Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:36

Hukumatga yaqin manbalar: Ishdan olingan DXX raisi ustidan jinoyat ishi ochilgan


Ixtiyor Abdullaev O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) raisi lavozimidan 11 fevralda ozod qilindi
Ixtiyor Abdullaev O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) raisi lavozimidan 11 fevralda ozod qilindi

11 fevral kuni Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimidan ozod qilingan 53 yashar Ixtiyor Abdullaev jinoyat ishi figurantiga aylangani to‘g‘risida Ozodlikka O‘zbekiston hukumatiga yaqin, bir-biridan mustaqil uchta manba iddao qildi.

Ayni paytda O‘zbekiston prezidentining Internetdagi rasmiy sahifasida Ixtiyor Abdullaev sog‘ligi yomonlashgani, bir yilda bo‘yin va umurtqa pog‘onasida ikki marta og‘ir jarrohlik amaliyotini o‘tkazgani ortidan lavozimidan ozod qilingani bildirildi.

Ozodlik suhbatlashgan va ismi efirda aytilishini istamagan mulozimga ko‘ra¸ “DXX raisi sifatida bir yil ishlagan Ixtiyor Abdullaev ayni tashkilotning o‘nlab xodimlari ustidan jinoyat ishi ochilib qamoqqa olingani ortidan ishdan bo‘shatilgan”.

Mulozimning aytishicha¸ Ixtiyor Abdullaev hozircha "iqtisodiy jinoyatlarni sodir qilganlikda" gumonlanmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan bir-biridan mustaqil ikki nafar mulozimning bildirishicha¸ Ixtiyor Abdullaevga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 205-moddasi (“Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish”), 210-modda (“Pora olish”) va 211-modda (“Pora berish”) bo‘yicha joriy yilning 8 fevralida jinoyat ishi ochilgan.

Suhbatdoshlar iddaosiga ko‘ra¸ bu jinoyat ishi yanvar oyida qamoqqa olingan DXX xodimlari¸ xususan DXX raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Jahongir Egamov ko‘rsatmalariga asoslangan.

Suhbatdoshlar iddaosiga ko‘ra¸ jinoyat ishi respublika harbiy prokuraturasi tarafidan ochilgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bu borada "hech qanday ma’lumotga ega emasligini" 11 fevral kuni ma’lum qildi.

Jilov tortildi?

Joriy yilning 10 yanvarida jinoyatchilikning oldini olish borasidagi kelgusi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziëev kuch ishlatar tizimlar rahbarlarini “arqonni uzun tashlab qo‘ygani”dan ogohlantirgan, yaqin kunlarda “jilovni tortishini” aytgan edi.

Ozodlik bilan yozishgan mulozim iddaosiga ko‘ra, 10 yanvardan to 11 fevralga qadar O‘zbekiston Davlat Xavfsizlik Xizmatining yuzga yaqin xodimi ustidan jinoyat ishi ochilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llangan.

Mulozimlarning rasman tasdiqlanmagan iddaosiga ko‘ra, DXX tarafidan Mirziyoev oila a’zolarining telefon so‘zlashmalari tinglangani va nazorat ostiga olingani bois Ixtiyor Abdullaev prezident uchun “istalmagan shaxsga” aylangan.

Ozodlik tasarrufida bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i yoki inkori hozircha yo‘q.

Ozodlik suhbatlashgan amaldorlar iddaosiga ko‘ra, prezident Mirziyoev DXX ichidagi vaziyatni o‘z nazoratiga olish uchun joriy yil boshidan ilk qadamlarni qo‘ygan.

Prezident Shavkat Mirziyoev o‘z qudasi Botir Tursunovni 2 fevral kuni Davlat Xavfsizlik Xizmati (DXX) raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlagani ham shu kontekstda ko‘riladi.

Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan huquq-tartibot tizimlaridagi bir-biridan mustaqil bir nechta manbaga ko‘ra, general Botir Tursunov yangi vazifaga tayinlanarkan, dekabr oxirida bo‘shatilgan Jahongir Egamovning o‘rnini egallagan. Sobiq adliya maslahatchisi, Jahongir Egamov DXXda bor-yo‘g‘i o‘n bir oy muqaddam - 2018 yil fevralida ish boshlagan edi.

Ozodlik 46 yashar Jahongir Egamovga qarshi DXXning bir guruh yuqori lavozimli xodimlari qatorida "korrupsiya ishi figuranti" sifatida jinoyat ishi ochilgani haqida maqola e’lon qilgan edi.

Joriy yilning 11 fevralida internetdagi Eltuz.com nashri ustidan jinoyat ishi ochilib qamoqqa olingan DXX mulozimlari haqida yozdi. Ayni nashr iddaosiga ko‘ra¸ “DXX sobiq raisining bojasi E.A., uning akasi E. H, DXX tergov boshqarmasi boshlig‘i A. A. va DXX raisining yaqin do‘sti U.A. bilan birga yana yuzga yaqin tezkor xodimlar” joriy yil yanvarida qamoqqa olingan.

Ozodlikning kuch ishlatar tizimlarida ishlaydigan manbasi ham “o‘nlab DXX xodimlari ustidan jinoyat ishi ochilgani” borasidagi ma’lumotni 11 fevral kuni tasdiqladi.

Unga ko‘ra¸ qamoqqa olingan DXX xodimlari O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (“O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish”), 205-moddasi (“Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish”), 210-modda (“Pora olish”) va 211-modda (“Pora berish”) ko‘zda tutgan jinoyatlarda gumon qilinmoqda.

Ozodlikning ayni masalada yuzasidan bergan savollariga O‘zbekiston Bosh prokuraturasi oldinroq "Bu borada rasmiy ma’lumot yo‘q", deya javob bergan edi.

XS
SM
MD
LG