Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:46

"Bug‘doy qiroli" deb tanilgan "O‘zdonmahsulot" maslahatchisi Dilshod Sayfiddinov hibsga olindi


Dilshod Sayfiddinov
Dilshod Sayfiddinov

O‘zbek biznes elitasi orasida "bug‘doy qiroli" nomi bilan tanilgan Dilshod Sayfiddinov o‘tgan juma, 8 fevral kuni Toshkentdagi uyida prokuratura va Milliy Gvardiya xodimlari tomonidan hibsga olingan.

Bu haqda Ozodlikka 14 fevral kuni Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligidagi bir-bir biridan mustaqil ikkita manba ma’lum qildi.

Dilshod Sayfiddinovga nisbatan hozircha O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 210-modda ("Pora olish") va 211-moddasi ("Pora berish") bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bu ma’lumotni ochiqlash o‘z xizmat vakolatlari doirasiga kirmagani uchun ismi sir qolishini so‘ragan Ichki ishlar vazirligi zobitiga ko‘ra, 48 yashar Dilshod Sayfiddinov unga qarshi DXX raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Jahongir Egamov ko‘rsatma bergani ortidan hibsga olingan.

46 yashar Jahongir Egamov esa¸ hukumatdagi manbalar ta’kidicha¸ prezident Shavkat Mirziyoev 25 dekabr kuni DXX xodimlari ishtirokida o‘tkazgan kengaytirilgan yig‘ilish paytida vazifasidan bo‘shatilgan va oradan bir necha kun o‘tib hibsga olingan.

"Bug‘doy qiroli"

Dilshod Sayfiddinov O‘zbekistonning turli mintaqalarida o‘ttizga yaqin un zavodi shuningdek Toshkentdagi "Vernisaj" va "Efendi" kabi restoranlar sohibidir. ​

​U uzoq yillar davomida don xarid qilish, saqlash va qayta ishlash sohasida mamlakatdagi asosiy tashkilot - "O‘zdonmahsulot" aksiyadorlik kompaniyasida maslahatchi sifatida ishlagan.

Dilshod Sayfiddinovni yaqindan tanuvchi o‘zbekistonlik yirik tadbirkorning Ozodlikka aytishicha, "O‘zdonmahsulot"ga kelgach, Dilshod Sayfiddinov Samarqand, Navoiy va keyinchalik Toshkent viloyatlaridagi bir nechta don mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarini xususiylashtirib olgan.

"Dilshodning asosiy biznesi "O‘zdonmahsulot"da edi. Butun "O‘zdonmahsulot"da urug‘ narxi, un narxini belgilashda undan ruxsat olishardi. U ko‘pchilik nazarida xalqni sifatsiz non bilan ta’minlagan shaxs sifatida qoldi," deydi o‘zbekistonlik tadbirkor.

DXXdagi qama-qamalar...

Joriy yilning 10 yanvarida jinoyatchilikning oldini olish borasidagi kelgusi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoev kuch ishlatar tizimlar rahbarlarini "arqonni uzun tashlab qo‘ygani"dan ogohlantirgan, yaqin kunlarda "jilovni tortishini" aytgan edi.

Ozodlik bilan yozishgan mulozim iddaosiga ko‘ra, 10 yanvardan to 11 fevralga qadar O‘zbekiston DXXning yuzga yaqin xodimi ustidan jinoyat ishi ochilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llangan.

DXX sobiq xodimlarining rasman tasdiqlanmagan iddaolariga ko‘ra, DXX xodimlarining hibsga olinishiga Shavkat Mirziyoev oila a’zolarining telefon so‘zlashmalari tinglangani va nazorat ostiga olingani sabab bo‘lgan.

Hukumatdagi manbalar O‘zbekiston DXXga bir yil raislik qilgan Ixtiyor Abdullaevning 11 fevral kuni hibsga olinganini xabar qildi.

Mamlakat Bosh prokuraturasi hozircha DXX rahbarlarining ushlangani va ular ustidan jinoyat ishi qo‘g‘g‘atilganiga oid ma’lumotlarni na tasdiqladi va na inkor qildi.

XS
SM
MD
LG