Линклар

Шошилинч хабар
20 январ 2020, Тошкент вақти: 09:39

Tojikistonda Qirg‘iziston fuqarolari bilan nikohlar soni ko‘paymoqda


O‘tgan yili 200 dan ortiq Tojikiston fuqarosi xorijliklar bilan, asosan Qirg‘iziston fuqarolari bilan rasman nikohdan o‘tgan. 2017 yilga taqqoslaganda, aralash nikohlar soni 30%ga ko‘paygan.

Adliya vazirligining Fuqarolar holati dalolatnomalarini qayd etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Iftixor Samadzodaning so‘zlariga qaraganda, aralash nikohlarning eng ko‘pi Qirg‘iziston fuqarolari hissasiga –100 dan ortiq nikoh - to‘g‘ri keladi, undan keyingi o‘rinlarda O‘zbekiston, Rossiya, Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Turkmaniston, Qozog‘iston, Ukraina, Italiya va boshqa davlatlar turadi.

Respublika FXDYosidagi xabardor manbaning aytishicha, qayd qilingan tojik-qirg‘iz nikohlarining 95 foizi Laxsh tumani (sobiq Jirg‘atol) hissasiga to‘g‘ri keladi, mazkur tumanda Tojikistondagi eng yirik qirg‘iz diasporasi istiqomat qiladi. «Ularning ko‘pchiligi o‘zlarining tarixiy vatanlariga ko‘chib o‘tishni istashadi va buning uchun qirg‘izistonliklar bilan nikohdan o‘tish katta imkoniyat hisoblanadi», - deydi manba.

O‘tgan yilning yozida Isfara tumanida joylashgan chegara yaqinidagi Xo‘ja qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 21 yoshli Hamrozxon sharafiga «To‘ylar muborak» yangradi. Bishkekda yashovchi yigit qizni bir ko‘rishda sevib qoldi. Hozir ular Qirg‘izistonda istiqomat qilmoqda, ammo Hamrozxonning eri o‘zining sevimli qallig‘i uchun, mamlakat qonunlari talab qilganidek, Isfarada uy qurmoqda.

2011 yilda Tojikiston parlamenti Respublika Oila kodeksiga ayrim o‘zgartishlarni kiritgan edi. Shundan boshlab Tojikiston fuqarolari bilan oila qurmoqchi bo‘lgan xorijliklar uchta asosiy talabni bajarishlari kerak: mamlakat hududida kamida bir yil yashashi, nikohdan o‘tishdan avval nikoh shartnomasini tuzishi, shuningdek, juftini uy bilan ta’minlashi shart. Xorijliklar bilan nikohdan o‘tmoqchi bo‘lgan Tojikiston fuqarolari uchun bu kabi talablar yo‘q.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, nikoh tartiblarining bunday keskinlashtirilishi, mabodo ajralgudek bo‘lsa, tojikistonlik ayollarning mulk huquqlarini himoya qiladi.

BMTning Irqiy diskriminatsiyani bartaraf etish qo‘mitasi 2017 yilda Tojikiston hukumatiga murojaat qilib, tojik ayollarining xorijliklar bilan nikohiga nisbatan joriy qilingan cheklovlarni bekor qilishga chaqirgan edi. Bu kabi cheklovlar insonning asosiy huquqlarini, jumladan juftni tanlash huquqini poymol qiladi, deyiladi qo‘mita murojaatnomasida.

XS
SM
MD
LG