Линклар

Шошилинч хабар
13 май 2021, Тошкент вақти: 14:15

OzodDayjest: Deputatlar hokim va prokurorlardan hisobot so‘ray olmayapti


Illyustrativ surat.

Deputatlar qarsakbozlikdan bo‘shamayotgani tanqid qilindi. Parlament hukumatning xotin-qizlarning ish soatini qisqartirish haqidagi fikriga qarshi chiqdi. Jizzaxda “Obod qishloq” dasturi doirasidagi ishlarda kamchiliklar aniqlandi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

________________________________________________

Deputatlar o‘z hokimiyat vakolatidan foydalana olmayotgani tanqid qilindi

O‘zbekistondagi birorta xalq deputatlari kengashlari faoliyati namunali asosda tashkil etilmagan (“Inson va qonun”, 5 fevral). Qonunchilikda mahalliy kengashlarga hokim va prokurorlardan hisobot so‘rash, byudjet taqsimotida ishtirok etish kabi katta vakolatlar berilgan. Ammo amalda deputatlari o‘z hokimiyat vakolatidan foydalana olmayotir. Qayd etilishicha, kengash majlislari qarsakbozlik bilan o‘tadi, ortiqcha savollar berilmaydi, tashabbuslar ko‘rsatilmaydi. “Bu sohaga turli shaxsiy manfaatlarni ko‘zlab kirib qolganlar, loqaydlar, laganbardorlar, mas’uliyatsizlar ham, afsuski, talaygina”, deb yozadi gazeta. Deputatlarning o‘z vakolatidan to‘liq foydalana olmayotganiga ijro hokimiyati organlari bepisandligi ham sabab bo‘lmoqda. Deputatlarga ko‘ra, ayrim ijro hokimiyati vakillari hisob berishdan bo‘yin tovlaydi, kengash majlislariga kelmaydi. Gazetaga ko‘ra, byudjet taqsimoti yuqori darajada markazlashgan sharoitda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish mexanizmi ham sust ishlamoqda. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis deputati Rasul Kusherboev ham markaziy va mahalliy ijroiya hokimiyat organlarining bepisandligidan yozg‘irgan edi.

Xotin-qizlarning ish soatini qisqartirish haqidagi taklif diskriminatsiya deb ataldi

O‘zbekistonda xotin-qizlarning ish vaqtini bir necha soatga qisqartirish taklifi bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda (“Darakchi”, 7 fevral). Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonaga ko‘ra, ayollar uchun kunlik 8 soat ish vaqti og‘irlik qilishi mumkin va uni qisqartirish maqsadga muvofiqdir. “Oilada farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanishi uchun ayollar uchun ish vaqti faqat 14:00 gacha qilib belgilangan davlatlarni ham bilaman. Mamlakatimizda ham ayollarning ish vaqti soat 17:00 gacha qilib belgilansa, har tomonlama yaxshi bo‘lardi”, degan E. Bositxonova. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiyasi raisi Dilorom Fayzieva esa ushbu taklif diskriminatsiya ekani, ya’ni Konstitutsiyada mustahkamlangan erkaklar va ayollarning teng huquqliligi tamoyiliga zid ekanini aytgan. D. Fayzievaga ko‘ra, ayollar uchun ish soatining qisqartirilishi kelgusida ularning ishga qabul qilinishida muammolarni yuzaga keltiradi. Qolaversa, ayollar imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishlariga to‘sqinlik qiladi.

Jizzaxda “Obod qishloq” dasturiga oid ishlar qog‘ozda besh, amalda esa o‘lda-jo‘lda

Jizzax viloyati Zarbdor tumanida “Obod qishloq” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlarda bir qator kamchiliklar aniqlandi (“XXI asr”, 7 fevral). Garchi barcha ishlar a’lo darajada bajarilgani haqida hisobot berilgan bo‘lsa-da, ko‘plab ishlar o‘lda-jo‘lda qolmoqda. Masalan, “Toshkesgan” qishlog‘idagi maktab qurilishi chala-yarim ahvolda. Qayd etilishicha, o‘quvchilar birinchi chorakda aholi xonadonlarida o‘qigan bo‘lsa, ikkinchi chorakda qurilish ketayotgan sovuq va betartib maktab binosida saboqlarni davom ettirgan. Maktab ta’miriga mablag‘ hali ham ajratilmagan, o‘quvchilar qachon to‘laqonli darslar olishi noma’lum qolmoqda. “Toza urug‘” qishlog‘i ham hisobotlarda “obod qilingan”. Ammo yo‘llar ta’miri chala ahvolda, ichimlik suvi muammosi ham hal etilmagan. Gazeta mahalliy rahbarlarni kamchiliklardan saboq chiqarib, vaziyatni o‘nglashga chaqirgan.

XS
SM
MD
LG