Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:42

Prezident taqiqiga qaramay yakshanbada selektor o‘tkazish davom etmoqda; minglab mulozim dam olishsiz ishlamoqda


27 avgust kungi selektorda prezident Mirziyoev¸ mahalliy matbuotga ko‘ra¸ yakshanba kunlari majlis qilishni to‘xtatishni buyurgan.
27 avgust kungi selektorda prezident Mirziyoev¸ mahalliy matbuotga ko‘ra¸ yakshanba kunlari majlis qilishni to‘xtatishni buyurgan.

Yakshanba¸ 17 fevral kuni ertalabki soat 10 da Vazirlar Mahkamasida respublika Bosh prokurori Otabek Murodov rahbarligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkaziladi.

Fermerlarga yerni qachon sug‘orib¸ unga qachon kimyoviy preparat sepish kabi masalalarda yo‘l-yo‘riq beriladigan bu selektorda¸ butun mamlakatdagi qishloq xo‘jalik sektori rahbar va xodimlaridan tortib¸ prokuror va soliqchilar¸ shuningdek tijorat banklari rahbarlariga qatnashishi shart qilib belgilangan.

14 fevral kuni Ozodlikka bu haqdagi “tezkor telefonogramma” nusxasini yuborgan Toshkent mulozimlaridan biri prezident topshirig‘iga qaramay¸ majlisbozlikning yakshanba kunlari to‘xtovsiz davom etayotganidan “ko‘pchilikning toqati-toq bo‘lgani”ni bildirdi.

Farg‘onalik fermer esa¸ prokuror va Toshkentdagi issiqqina kabinetda po‘rim kiyimda o‘tirgan byurokratlarning loy kechib dalada yurgan dehqonning vaqtini o‘g‘irlab¸ unga yerni qachon sug‘orish va qachon o‘g‘it solishni o‘rgatishini “haqorat” deb atadi.

Ayni paytda Bosh prokuratura mamlakat Bosh prokurori Otabek Murodovning 17 fevral kungi ish tartibiga hech qanday videoselektor kiritilmaganini bildirdi.

Toshkentdagilar e’tirozi

14 fevral kuni o‘z idorasiga Vazirlar Mahkamasidan yuborilgan navbatdagi “tezkor telefonogramma”ga ko‘ra¸ 17 fevral – yakshanba kunini oilasi emas¸ yana besamar majlisda o‘tkazishi kerakligidan toqati-toq bo‘lgan mulozimlardan biri bu buyruqni mehnat haqlarining ochiqdan-ochiq buzilishi deb atadi.

14 fevral kuni butun respublika miqësida tarqatilgan telefonogrammaning 1-sahifasi
14 fevral kuni butun respublika miqësida tarqatilgan telefonogrammaning 1-sahifasi

Prezident yakshanba kunlari ishlash¸ xususan¸ majlisbozlik qilishni to‘xtatish haqida gapirdi va yakshanbada ishlovchilarni hatto “dushman”ga qiyosladi. Lekin har yakshanba videoselektor o‘tkazish to‘xtamayapti. 3¸ 10 fevralda qishloq xo‘jalik sektori bo‘yicha o‘tkazilgan selektor yetmaganidek¸ 17 fevralga yana selektor chaqirishdi. Yakshanba kuni kami uch soatga cho‘ziladigan majlisda o‘tirishimizdan tashqari¸ shanba yarim tungacha hujjat tayyorlashimiz¸ selektordan keyin yana ming xil qog‘ozlarni to‘ldirishimiz kerak. Oila¸ bolalar tarbiyasi¸ shaxsiy hayot degan narsa qolmadi”¸ deydi Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘tkazilayotgan bunday selektorlarni tayyorlashga bevosita aloqador mulozim.

Ishdan ajrash tahlikasi bois shaxsi sir qolishini istagan bu Toshkent rasmiysi¸ 14 fevral kuni hali siyohi qurimagan yangi telefonogramma nusxasini Ozodlikka taqdim etdi.

