Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 09:14

Qirg‘iziston kartoshkasi qimmatlik qildi - bozor Pokistonnikini tanladi


Qirg‘iziston Qishloq xo‘jalik vaziri Nurbek Murashev "kartoshka mojarosi"dagi asosiy shaxsga aylangan.

Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyati fermerlari bozorda kartoshka ko‘payib¸ uning narxi keskin tushib ketganidan mutlaq ziyonda qolganidan shikoyat qilib¸ bozori kasod bo‘lgani uchun bilvosita O‘zbekiston tomonini ayblamoqda.

Qirg‘iziston Qishloq xo‘jalik vazirining “O‘zbekiston katta miqdorda qirg‘iz kartoshkasini oladi”¸ degan bayonotiga ishongan issiqko‘llik fermerlar yoppasiga kartoshka ekkan¸ ammo o‘zbek tomoni uni olmaganidan keyin¸ mahsuloti bozori kasod bo‘lgan.

Ozodlik gaplashgan O‘zbekiston hukumati mulozimlari Qirg‘iziston bilan kartoshka sotib olish borasida hukumatlararo kelishuv imzolanmagani bildirdi.

“Shunday istak bildirilgan¸ ammo Qirg‘izistonning kartoshkasi qimmatga tushgani bois¸ tadbirkorlar Pokistondan arzon kartoshka olib kelishni yo‘lga qo‘ydi va O‘zbekiston bozorini arzon kartoshka bilan to‘ldirdi”¸- dedi Ozodlik gaplashgan Toshkent hukumatining bir-biridan mustaqil ikki mulozimi.

Qirg‘izistonda kartoshka janjali

Shu kunlarda Qirg‘izistonda minglab fermerning hukumat O‘zbekistonga sotib beradi¸ degan ishonchda kredit olib¸ amalda kuyib qolgani bilan bog‘liq mojaro davom etmoqda.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati suhbatlashgan Issiqko‘l viloyati Aqsu tumanidagi fermerlarning aytishicha¸ yuzlab tonna kartoshka¸ xaridor yo‘qligi va saqlashga sharoit yo‘qligidan chirib ketish xavfi ostida qolgan.

Issiqko‘llik fermerlarga ko‘ra¸ o‘tgan yili kilosi 16 qirg‘iz so‘mi¸ urug‘ligining kilosi 22 so‘m bo‘lgan kartoshkaga (ulgurji narxi) ayni kunlarda tannarxidan ham past - 4¸5-5 so‘m narx berilmoqda.

Bu mintaqadagi aksar fermerning kartoshka ekishi uchun ular Qishloq xo‘jalik vazirining “O‘zbekiston bilan kartoshka sotish haqida kelishuv qildik”¸ degan gapini asos qilib keltirmoqdalar.

Qirg‘iz tomoniga ko‘ra¸ kartoshka olamiz¸ degan Toshkent hukumati kartoshka pishganda¸ uni olishdan bosh tortgan.

"O‘zbekiston kartoshka importi bo‘yicha Qirg‘iziston bilan rasmiy shartnoma tuzmagan"

Ozodlik mavzuni o‘rganish jarayonida O‘zbekistonga oziq-ovqat mahsulotlari importi bilan shug‘ullanuvchi davlat tizimlari mutasaddilari bilan gaplashdi.

Bu masalada matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi ochiqlanmasligini istagan mulozimlar¸ Bishkek bilan kartoshka sotib olish borasida hecha qanday rasmiy shartnoma tuzilmaganini bildirdilar.

“O‘tgan yilgi o‘zaro uchrashuvlarda¸ Qirg‘izistondan kartoshka olamiz¸ degan istak bildirilgan. Kartoshkaning yonida Qirg‘izistonning "Kaindi-Kant»​ shakar zavodidan arzon narxda shakar sotib olish haqida ham gap bo‘lgan edi. Qirg‘iz shakarining narxi Ukrainanikidan qimmatga tushadigan bo‘lganidan keyin¸ ikkalasi ham og‘izda qolib ketdi. Bilishimcha¸ Toshkent hukumati falon tonna kartoshkani falon paytda falon so‘mdan olamiz¸ degan majburiyat olingan shartnoma imzolamagan”¸- dedi Ozodlik gaplashgan mulozimlardan biri.

O‘zbekistonga Pokistondan kartoshka import qilayotgan tadbirkorlardan biri esa¸ Qirg‘izistondan kartoshka sotib olish istagining amalga ko‘chmaganini bozor qonuniyati bilan tushuntirdi.

Kartoshka 2020 yil yanvariga qadar QQS va boj to‘lovlaridan ozod qilingan mahsulotlar ro‘yxatiga kiritildi. Qirg‘iz fermerlaridan olaman deb ko‘rishdi. Qirg‘iziston YevrAzES a’zosi bo‘lgani uchun¸ unga a’zo bo‘lmagan O‘zbekistonga muayan boj to‘lovlari qo‘yiladi. Ustiga¸ transport va saqlash xarajatlarini ham qo‘shsangiz¸ qimmat bo‘pketadi. Tadbirkorlar darrov arzonini Pokistondan topishdi – Afg‘oniston orqali furalarda Hayratonga olib kelishayapti¸ O‘zbekistonga hech bir boj to‘lovlarisiz kirib¸ to‘g‘ri bozorga borayapti. Hozir hamma yoq Pokistondan kelayotgan arzon va sifatli kartoshkaga to‘la. Monopolist yo‘q qilindi va bozor arzonini o‘zi topib oldi”¸ - dedi kartoshka importyorlaridan biri.

Uning bildirishicha¸ Pokistondan kelayotgan kartoshkaning tonnasi saqlash va transportirovka xarajatlari bilan 150 dollardan tushmoqda va bu qirg‘iz tomoni taklif qilgan narxdan ancha arzondir.

Ozodlik hozircha Qirg‘izistondan olib kelinadigan kartoshkaning tonnasi¸ barcha xarajat va to‘lovlardan so‘ng qanchaga tushishi haqida aniq ma’lumotga ega emas.

Qirg‘iziston Qishloq xo‘jalik vazirligi izoh berishni istamadi

Ozodlik Toshkent va Bishkek hukumatlari o‘rtasida kartoshka sotib olish bo‘yicha rasmiy shartnoma bor-yo‘qligini aniqlash maqsadida Qirg‘iziston Qishloq xo‘jalik vazirligi mutasaddilari bilan bog‘landi.

Ozodlik gaplashgan rasmiylar¸ bu masala “nozik siyosiy” masala bo‘lgani bois¸ bu haqda izoh bera olmasliklari va bu savol bilan faqat Qishloq xo‘jalik vaziri Murashevning o‘zigina bayonot bera olishni bildirdilar.

4 fevral kuni Ozodlik Qirg‘iziston Qishloq xo‘jalik vaziri Nurbek Murashev bilan bog‘lana olmadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika aholisini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz va kafolatli ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 26 oktabr kuni qabul qilingan qarorida¸ aholini arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida 2018-2019 yillar qish va bahor mavsumiga 222 ming 409 tonna kartoshka zahira qilish aytilgan.

XS
SM
MD
LG