘jaevning “Akfa meniki¸ buni prezident yaxshi biladi¸ boshqalar bilan nima ishim bor”¸ degan qabildagi bu javobi opendemocracy.net saytida 29 yanvar kuni bosilgan “Uzbekistan Ltd: private-public interests clash in flagship project” – “O‘zbekiston MChJ: eng yirik loyihada xususiy va davlat manfaatlari to‘qnashmoqda” sarlavhali maqola muallifi Kristian Lasslet qo‘ygan savollarga javob berish o‘rniga¸ yangi savollarni tug‘dirdi.

Lasslet Britaniyadagi Ulster universitetining kriminologiya bo‘yicha professori¸ Markaziy Osiyo va Yevropadagi korrupsiya va kleptokratiya (yunonchadan tarjimasi o‘g‘rilar hukmronligi -tahr.) bo‘yicha kitoblar muallifidir.

“Toshkent hokimi shirkatlarining Toshkentdagi eng serdaromad loyiha pudratchisiga aylanishi normal hodisa emas”

1 fevral kuni Ozodlik bilan suhbatda Kristian Lasslet Jahongir Ortiqxo‘jaev egalik qilayotgan shirkatlarning O‘zbekiston tarixidagi eng qimmat va eng daromadli deb ko‘rilayotgan Tashkent City loyihasining asosiy pudratchilariga aylangani xalqaro qonunchilikning bir qator fundamental normalarini buzishini aytadi:

- Ortiqxo‘jaev o‘zi egalik qilishini tan olgan shirkatlar u Toshkent shahriga hokim bo‘lganidan keyin daromadli kontraktlarni qo‘lga kiritdi. Ortiqxo‘jaev avvaliga Tashkent City loyihasini muvofiqlashtiruvchi bo‘lib ishladi va so‘ngra Toshkent shahar hokimligiga tayinlandi. Ortiqxo‘jaev davlat arbobi sifatidagi vakolatiga aloqasi bo‘lmagan qandaydir xususiy shirkat egasi emas. Uning shirkatlari shahar hokimi vakolatiga kiruvchi sohaga bevosita taaluqlidir va Ortiqxo‘jaev shirkatlari u Toshkent hokimi etib tayinlanganidan keyin eng serdaromad loyihaning pudratchisiga aylandi.

Normal davlatlarda bunday vaziyatda amal qilinadigan protokol qoidalari bor. Birinchisi¸ hokim o‘ziga qarashli shirkatlar ro‘yxatini e’lon qilishi kerak. Eng muhimi¸ u hokim sifatida o‘zi mulkdori bo‘lgan shirkatlarga imtiyoz berish jarayonidan o‘zini mutlaq chetga olishi kerak. 30 yanvar kuni press brifing o‘tkazgan hokim negadir shu ishlarni hozirgacha nega qilmaganiga javob bermadi¸ deydi britaniyalik huquqshunos.

O‘zbekiston qonunchiligini isloh qilish kerak

Jahongir Ortiqxo‘jaev 29 yanvar kungi bayonotida¸ mahalliy matbuotning iqtibos keltirishicha:

- Agar cho‘ntagimda Boeing aksiyasi bo‘lsa, nima deb o‘ylaysiz, uni ham hokim bo‘ldim deb bervorishim kerakmi? Yoki Apple aksiyasi bo‘lsa qo‘limda? Men u kompaniya ishini boshqarmayman. Hokim bo‘ldim deb sotishim kerakmi? — deya savol bergan.

Ozodlik bilan suhbatda professor Kristian Lasslet bu bayonotni jamoatchilikni chalg‘itish urinishi deb baholadi.

- Butun dunyoda amal qiladigan oddiy qoidalarga ko‘ra¸ davlat arbobi o‘z moliyaviy manfaati aralashgan kompaniyalarga imtiyoz berish¸ ularni tender g‘olibi deb e’lon qilish jarayoniga aralashmaydi. Agar bu O‘zbekiston qonunchiligi¸ xususan¸ Jinoyat kodeksiga kiritilmagan bo‘lsa¸ bu qonunchilikning real hayotdan orqada ekanini ko‘rsatadi. Yangi hukumat manfaatlar to‘qnashuvi degan tushuncha unga beriladigan jazoni o‘z qonunchiligiga kiritishi lozim¸ deydi kriminologiya professori.

Mahalliy matbuotga ko‘ra¸ Jahongir Ortiqxo‘jaev 29 yanvar kungi chiqishida Tashkent City rahbari sifatida 700 investor bilan uchrashgani¸ ammo birortasini bu loyihaga pul yotqizishga ko‘ndira olmaganini aytgan. Shundan so‘ng¸ hokim iddaosicha¸ “jozibador” bo‘lmagan bu loyihaga o‘z shirkatlarini jalb qilishga majbur qolgan.

Kristian Lasslet "700 investor"ning nega bu va O‘zbekistondagi boshqa loyihalarga pul kiritishga qo‘rqayotgani haqidagi mulohazalarini aytadi.

- Birinchidan¸ bu loyihaga kim pul kiritayotganini tekshirayotgan odam bormi o‘zi? Ortiqxo‘jaev kimning puli bo‘lsa¸ kelaversin¸ kimniki¸ qaerdan olingani bilan ishimiz yo‘q¸ degan gapni gapirdi. Bu esa o‘zini hurmat qilgan har qanday investorni hurkitadigan bayonotdir.