17 fevral¸ yakshanba kunga belgilangan videoselektorda qatnashishi so‘ralganlar ro‘yxatidan ular sonining minglarni tashkil etishi tushuniladi.
17 fevral¸ yakshanba kunga belgilangan videoselektorda qatnashishi so‘ralganlar ro‘yxatidan ular sonining minglarni tashkil etishi tushuniladi.

Vazirlar Mahkamasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyati mutasaddisi M.Rasulov imzo chekkan telefonogramma butun respublikadagi hokimliklar¸ prokuratura¸ ichki ishlar va soliq boshqarmalari¸ hududiy agroinspeksiya rahbarlari¸ fermer¸ dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari¸ kadastr va tijorat banklari rahbarlariga yuborilgan.(to‘liq ro‘yxatni telefonogramma nusxasida ko‘rishingiz mumkin – tahr.)

Yakshanba kungi videoselektorlar muallifi

Ozodlik gaplashgan bir necha Toshkent mulozimiga ko‘ra¸ qishloq xo‘jalik masalalari bo‘yicha keyingi uchta yakshanba - 3¸ 10 va endilikda 17 fevralga belgilangan videoselektorlar tashabbuschisi Qishloq xo‘jalik vazirligi mutasaddilaridir.

Yakshanba kunlari bunaqa selektor o‘tkazish avtori Qishloq xo‘jalik vazirining birinchi o‘rinbosari A.Vahobov bo‘ladi. U o‘zini prezidentga ishlayotgan qilib ko‘rsatish uchun¸ ana shunaqa bema’ni majlisbozlikni ko‘paytirib o‘tiripti. Bir kun ham dam olmasdan ishlayapmiz. Ochiq e’tiroz bildira olmaymiz¸ chunki ishsiz qolishimiz aniq”¸ deydi Vazirlar Mahkamasi nomidan yuborilgan telefonogrammaga ko‘ra 17 fevral kungi selektorda qatnashishi shart qilib belgilangan mulozim.

Ozodlik 14 fevral kungi tezkor chaqiruvni yuborgan Vazirlar Mahkamasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyati bilan bog‘landi.

Go‘shakni ko‘targan rasmiy¸ bu hujjatning asl muallifini Qishloq xo‘jalik vazirligidan qidirishni tavsiya qildi.

Biz ulardan kelgan so‘rovni hujjatlashtirib¸ tarqatdik¸ xolos. Buni bizga Qishloq xo‘jalik vazirligi tayyorlab jo‘natgan”¸ dedi kotibiyatning Ozodlik gaplashgan rasmiysi.

Qishloq xo‘jalik vazirligining Ozodlik gaplashgan rasmiylari¸ 17 fevral kunga belgilangan videoselektor tashabbuschisi vazirning 1-o‘rinbosari ekanini aytdi va yakshanba kunlari respublika bo‘ylab minglab odamni majlisga majburlashga qanday ehtiyoj borligini Vahobovning o‘zidan so‘rashni maslahat berdi.

Vazir o‘rinbosari qabulxonasi telefoniga javob bergan xizmatchi¸ Ozodlik savollarini yozib olib¸ ularga kun davomida javob qaytarishni va’da qildi¸ ammo hozircha rasmiy javob kelmadi.

“Fermerlar po‘rimlar buyruqbozligidan to‘yib bo‘lgan”

Qishloq xo‘jalik sohasi bo‘yicha o‘tkazilayotgan selektorlarda qatnashishga majbur mulozimlarning Ozodlikka tushuntirishicha¸ yakshanba kungi yig‘ilishlarda Toshkentdagi rahbarlar o‘z kabinetlarida va Vazirlar mahkamasining studiyasida o‘tirishadi; viloyat va tumanlardan qatnashishi shart qilinganlar esa¸ viloyat hokimi va tuman hokimligining majlislar zalida to‘planadi.

Ozodlik gaplashgan fermerlarning aytishicha¸ Toshkentdagi rasmiylar bunday selektorda 3-4 soat o‘tirishga majbur bo‘lsa¸ tumanlardagilar kunni hokimlik binosida o‘tkazishga majbur.

