Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:01

"Hokimlar fermerlardan yerni topshirish xususida ixtiyoriy-majburiy ariza olishdi"


“Ushbu maktubni Namangan viloyati Mingbuloq va Pop tumanlari fermerlari nomidan yo‘llamoqdamiz. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi 14-sonli qarori bizda qanday bajarilgani xususida yozmoqchimiz", deb boshlanadi OzodMaktub ruknida e’lon qilayotganimiz navbatdagi maktub.

Xatning davomini o‘qing:

"Dastlabki kunlarda hokimlar fermerlardan yer topshirish xususida ixtiyoriy-majburiy ariza olishdi. Bu jarayonga IIB xodimlari ham jalb etildi. Har bir massivga (sobiq MMTP) biriktirilgan va paxta, g‘alla parvarishini nazorat etuvchi IIB xodimlari fermerlarni hokimga ro‘para qilib, aldov, tahdid yo‘li bilan ariza olishdi. Tarixdan bilamizki, ingliz mustamlakachilari hindu qabila sardorlariga yerlarni sotish va rezervatsiyalarga ko‘chish to‘g‘risidagi shartnomaga zo‘rlik bilan qo‘l qo‘ydirgan edi. Mingbuloq va Popdagi jarayonlar ham o‘sha holatni yodga soldi.

Hukumat qarorida yerga egalik qilish huquqini fermerlardan olib, qishloq xo‘jaligiga investitsiya kiritadigan sarmoyadorga berish talabi ham bor edi. Eng qizig‘i, Namangandagi “Momiq sochiq” korxonasi rahbariyati qonunni aylanib o‘tish yo‘lini topdi. Xullas, turk sarmoyadori 25 foiz investitsiya kiritdi, qolgan ulushni esa “Momiq sochiq” korxonasi qo‘shdi...

Yerlarning tortib olinishi Yer kodeksi va fermer xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonunlarda mustahkamlangan qoidalar, xususan, yerni 30 yildan 50 yilgacha ijaraga berish tartibiga zid edi. Mingbuloq tumani hokimligi va fermerlar kengashi ushbu xatoni anglab, hokimlik oldida yig‘ilgan fermerlarga yer ijara shartnomasi bir tomonlama bekor qilinmasligi, yerlarni olish qonun doirasida ko‘rib chiqilishini aytishdi. Fermerlarning yarmi tuman hokimligi yonida qoldi, yarmi esa Toshkentga, Bosh prokuraturaga borib, norozilik bildirishdi. Toshkentga darhol yetib borgan viloyat hokimi X.Bozorov fermerlardan tarqalishni so‘radi, ammo fermerlar haqini talab qilib turaverdi. Oqibatda, Bosh prokuraturadan chiqqan viloyat hokimining qon bosimi ko‘tarilib ketdi va shoshilinch kasalxonaga yotqizildi.

Natija shu bo‘ldiki, investor bilan hech bo‘lmasa 50x50 qabilida kelishuvga erishish uchun muzokaralar boshlandi va yer egaligi qisman sarmoyadorga berildi. Bizningcha, yerga egalik huquqi arzongarovga sotildi. Bu jarayonga prokuratura ham e’tiroz bildirmadi.

Pop tumanida esa hamma narsa ko‘zbo‘yamachilik bilan o‘tkazildi. Prezidentning “Xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi kerak” degan talabini tuman hokimi unutib qo‘ydi go‘yo. Popning g‘alla maydonlari ayni kunlarda ikkinchi marta o‘g‘itlanmay yotibdi. G‘alla hosili xavf ostida. Bugun yerlar chigit ekishga tayyorlanmayotgan ekan, fermer bilan yer talashgan investorning ham omadi kelmasligi aniq.

Hokimlar-ku o‘zboshimchalik qilibdi, xo‘sh, xalq ishonch bildirib saylagan vakillar – mahalliy kengash deputatlari nega bu holga tomoshabin bo‘lib turibdi?”

Eslatma​: OzodMaktub rukni ostida chop etiladigan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari ifodasidir. Ozodlik bu mulohazalar uchun mas’ul emas.

XS
SM
MD
LG