Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:04

Andijondagi kollej o‘qituvchisiga o‘quvchini haqorat qilgani uchun chora ko‘rildi


Andijon transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji. Surat xabar.uz saytidan olindi.
Andijon transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji. Surat xabar.uz saytidan olindi.

Andijon Transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Nurmuhammad Mutalibovni 11 fevral kuni psixolog xonasiga olib kirib, 35 minut davomida haqoratlagan kollej o‘qituvchisi Rashidaxon Xatamovaga xayfsan berildi.

Kollej direktorining Ozodlikka bildirishicha, o‘quvchi haqoratlanayotgan paytda vaziyatni barqarorlashtirmagan kollej psixologi Gulasal Botirovaga ham "dakki berilgan".

Ko‘rilgan choralar to‘g‘risida kollejning ismi aytilmasligini so‘ragan direktori Ozodlikka 18 fevral kuni ma’lum qildi. Direktorning aytishicha¸ ayb o‘qituvchida bo‘lgan:

- Men o‘sha bola tarafidaman. Ota-onalar bizga ishonib topshirib qo‘ygan farzandlarini haqorat qilishga haqqimiz yo‘q. O‘sha kuni men kasalxonada davolanayotgan edim. Voqeani eshitib darhol maktabga yetib keldim. Kasaba uyushma majlisini chaqirib o‘quvchini haqoratlagan Rashidaxon Xatamova xulqini muhokama qildik. U kishiga xozircha xayfsan jazosi berdik.

Direktorning aytishicha¸ o‘quvchining ota-onasi bu chorani kam deb hisoblagan:

- Bo‘shating u o‘qituvchini, deb talab qo‘ydi onasi. Mavjud qonunchilikka ko‘ra¸ men unga oldin xayfsan berishim kerak. Ota-onasi aytdi, deb o‘qituvchini darhol bo‘shatishimga qonun yo‘l qo‘ymaydi.

O‘quvchi Nurmuhammad Mutalibovning o‘zi Ozodlik bilan 18 fevral kungi suhbatda uni haqorat qilgan o‘qituvchi onasidan kechirim so‘raganini aytdi:

- O‘qituvchi onamdan kechirim so‘radi. Mening endi o‘qituvchiga e’tirozim yo‘q.

Nima bo‘lgan edi?

Joriy yilning 11 fevralida Andijon Transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida yuz bergan voqeaning bir qismi yozilgan audio 18 fevral kuni Ozodlikka yetib keldi.

Audioda uchta ayol bitta o‘quvchiga dakki berayotgani eshitiladi. Tergayotganlardan biri o‘quvchini “haromi”¸ “yetimcha” deya haqorat qiladi. Tars-turs etgan ovozlardan o‘quvchi bola kaltaklanganligini taxmin qilish mumkin. Ozodlik kollej direktori¸ o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbat asnosida voqeaga oydinlik kiritdi.

Ismi aytilmasligini so‘ragan kollej o‘qituvchisi Ozodlik bilan suhbatda tafsilotlarni gapirib berdi:

- O‘sha kuni ikkinchi para darsda 304- guruh o‘quvchisi Nurmuhammad Mutalibov o‘qituvchi Rashidaxon Xatamova bilan aytishib qoldi. Undan so‘ng o‘qituvchi o‘quvchining qo‘lidan yetaklab birinchi qavatga olib tushdi. Birinchi etajda psixologning xonasida u bola bilan ozgina janjal bo‘ldi. Psixolog Gulasalxon Botirova va uslubchi Umidaxonlar bolani o‘rtaga olib dakki berishdi. Maktabda qo‘l telefoni ishlatish mumkin emas. Ammo bu bola cho‘ntagidagi telefonni yoqib qo‘yib hammasini yozib olib onasiga eshittiribdi. Onasi kelib shikoyat qildi.

O‘quvchi Nurmuhammad Mutalibovning o‘zi Ozodlik bilan suhbatda bu audioni “o‘zini himoya qilish uchun yozib olganini” aytdi:

- Men yozib oldim ammo faqat onamga eshittirdim. Audioni tarqatmadim. Lekin kollejdan ko‘nglim sovidi. Mana bugun ham kollejga bormadim.

O‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lganmidi?

Nurmuhammad yaqinlarining Ozodlikka aytishicha, bo‘lib o‘tgan voqeadan keyin o‘quvchi o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan.

Ozodlik bilan suhbatda Nurmuhammad “haqorat jonidan o‘tib ketgani bois, o‘z joniga qasd qilishga uringanini aytdi:

- Akajon endi hammayoqdan yomonlanib ketgandan keyin odam tushkunlikka tushar ekan. U yoqqa borsam, ustoz so‘kadi. Uyga kelsam, onam tergaydi. Nega tomog‘ingning tagi tirnalgan¸ ko‘zingning oldi ko‘kargan nimaga¸ nima bo‘ldi deb so‘kadi. U yoqda ma’naviyatchi so‘kadi. Ko‘chadagi posbon ham barmog‘ini menga niqtab "to‘g‘ri yur"¸ deydi. Nima, men hamma so‘kadigan nishonmanmi? To‘ydim bu hayotdan deb o‘zimni o‘ldirmoqchi bo‘luvdim, onam to‘xtatib qoldi.

Andijon Transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji direktori Ozodlik bilan suhbatda bu o‘quvchining ruhiy reabilitatsiyasi uchun barcha ishlar qilinishiga va’da berdi.

XS
SM
MD
LG