10 boshlanadi¸ deyilgan videoselektorga tuman hokimi bizni 8 ga chaqiradi. To boshlanguncha¸ bir-birimizga qarab o‘tiramiz. Toshkentdagilar gapini gapirib¸ yig‘ilish tugaganidan keyin¸ viloyat hokimi boshlaydi¸ u uzilganidan keyin¸ tuman hokimi boshlaydi o‘z majlisini¸ qarabsizki¸ yakshanba bitta selektor bilan tugaydi”¸ deydi vodiylik fermerlardan biri.

Bu suhbatdosh¸ bunaqa majlisbozliklarni yer bilan ishlayotgan dehqon-fermer uchun ochiq haqorat¸ deb ataydi.

“Bular yozda konditsionerlik¸ qishda¸ otoplenielik kabinetida kostyumini kiyib¸ choyini ichib¸ bizga yerni qachon sug‘orish¸ qachon dori berish¸ qachon begona o‘tdan tozalashni o‘rgatadi. Yillardan beri yerda loy kechib yurgan fermerga prokuror bilan melisa shuni aytmasa¸ o‘zimiz bilmaymizmi? To‘g‘ri¸ fermerning hammasi ham agronomlikka o‘qimagan¸ lekin yerda ishlagan odam uni tushunadi. 17 fevral kuni bizga peshma-pesh sharbat usulida sug‘orish¸ qachon go‘ng qo‘yishni o‘rgatishadi. Shundan boshqa gapi yo‘q¸ o‘tgan ikki yakshanbada ham bosh prokuror o‘rinbosari shunaqa yig‘ilish qildi¸ ayni maslahatni berdi. Biz bunga mutoj emasmiz. Bizga vaqtida kredit bersin¸ erkinlik bersin¸ qolganini o‘zimiz bilamiz. Dehqon bilan fermerni ishlashga qo‘ymay¸ bular faqat quruq aql o‘rgatish¸ buyruq berish¸ yeringni olaman¸ deb qo‘rqitish bilan mashg‘ul”¸ deydi Ozodlik gaplashgan fermerlardan biri.

Prezident topshirig‘i

2018 yilning 27 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilish haqida xabar bergan mahalliy matbuot¸ unda prezidentning majlisboslikka barham berish¸ xususan¸ davlat xizmatchilarini yakshanba kuni ishga chiqishga majburlashni to‘xtatishni buyurgan..

"Prezident majlislar vaqtini ham kamaytirish bo‘yicha topshiriq bergan — majlislar vaqti 1,5 soatdan oshmasligi kerakligi belgilangan. Kunning noqulay paytlarida, tong saharlab yoki yarim kechada yig‘ilishlar o‘tkazish qat’iyan cheklanib, yig‘ilishga bevosita aloqasi bo‘lmagan korxonalar, idoralar va jamoat tashkilotlarining rahbar va xodimlarini, fermer va tadbirkorlar umuman taklif etilmaydi.

Shuningdek, mansabdor shaxslar endi shanba kuni soat 17:00gacha ishlab, yakshanba kuni ishga chiqmaydi. Prezident davlat mansabdorlari yakshanba kunlarida dam olib, vaqtini oilasi bilan o‘tkazishi lozimligini aytib o‘tgan"¸ deb yozgan edi bu yig‘ilish haqida xabar bergan Kun.uz sayti.

O‘zbekiston Mehnat kodeksining 16-moddasiga ko‘ra¸ “muddatlari chegarasi belgilangan ish vaqtini o‘rnatish, bir qator kasblar va ishlar uchun ish kunini qisqartirish, har haftalik dam olish kunlari, bayram kunlari, shuningdek haq to‘lanadigan yillik ta’tillar berish orqali ta’minlanadigan dam olish” xodimning asosiy mehnat huquqlari sanaladi.

Kodeksning “Ish vaqti” deb nomlangan VII bobi 115-moddasida “Xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga qirq soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati yetti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa sakkiz soatdan ortib ketmasligi lozim”¸ deb yozib qo‘yilgan.

XS
SM
MD
LG