Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:07

"Tez yordam" haydovchilari: Benzinniyam, ehtiyot qismlarniyam yonimizdan sotib olayapmiz


“Biz – Buxoro viloyatining Qorako‘l, Jondor, Buxoro, Romitan, Kogon tumanlari va Buxoro shahri “Tez yordam” avtomashinalari haydovchilarimiz", deb boshlanadi e’tiboringizga havola qilinayotgan xat.

Haydovchilar o‘z maktubi davomida quyidagilarni yozgan:

"2017 yilda prezident qarori bilan barcha “Tez yordam” avtomashinalari viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining avtokorxonasiga qo‘shildi.

Avtokorxona “Tez yordam” avtomashinalarini yonilg‘i va ehtiyot qismlar bilan ta’minlashi kerak. Ammo avtokorxona ma’muriyati ehtiyot qismlarni yetarli darajada yetkazib bermayapti.

Oqibatda, avtomashinalar yaroqsiz holga kelgan. Avtokorxona omboridan arzon ehtiyot qismlarni berishadi, qimmatlarini cho‘ntagimizdan sotib olamiz. Oddiy misol, 6 oydan buyon motor moyi berilmadi, o‘zimiz sotib olamiz. Mashinalar shinalari yaroqsiz holga kelgan, ko‘p marotaba teshilib, yo‘lda qolib ketmoqdamiz.

Buning ustiga, yonilg‘i, ya’ni benzin kam berilmoqda. Berilayotgan benzinning sifati ham, miqdori ham talabga javob bermaydi. Avtokorxona benzin quyish shoxobchasida yonilg‘idan urib qolishadi.

Yonilg‘idan urib qolingani kasriga, yaqinda Kogon shahrida “Tez yordam” mashinasi benzini tugab o‘chib qoldi va oqibatda bemor vafot etdi. Shunda ham hamkasbimizni – haydovchini aybdor qilib ishdan bo‘shatishdi.

Avtokorxona rahbariga murojaat qilishning foydasi yo‘q, ishchilarni pisand qilmaydi. Yozaman desak, gap ko‘p. Avtokorxonadagi tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik, o‘z vazifasiga sovuqqonlik haqida gapirmaylik. Vakolatli idoralar tekshiruv o‘tkazib, o‘zi aniqlab olar.

Xo‘sh, davlat tomonidan “Tez yordam” mashinalari uchun ajratilayotgan ehtiyot qismlar va yonilg‘i qaerga ketmoqda? Biz – haydovchilar qachongacha ular uchun cho‘ntagimizdan pul sarflaymiz? Biz oyligimizga yonilg‘i va ehtiyot qism olaylikmi yo qora qozonimizni qaynataylikmi?”

XS
SM
MD
LG