Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:08

OzodDayjest: Qotil yigit qurbonining uzugini qallig‘iga sovg‘a qildi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Uy-joyga doir “amnistiya” ijrosi prokuratura tomonidan qoniqarsiz, deb baholandi. Avtokredit ajratish kamayib ketgani sababi ochiqlandi. Olmaliqda 70 dan oshgan ayol uch yigit tomonidan vahshiylarcha o‘ldirildi.

_____________________________________________________________

Prokuratura uy-joyga doir “amnistiya” ijrosini qoniqarsiz deb baholadi

O‘zbekistonda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turarjoylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi talab darajasida o‘tkazilmayapti (“Huquq”, 14 fevral). Prezident farmonida turarjoy “amnistiyasi” 2018 yil 1 mayidan 2019 yil 1 mayiga qadar davom etishi belgilangan. Bosh prokuraturaga ko‘ra, 2019 yilning 1 fevral holatiga davlat xizmatlari agentligiga mamlakatda mavjud 569 534 ta o‘zboshimchalik bilan qurilgan turarjoylardan 274297 tasi yoki 48 foizi bo‘yicha ariza berilgan, xolos. Agentlik mazkur arizalarning atigi 108 mingtasini o‘rgangan, qolgani esa ko‘rib chiqilmagan. Shuningdek, mas’ul tashkilot va idoralar tomonidan ko‘p bora arizalarni ko‘rib chiqish muddati buzilgani qayd etilgan. Prokuratura mas’ul idoralarni va aholini umumdavlat aksiyasida faol qatnashishga chorlagan.

Markaziy bank raisi avtokredit beruvchi banklar kamayib ketgani masalasiga oydinlik kiritdi

O‘zbekiston banklari tomonidan avtokredit ajratish kamayib ketgani sababi ochiqlandi, deb xabar beradi “Darakchi” nashri. “Biz avtokreditlash risklarini baholaganimizda ular bizda yuqori riskli ekani ma’lum bo‘ldi. Biz avtokreditlashni cheklamadik, shunchaki tijorat banklarining bu kredit turiga Markaziy bank talablarini kuchaytirdik, ya’ni avtokreditlar bo‘yicha xatarlar darajasini oshirdik, banklar ustav kapitaliga qo‘shimcha talablarni o‘rnatdik”, degan Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmurodov. Bundan tashqari, mazkur masalani makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish ta’kidlangan. MB raisiga ko‘ra, juda ko‘p miqdorda avtokredit ajratish avtomobillarning ikkilamchi bozorini o‘ldiradi.

Qotil yigit o‘ldirilgan jasadning barmog‘idan sug‘urib olingan uzukni qaylig‘iga tuhfa qildi

Toshkent viloyati Olmaliq shahrida mudhish jinoyat ro‘y berdi (“Inson va qonun”, 12 fevral). Bu haqda Toshkent viloyat prokuraturasi bo‘lim prokurori Rayhon Yusupova ma’lum qilgan. Avval uch marta sudlangan 34 yoshli yigit onasining keksa dugonasi uyiga borgan. 70 dan oshgan uy sohibasi yaqin dugonasining o‘g‘lidan shubhalanmay, uni ichkariga boshlagan. Yigit esa himoyasiz keksa ayolni ayovsiz kaltaklagan, so‘ng chavaqlab o‘ldirgan. Jinoyatni sodir etishda unga ikki sherigi yordam bergan. Ular qotillik evaziga 20 ming so‘mlik qo‘l telefoni, 250 ming so‘mlik kumush uzuk, 50 ming so‘mlik kumush zanjir, bir kilocha go‘sht, baliq konservasi hamda 200 ming so‘m naqd pulni qo‘lga kiritishgan. Qayd etilishicha, uch yigit odam qoniga botgan go‘sht va konservani oila a’zolari bilan bir dasturxonda tanovul qilgan. Ulardan biri hatto o‘ldirilgan jasadning barmog‘idan sug‘urib olingan uzukni qaylig‘iga sovg‘a qilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi qotillikda ayblangan uch sudlanuvchiga 19 yildan 25 yilgacha bo‘lgan ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlagan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

XS
SM
MD
LG