Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:59

Tolibon va Afg‘oniston hukumati delegatsiyasi Moskvada "muvaffaqiyatli" o‘tgan yig‘inni olqishladi


Sobiq prezident Hamid Karzay uchrashuvni "muvaffaqiyatli" deya baholadi
Sobiq prezident Hamid Karzay uchrashuvni "muvaffaqiyatli" deya baholadi

Toliblar vakili hamda Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay yetakchiligidagi delegatsiyasi vakili Rossiyada ikki kun davom etgan muzokaralar ortidan Qatarda ushbu muzokaralarni davom ettirishga kelishib olinganini ma’lum qilishdi.

5-6 fevral kunlari Moskvada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Karzay qariyb 40 nafar siyosatchidan iborat delegatsiyaga yetakchilik qildi.

Ammo delegatsiya vakillari orasida Afg‘onistonning hozirgi hukumati a’zolari yo‘q.

Ikki taraf e’lon qilgan qo‘shma bildiruvda yig‘inlar davomida Dohada qayta uchrashishga kelishib olingani aytiladi.

Qatar poytaxtida toliblarning yarim rasmiy ofisi bor.

Moskvadagi uchrashuv AQSh hamda toliblar vakillari ishtirokida Dohada olib borilayotgan muzokaralar surati tezlashayotgan bir paytda sodir bo‘ldi.

AQSh hamda toliblar vakillari 25 fevral kuni Dohada yana uchrashishi kutilmoqda. Bundan bir necha hafta oldin AQShning Afg‘onistondagi maxsus vakili Zalmay Xalilzod Vashington rasmiylari hamda Tolibon vakillari tinchlik kelishuvining “asosi” bo‘yicha kelishib olgani haqida bildirgan edi.

Ammo Xalilzod Moskvadagi muzokaralarda ishtirok etmadi. Shunday bo‘lsa-da, 8 fevral kuni u Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayoni qanday ketayotgani haqida so‘zlab beradi.

Moskvadagi uchrashuv ortidan Karzay muzokaralar “juda qoniqarli” bo‘lganini aytdi.

Uchrashuvda Afg‘oniston hukumati vakillari ishtirok etmagan bo‘lsa-da, Moskvada bo‘lib o‘tgan muzokaralar “afg‘onlar o‘rtasida” tinchlik o‘rnatish jarayonida katta yutuq bo‘lgani aytilmoqda.

Ammo Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani ushbu uchrashuvni tanqid qildi. Tolo News agentligining xabar qilishicha, prezident:

- Muzokaralarda ishtirok etayotganlar mustaqil individuallar, degan Janob Karzay Moskvadan qaytib kelganidan keyin, nima olib kelganini ko‘ramiz. Unga muvaffaqiyat tilayman, - dedi Ashraf G‘ani.

Karzay Moskvada ko‘rib chiqilgan asosiy masala Afg‘onistoni “xorijiy kuchlardan ozod qilish” bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu masalada bir kelishimga deyarli kelingan.

Moskvaga borgan 10 nafar tolib delegatsiyasining etakchisi Sher Muhammad Abbos Stanikzay uchrashuv “o‘ta muvaffaqiyatli” bo‘lganini aytdi.

- Ko‘p masala bo‘yicha kelishib oldik. Kelajakda bundan-da ilgari siljishimizga, nihoyat yechim topib, Afg‘onistonda to‘kis tinchlik o‘rnatilishiga ishonaman, - dedi Stanikzay.

Shuningdek, Stanikzay Afg‘onistondan AQSh harbiylarini olib chiqib ketish sanasi aniq belgilanmaganini, ushbu masalada muzokaralar davom etayotganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG