Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:39

Samarqand tarixiy markazida ko‘p qavatli uy qurgan Umar Rajabov va uning o‘g‘li qamoqqa olindi


Tadbirkor Umar Rajabov
Tadbirkor Umar Rajabov

"Umar" va "Afrosiyob Xosiyat Begim makoni" shirkatlari rahbari 56 yashar Umar Rajabov joriy yilning 11 fevralida Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Bu haqda Ozodlikka tadbirkorning o‘g‘li Oybek Rajabov ma’lum qildi. Uning aytishicha, otasi Umar Rajabov bilan birga ukasi Ruslanbek Rajabov hamda shirkat tarkibidagi ikkita qurilish firmasining rahbarlari Shavkat Obloqulov va Fayzullo Fayziev ham hibsga olingan.

Ozodlik 14 fevral kuni suhbatlashgan Samarqand shahar hokimligi kapital qurilish bo‘limi mulozimiga ko‘ra¸ "YuNESKO himoyasida bo‘lgan hudud tarkibidagi Mironshoh ko‘chasida 7 qavatli uyni hissadorlar puli evaziga qurgan Umar Rajabov va yana 3 tadbirkorga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi («Firibgarlik») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan».

"Jinoyat ishini Samarqand viloyat prokuraturasi uy uchun pul to‘lagan va uy buzilganidan keyin pulini qaytarib ola olmagan payshiklar (hissador-tahr) shikoyati asosida ochdi. Hozircha Umar Rajabovni hech kim jinoyatchi deya olmaydi. Unga nisbatan gumondor sifatida dastlabki sud qarori bilan qamoq ehtiyot chorasi belgilandi. Uning keyingi taqdirini ham sud hal qiladi"¸ dedi Samarqand shahar hokimligi kapital qurilish bo‘limining ismi efirda aytilishini istamagan muozimi.

Rajabov qurgan imoratlardan biri
Rajabov qurgan imoratlardan biri

​Hibsda qolayotgan tadbirkor Umar Rajabovning o‘g‘li Oybek Rajabov Ozodlikka yozgan maktubida otasining qamalishi muammoning yechimi emasligini ta’kidladi.

«Otam Umar Rajabovni ham, ukamni ham, qolgan quruvchilarni ham “ehtiyot chorasi sifatida” qamoqqa olish shart emas edi. Otam “sizga jinoiy ish ochdik”, deyishsa ham bir yoqqa qochib ketadigan odam emas. Pasportini olib qo‘yishlari yoki bir yerga ketmasligi haqida tilxat olishlari yetarli bo‘lardi.

Otamni qamoqqa olish qurilishlar borasida Samarqanddagi muammolarning yechimi ham emas. Otam qamalsa, u kishi qurgan va qurayotgan uylar buzilsa, oz emas, ko‘p emas, 800 xonadon uysiz qoladi. Ularga kim uy olib beradi? Ularga yetgan zararni kim to‘laydi?" deya savol qo‘yadi o‘z maktubida Oybek Rajabov.

Qurilib buzilgan uy mojarosi

Samarqand shahar hokimligi kapital qurilish bo‘limi mulozimi ikki yildan beri davom etayotgan qurilib buzilgan uy mojarosini qisqa qilib gapirib berdi.

"Umar akaga Samarqand shahrining avvalgi hokimi Vohid Sanaqulovich Rahimov tomonidan imzo chekilgan (u 2017 yilning avgustida ishdan olingan) qaror bilan Mironshoh ko‘chasida 2 qavatli savdo markazi qurishga ruxsat berilgan. Ammo Umar Rajabov bu hududda 7 qavatli uy qurishni boshlagan. 2018 yilning 23 iyunida Samarqand shahrining hozirgi hokimi Furqat Rahimov qaroriga asosan binoni buzish ishlari boshlangach, binodagi uylar uchun avvaldan buyurtma qilib, haq to‘lab qo‘ygan mijozlar pullarni qaytarishni talab qila boshlashdi"¸ deydi mulozim.

Mulozim ta’kidiga ko‘ra¸ tadbirkorga oid nizoli imoratning Samarqand tarixiy qismida joylashgani vaziyatning og‘ir tomonidir.

"Uy jarlikda joylashgan va shaharning gorizontal qiyofasiga vizual zarar bermaydi. Hudud tarixiy qism ichida bo‘lmaganda bino amnistiya qilinardi. "YuNESKO himoyasida bo‘lgan hududda qurilgan bu uyning buzilishi haqida uzil-kesil qaror qabul qilingan. Barcha e’tiroz uy qurilishini amalga oshirgan tadbirkor Umar Rajabovga qaratilishi zarurligi hokimiyat tarafidan payshiklarga bildirildi. Uy buzilishini shaxsan Bosh vazir nazorat qilmoqda"¸ dedi mulozim.