Dunyodagi biror normal hukumat davlat va uning aholisi taqdiri¸ bu vaziyatda minglab toshkentliklar hayotini o‘zgartirayotgan Tashkent City kabi loyihaga qo‘shilaman degan shirkat va shasxni sinchkovlik bilan tekshirmasdan (due diligence) ularning sarmoya yotqizishiga ruxsat bermaydi.

Bunaqa loyihani amalga oshirar ekan hukumat – kirayotgan investor kim¸ ularning o‘tmishdagi faoliyati qanday bo‘lgan¸ sarmoyasi qaerdan kelgan¸ faoliyatida xavotir uyg‘otadigan jihatlar bormi¸ degan savollarni yaxshilab tekshiradi. Ortiqxo‘jaevning ochiqchasiga¸ kimning puli bo‘lsa kelaversin¸ degan gapi biz na o‘zingiz¸ na pulingiz manbasini tekshirmaymiz¸ degan ochiq taklifdir. Bu taklifni birinchi bo‘lib qabul qiladiganlar¸ odatda¸ narkobiznes va mafiya vakillaridir. Ular borgan joyga qaysi o‘zini bilgan shirkat yoki xususiy tadbirkor boradi¸ deydi britaniyalik professor.

Tashkent City loyihasining mahalliy va xorijiy deb atalgan investorlari aslida kimligini aniqlashga qaratilgan surishtiruv olib borayotgan professor Kristian Lasslet xorijiy investor sifatida nihoyatda katta imtiyozlar bilan Toshkentning qoq markazidagi oltinga teng yerni tekinga olayotgan bu shirkatlar asl egalarining maxfiy qolayotgani Shavkat Mirziyoev dunyoni ishontirishga urinayotgan “islohotlar”ni jiddiy savol ostida qoldirganini aytadi.

O‘zi o‘tkazgan surishtiruv va ko‘rgan hujjatlariga tayangan tadqiqotchi¸ kuzatishlaridan xavotirli taxminlar tug‘ilganini ta’kidlaydi.

- Bu shirkatlardan ayrimlari bevosita Jahongir Ortiqxo‘jaev va uning biznes sheriklariga borib taqaladi. Ayrimlari egasi esa¸ yetti qulf tagida yashiringan. Puli halol bo‘lsa¸ ular nega o‘zini bekitayapti? Bu shirkatlarning Toshkentda o‘tirgan davlat amaldorlari yoki mafiya bosslariniki emasligiga kafolat yo‘qku! Tashkent Citydagi bir necha million dollarlik inshootlar kompleksini qurayotgan shirkat egasi Germaniyadagi 19 yashar hech kim tanimagan-bilmagan shaxs. O‘zbek telekom bozorini nazoratiga olgan Takilant shirkatining hech kim bilmaydigan 20 yashar armani qiz nomiga rasmiylashtirilgani va aslida uning Gulnora Karimovaniki bo‘lgani hali esimizdan chiqmadi. Tashkent City investorlarining shaffof emasligi¸ O‘zbekistonga chaqirilayotgan xorij investorini borish emas¸ bormaslikka undaydi. Hokimiyatda o‘tirganlar manfaatiga moslangan bu loyiha ertaga ular amaldan ketsa¸ boshqa qo‘llarga o‘tmasligi va xorij investorining kuyib qolmasligiga yana hech qanday kafolat yo‘q¸ deydi britaniyalik professor.

Mirziyoev o‘zi va o‘zbek iqtisodini oligarxiya sirtmog‘iga tiqmoqda

Markaziy Osiyodagi korrupsiya va kleptokratiya bo‘yicha tadqiqot va kitoblar muallifi¸ Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan so‘ng davlat boshqaruvining rossiyacha modeliga o‘tilgani va mamlakat hokimiyati¸ xususan¸ uning iqtisodiy resurslarining borgan sayin sanoqli oligarxlar qo‘lida to‘planayotganini aytadi.

- Karimov davrida davlat hokimiyati¸ ayniqsa MXX kabi qudratli xavfsizlik tizimi rahbarlari o‘z qudratli vakolatidan foydalanib¸ boshqalarning boyligini tortib olish¸ narkobiznes kabi jinoiy faoliyat orqali boyigan bo‘lsa¸ Mirziyoev davriga kelib¸ ularning iqtisoddagi ulushi kamaya boshladi. Buning o‘rniga¸ prezidentga yaqin badavlat tadbirkorlar davlat va xalq boyliklarini tekinga o‘zlashtirib¸ nihoyatda katta oligarxga aylana boshladilar. Davlat va oligarxlar manfaatlari qorishib borayotgani oqibatida¸ davlat ko‘proq xalq emas¸ badavlat tadbirkorlar manfaatiga xizmat qilishga o‘tmoqda. Rossiya misolida ko‘rayotganimizdek¸ buning oqibatida prezidentga yaqin milliarderlar boyigandan boyimoqda¸ aksar xalq qashshoqlashib¸ mamlakat iqtisodi boshi berk ko‘chaga kirmoqda. Oligarxik kapitalizmning kuchayishi avtoritarizmga eltmay qolmaydi. Agar Mirziyoev O‘zbekistonda bu modelning kuchayib¸ davlatning milliy iqtisodni bo‘g‘ib tashlaydigan bir guruh monopolistlar qo‘lida markazlashuvini istamasa¸ bu jarayonni to‘xtatishi lozim¸ deydi Kristian Lasslet 1 fevral kuni Ozodlik bilan suhbatda.

P.S. Ozodlik bu suhbatda muhokama qilingan mavzular bo‘yicha Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevga o‘z savollarini yuborgan. Ammo hozircha ularga javob berilmadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG