Линклар

Шошилинч хабар
13 декабр 2019, Тошкент вақти: 02:33

“O‘zbekko‘mir”dagi jinoiy sxemani fosh qilgan sobiq ishchilarning o‘zi jinoyatchiga chiqarildi


"O‘zbekko‘mir" sobiq ishchilari shirkatni byudjet tashkilotlariga briket narxida ko‘mir kukunini sotib¸ davlatning milliardlab pulini o‘zlashtirganlikda ayblamoqda.

Surxondaryoda mavjud oltita ko‘mir briketi sexi mahsulot ishlab chiqarmasdan, xomashyoni elab qoplarga joylab maktab¸ bog‘cha va kasalxonalarga briket narxida soxta faktura yozib tarqatgan.

Bu iddao “O‘zbekko‘mir” AJning Surxondaryo viloyatidagi olti omborida ishlagan 71 nafar sobiq ishchi nomidan 12 fevral kuni Ozodlik bilan gaplashgan vakillar murojaatida yangradi.

Bu iddaolarni quvvatlovchi dalil-hujjatlar bilan Surxondaryo viloyat prokuraturasi¸ respublika Transport prokuraturasi¸ prezident portaliga murojaat qilgan “Surxonko‘mir” sobiq ishchilarining o‘zi¸ ularning aytishicha¸ pirovardida jinoyatchiga chiqarilib¸ jazolangan.

Ozodlik gaplashgan ishchilar vakillari¸ “O‘zbekko‘mir”ning birgina viloyatda milliardlab so‘mni tashkil qiluvchi o‘g‘irlik sxemasi tepasida turganlarning jazolanishi¸ o‘zlariga uyushtirilgan tuhmat kampaniyasi to‘xtatilib¸ ishga qayta tiklanishini talab qilmoqda.

Ozodlik bu iddaolarga “O‘zbekko‘mir” rahbariyati va prokuraturadan hozircha rasmiy ma’lumot olishga muvaffaq bo‘lmadi.

“O‘zbekko‘mir”dagi kuldan pul qilish sxemasi

12 fevral kuni Ozodlik suhbatlashgan surxonlik sobiq ko‘mirchilar¸ o‘zlarini "O‘zbekko‘mir" ning yangi mahalliy rahbarlari tomonidan 2018 yil yanvarida birvarakayiga ishdan haydalgan 71 nafar ombor rahbari va xizmatchilari vakillari deb tanishtirdi.

Ozodlikka gapirganlardan biri Rayhon Rahmonova o‘zi va sobiq hamkasblarining ishga tiklanishini talab qilish jarayonida yangi rahbariyat jinoyatlarini ham fosh qilgani uchun jazolanganini aytadi.

Bu jinoyat mohiyati esa nihoyatda jiddiy.

Surxondaryodagi oltita ko‘mir ombori Qarshi birlashgan yonilg‘i ombor xo‘jaligi tarkibiga qo‘shilgan. Bu olti omborda 2018 yil ijtimoiy soha ob’ektlari, maktab, bog‘cha, kasalxona, kollejlarning qish mavsumi uchun briket mahsulotlari ishlab chiqarilishi kerak edi. Ammo briket mahsulotlari ishlab chiqarish o‘rniga xom ashyoni elab qoplarga joylab maktab¸ bog‘cha va kasalxonalarga briket narxida soxta faktura yozib tarqatishgan.

1 kg xom ashyo 210 so‘m¸ tayyor mahsulot – briketning kilosi 375 so‘m. O‘rtadagi farq 165 so‘m. Buni bir vagon xomashyoga ko‘paytirsak¸ 165 × 69000 kg= 13 million 385 ming so‘m bo‘ladi. 2018 yili bu olti omborga Angrendan 335 ta vagon xom ashyo kelgan. Endi 13 385 000 ni 335 ko‘paytirsak¸ bitta viloyatda davlatning 4 milliard 483 million 975 ming so‘mi ko‘mir yetkazuvchi rahbarlarining cho‘ntagiga kirayapti. Buni butun O‘zbekiston miqyosiga ko‘chirsangiz¸ dahshatli o‘g‘irlik sxemasini ko‘rasiz”¸ deydi Ozodlik gaplashgan Termiz ko‘mir omborining sobiq mudirasi Rayhon Rahmonova.

Rahmonova va uning sobiq hamkasblari bu jinoyatni fosh etuvchi ma’lumot va dalillarni Surxondaryo viloyat prokurori va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti rahbariga taqdim qilgan.

Viloyat bo‘yicha hamma tuman ijtimoiy soha tashkilotlarining briket ta’minoti departament tezkor guruhi a’zolari bilan o‘rganildi va barcha vajlarimiz o‘z isbotini topdi. Ammo milliardlab byudjet pulini talon-taroj qilganlar ishi yana bosti-bosti bo‘ldi. Ular qolib¸ bizning o‘zimizni jinoyatchiga chiqarishdi»¸ deydi Rahmonova.

Ozodlik Rahmonova va «O‘zbekko‘mir» «O‘zbekiston temir yo‘llari» tarkibiga o‘tganidan so‘ng ishdan bo‘shatilgan yana 70 nafar xodimning bu iddaolariga rasmiy munosabat bildirishni so‘rab «O‘zbekiston temir yo‘llari» va Bosh prokuratura matbuot xizmatiga murojaat qildi.

Hozircha ikkala idoradan ham javob kelmadi. (Javob kelishi bilan maqola yangilanadi - tahr.)

“Temir yo‘llari” prezident qaroridan keyin 71 "ko‘mirchi"ni ishdan haydadi

Ozodlikka murojaat qilgan “O‘zbekko‘mir” AJning 71 nafar ishchisi “O‘zbekko‘mir” prezident Mirziyoevning 2017 yil 8 noyabr kungi qarori bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” tarkibiga o‘tkazilganidan so‘ng 2018 yil yanvarida ishdan haydalgan.

Bo‘shatilganlar Qashqadaryo va Surxondaryodagi "O‘zbekko‘mir" omborlarini boshqarish vakolati berilgan Qarshi birlashgan yonilg‘i ombor xo‘jaligining bu qarori ustidan mahkamaga arz qilgan.

Qarshi tumanlararo sudi 2018 yil 22 fevral kuni 71 nafar ishchining qonunchilikka zid ravishda bo‘shatilganini e’tirof qilib¸ Qarshi birlashgan yonilg‘i ombor xo‘jaligidan ularni ishga qayta tiklashni so‘ragan.

Ammo “Temir yo‘llari” hududiy bo‘limi bu hukm ustidan shikoyat arizasi kiritgan va 22 aprel kuni hukmning Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi tomonidan bekor qilinishiga erishgan.

Shundan so‘ng arzchilar Toshkentga – respublika Bosh prokuraturasi¸ undan esa¸ respublika Transport prokuraturasiga shikoyat bilan borgan.

Xususan¸ Termiz ko‘mir ombori sobiq rahbari¸ “O‘zbekko‘mir” tizimidagi sanoqli menejer ayollardan biri bo‘lgan Rayhon Rahmonovaning Ozodlikka aytishicha¸ u 2018 yil 17 avgust kuni Transport prokuraturasi rasmiysi Jahongir Solixonov qabuliga kiradi.

Suhbat davomida Rahmonova nafaqat noqonuniy ishdan bo‘shatilish¸ balki “O‘zbekko‘mir” “O‘zbekiston temir yo‘llari” tarkibiga kirganidan so‘ng bu yerda amalga oshirilayotgan katta iqtisodiy jinoyatlar haqida gapirib beradi. Prokuratura rasmiysi uning aytganlarini eshitib¸ chora ko‘rilishini aytadi.

Ammo Toshkentdan qaytganidan ko‘p o‘tmay¸ Rahmonova o‘zi va shikoyatchilar orasida bo‘lgan yana besh nafar sobiq ombor mudiri ustidan Transport prokuraturasining Surxondaryo viloyatidagi tergovchilari tomonidan jinoyat ishi ochilganidan xabar topadi.

Ularga ishdan bo‘shatilganidan 8 oy o‘tib¸ o‘zi boshliq bo‘lgan ombordagi ko‘mir mahsulotlarini yangi rahbarga rasman topshirmaganlik aybi qo‘yiladi.

Viloyat Soliq boshqarmasi ishchi guruhining¸ ombordagi mahsulotlarni yangi rahbarga o‘z vaqtida rasmiylashtirmagani uchun sobiq ishchilar emas¸ balki muassasa rahbarlarini javobgarlikka tortish kerakligi haqidagi xulosasi sud tomonidan inobatga olinmagan - Rahmonova 31 million so‘mlik zararni davlatga to‘lash va uch yillik ozodlikni cheklashga hukm qilingan.

O‘zbekko‘mir”dagi jinoyatlar sxemasi haqida arz qilganimizdan keyin bir yil oldingi priyom-sdachani ko‘tarib¸ bizni qalbaki hujjatlar , yolg‘on ko‘rsatmalar¸ soliq xodimlari bilan noqonuniy tekshiruv xulosalari tayyorlab¸ davlat mulkini talon- taroj qilganlikda ayblashdi”¸ deydi Ozodlik gaplashgan sudlanganlardan biri.

Xalq ta’limi vazirligi briketlarning kukun ekanini tasdiqlaydi

2018 yilning 14 noyabr kuni Turon24 agentligi suhbatlashgan Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Otabek Nazirov “maktablarga yetkazib berilayotgan ko‘mirning sifati past, yarmidan ko‘pi kukun yoki nam briketlardan iborat” ekanini aytgan edi.

Xususan¸ vazirlik rasmiysi suhbat davomida aynan Rayhon Rahmonova tilga olgan Qarshi birlashgan yonilg‘i ombor xo‘jaligiga biriktirilgan “Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida mavjud 89 ta umumta’lim maktabiga 1312 tonna nam briket va sifatsiz ko‘mir yetkazib berilayotgani aniqlangan”ini tilga olgan.

“O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 5 sentabrdagi “Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ilovasida maktablarga yetkazib beriladigan ko‘mirga aniq talablar qo‘yilgan. Unga ko‘ra, ko‘mirning kullik darajasi 17 foizdan oshmasligi, fraksiyasi esa 50 millimetrdan kichik bo‘lmasligi kerak”¸ degan Xalq ta’limi vazirligi rasmiysi¸ “O‘zbekko‘mir” tarqatayotgan mahsulot sifatini tekshirishga o‘z tizimida vakolat yo‘qligini e’tirof qilgan edi.

XS
SM
MD
LG