Madaniyat vaziridan tahdid

2018 yilning 25 iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ozodlik savoliga javob bergan Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullaev ham Samarqandning YuNESKO himoyasidagi hududida uch qavatdan baland qurilgan barcha binolar buzilishini bildirgan edi.

Vazirga ko‘ra¸ samarqandlik tadbirkor Umar Rajabov qurgan 7 qavatli "uy buziladi va bu qadimiy hududda o‘zboshimcha uy qurmoqchi bo‘lgan boshqa tadbirkorlar uchun saboq bo‘ladi".

Bor-budidan ayrilgan tadbirkor faryodi

Hozir hibsda qolayotgan tadbirkor Umar Rajabov 2018 yilning 2 avgust kungi Ozodlik bilan suhbatda¸ mutlaq bankrot bo‘lgani va salomatligidan ajraganligidan shikoyat qilgan edi.

- Pichoq borib bo‘g‘zimga qadaldi. Bir oy ichida milliardlarimdan ham, sog‘ligimdan ham ayrildim. Mironshoh ko‘chasidagi yetti qavatli uy qurilishi uchun sobiq hokim Turob Jo‘raev mendan "iltimos" qilgan ba’zi xizmatlarni bajarib berasiz deb. Bu uyga ruxsat berishlari uchun Samarqand shahrida Prezident qabulxonasi qurib berdim. Karimov maqbarasi yonida choyxona qurib berdim. Yer osti yo‘li qurib berdim. Bu ishlarni mendan "iltimos" qildi. Iltimosni bajardim. Bir tiyin olmasdan! O‘z kuchim bilan! Albatta, bu ishlarni "bajarganlari" uchun davlat byudjetidan kimlardir qanchalar mablag‘ni ishlatildi, deb "ishlatib" yuborgandir, u yog‘i mening ishim emas. Faqat shuni aytishim lozimki, bu ishlarga millionlab pulim ketdi. Mayli, men faqat qisman izn olib uy qurgandirman. Lekin Samarqand qadimiy hududida ko‘p qavatli bino qurgan boshqa mulozimlarga oid imoratlarni nega buzishmaydi? Qonun kaltagi nega faqat mening boshimda sinadi? Pora berib, uy qurgan menikidan ham baland binolarga birov tegmayapti-yu, men qurgan uylarni buzishga yopishishdi. Vaholanki, qadimiy hududda uy qurgan, menikidan baland qilib qurgan qurilish firmalari rahbarlari orqasida qaysi amaldorlar turganini ham yaxshi bilaman¸ - degan edi shu kunlarda ustidan jinoyat ishi ochilib hibsda qolayotgan samarqandlik tadbirkor Umar Rajabov.

Vazirlik va hokimiyat qurilishdan bexabar bo‘lganmi?

Buzilgan uy ichidan kvartira sotib olgan o‘nlab samarqandlikdan biri Mavluda Karimova Ozodlik bilan suhbatda: "Nega madaniyat vazirligi va shahar hokimiyati yetti qavatli uy qurilib bo‘lguncha indamay turdi¸ uy havozalari ko‘tarilgan paytda ularning ko‘zi qaerda edi? - deya savol berdi.

Ozodlik muxbirining ayni ma’nodagi savoliga javob bergan Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullaev "Tadbirkorlar bizning "bditelnost"imizni (hushyorligimizni-tahr) uxlatib qo‘ydi," deya javob qilgan edi.

Vazir aytmoqchi "bditelnosti uxlagan" paytda Samarqanddagi hali bitmagan bino kvartiralarni 26 oila sotib olgan edi.

Ular bu kvartiralarning har kvadrat metriga 3 milliondan 6 million so‘mgacha pul to‘lashgan.

Ozodlik suhbatlashgan Samarqand shahar hokimligi huquqshunosiga ko‘ra¸ bu hissadorlarning pulini "Afrosiyob Xosiyat Begim makoni" shirkati qaytarishga majburdir.

Orzusidan ayrilganlar istisno tariqasida uyni buzmang¸ deb yolvorishmoqda

Mironshoh ko‘chasida qurilib buzilayotgan uydan kvartira sotib olganlardan biri Mavluda Karimova Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va boshqa hissadorlar tadbirkorning emas¸ balki shahar hokimiyatidagi bosh-boshdoqlik qurboni bo‘lganini aytadi:

- Samarqandlik uchun uyidan ayrilish musibat. Bizning pulimizga sifatli uy qurib bergan tadbirkorni ayblamaymiz. Tadbirkorni aldab, bankrot qilgan mulozimlarni ayblaymiz. Agar biz uysiz qolsak, shahar hokimini uyiga borib yashaymiz. So‘nggi chora sifatida biz O‘zbekiston prezidentiga Ozodlik orqali murojaat qilamiz. Hurmatli prezident bizni orzumizdagi uydan judo qilmang¸ dedi Mavluda Karimova.

XS
SM
MD
LG