Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2021, Тошкент вақти: 01:24

AQSh-Meksika devori uchun Tramp so‘ragan pulning to‘rtdan biri ajratiladigan bo‘ldi


Prezident Tramp El-Pasoda. 2018, 11 fevral.

AQSh qonun chiqaruvchilari dushanba kuni hukumat faoliyati yana bir marta to‘xtab qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kelishuvga erishganini va Meksika bilan chegarada devor qurilishiga 1,4 milliard dollarga yaqin pul ajratishga rozi bo‘lganini bildirdi. Prezident Donald Tramp esa, chegara shahar El-Pasodagi mitingda siyosiy jihatdan xavfli "salb yurishini" e’lon qildi.

1,4 milliard dollar Tramp talab qilganidan ancha kam. Lekin u qabul qilinsa, yana bir keskin qarama-qarshilikning oldi olinadi, chunki Tramp kelayotgan jumada hukumat xarajatlarini qisqartirish bilan tahdid qilayotgan edi.

Respublikachilar nomidan bosh muzokarachi Richard Shelbi jurnalistlarga respublikachilar bilan demokratlar o‘rtasida kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, AQSh bilan Meksika o‘rtasidagi devor qurilishiga 1,375 milliard dollar ajratiladigan bo‘ldi. Biroq Tramp ushbu loyihaga 5,7 milliard dollar so‘ragan edi.

Kongress vakillarining aytishicha, ushbu mablag‘, taxminan, 55 milyaga (89 kilometr) devor tiklash uchun yetadi va u Texas shtati janubidagi Rio-Grande vodiysiga ajratiladi.

Kelishuvni hali Oq Uy ma’qullashi kerak.

Ushbu xabar Trampga u El-Paso arenasi sahnasiga chiqayotgan paytda yetkazildi. Prezident yig‘ilganlarga qarata hali kelishuv tafsilotlaridan bexabarligi va savolga javob berishga tayyor emasligini aytdi.

‒ Yaxshi xabar kelganga o‘xshaydi, lekin yana kim biladi deysiz... ‒ dedi u.

Tramp “Amerikani yana buyuk qilamiz” degan yozuvli kepkalar kiyib olgan minglab kishilarga qarata shunday dedi:

‒ Devor bizga kerak, u qurilishi shart va biz uni tez qurib bitirishni istaymiz.

Trampga ko‘ra, noqonuniy immigrantlar Qo‘shma Shtatlarning milliy xavfsizligiga tahdid solmoqda va ularni mavjud to‘siqlarni tez orada kengaytirish bilan to‘xtatib qolish mumkin.

Chegara bilan bog‘liq munozaraTrampning 2020 yildagi qayta saylanishi uchun kurashning boshlanishi bo‘ldi. U El-Pasoda tashkil etgan miting bo‘lg‘usi voqealar qanday kechishi haqida bir qadar tasavvur beradi.

Tramp bu joyni tarixiy chorraha sifatida tanlagani bejiz emas. Uning aytishicha, devor meksikalik jinoyatchilarning chegaradan nazoratsiz o‘tishiga yo‘l qo‘ymaydi.

‒ Devor odamlar hayotini saqlab qoladi, ko‘plab kishilar hayotini saqlab qoladi, ‒ dedi u.

Bu mitingda nutq so‘zlashdan ko‘zlangan boshqa maqsad ham bor. O‘sha shaharda demokratlarning endi tanilib kelayotgan siyosatchisi Beto O’Rurk ham miting o‘tkazdi. U 2020 yilgi saylovda Trampga raqib bo‘lishi ham mumkin.

Asli el-pasolik O’Rurk o‘tgan yil noyabrida respublikachi senator Ted Kruzni yengib, senator bo‘ldi va demokratlar saylovchilari olqishiga ko‘milib ketdi.

‒ Biz bugun kechqurun AQSh-Meksika chegarasidan yolg‘on-yashiq va nafratni hamda kelajak haqidagi ijobiy, keng qamrovli va izzattalab qarashga oid fikrlarni tinglaymiz, ‒ dedi u.

Tramp O’Rurk haqida “imkoniyati juda kam, ammo ismi juda chiroyli yigit”, dedi. U senator uyushtirgan mitingga juda kam odam kelganini masxara qildi: “uning prezidentlik uchun kurashi shu bilan tugasa kerak”.

Devor bilan bog‘liq munozara Tramp prezident etib saylangandan so‘ng o‘nglar va so‘llar o‘rtasidagi darzni chuqurlashtirib yubordi. Mamlakat tarixida eng uzoq davom etgan shatdaun ham shundan dalolat bermoqda.

Tramp devor qurish borasidagi maqsadiga erishish uchun mamlakatda favqulodda holat joriy etishi va Pentagon uchun ajratilgan mablag‘ni ishlatishi mumkin. Lekin bu bilan u boshini sud sirtmog‘iga tiqishi va siyosiy ayblovlarga duchor bo‘lishi ham hech gap emas.

XS
SM
MD
LG