Линклар

Шошилинч хабар
13 ноябр 2019, Тошкент вақти: 00:19

Navoiy viloyat sudi raisi o‘z xodimini yerga yotqizib, chotiga tepdi. Xodim kasalxonaga tushdi.


Illyustrativ surat

15 fevral kuni ertalab Navoiy viloyat ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi raisi Otabek Toshev qo‘l ostida ishlovchi xodim Dilshod Norovni hamkorlari ko‘z o‘ngida yerga yotqizib tepkilagan.

Bunday iddao bilan Ozodlikka 18 fevralda 31 yashar Dilshod Norovning o‘zi murojaat qildi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ko‘ra, mazkur holat bo‘yicha "tergov oldi tekshiruvi olib borilmoqda".

"Ko‘zimdan o‘t chiqib ketdi"

Viloyat sudida kompyuter sozlovchisi bo‘lib ishlaydigan Dilshod Norovning aytishicha, ma’muriy sud raisi Otabek Toshev uni, go‘yoki, berilgan vazifani bajarmagani uchun yerga yotqizib, chotiga tepgan.

- Birinchi haqoratlab, pultni otib yubordilar. Jahl ustida kelib, boshimga urdilar o‘ng qo‘llari bilan. Boshimga urgan payti pastga qaragandim, kutilmaganda butimga tepdi. Shunda yiqildim yerga. Ko‘zimdan o‘t chiqib ketdi. Ay, dedim. Yordamga chaqirdim, - dedi Dilshod Norov.

Natijada, yura olmay qolganini aytgan 31 yashar Dilshod Norov ayni kunning o‘zida Navoiy viloyat kasalxonasi xirurgiya bo‘limiga yotqizilgan.

Moyagi shishib ketganini aytgan Dilshod Norov hozirgi ahvolini "o‘rtacha" deya baholadi.

- O‘rtacha. "Yaxshi bo‘lib ketasan. Bugun-erta shishlaring qaytadi. Qoning yaxshi chiqdi," deyapti do‘xtirlar. Lekin tashqariga akam olib chiqdilar. Uyat bo‘lsayam aytay, oldingiday yozila olmayapman, - dedi Dilshod Norov.

Ozodlik Navoiy viloyat shifoxonasiining xirurgiya bo‘limiga bog‘landi.

O‘zini "davolovchi vrach", deya tanishtirgan shaxs qaytib telefon qilishni so‘radi, ammo Ozodlikning keyingi qo‘g‘iroqlariga javob bermadi.

Ekspertiza

Dilshodning tug‘ishgan akasi Sherzod Norovning Ozodlikka shikoyat qilishicha, oradan uch kun o‘tgan esa-da, tibbiy ekspertiza xulosasi ularning qo‘liga topshirilmagan va sudya Otabek Toshev ishni "bosti-bosti qilishga harakat qilyapti".

- Do‘xtirlar "yaxshi qilib beramiz" deydi. Lekin biz "qani tekshiruv natijalari, ular bormi, ekspertiza xulosalari nima bo‘ldi?" deb so‘rasak, ko‘rsatmaydi, - dedi Sherzov Norov.

Ozodlik Navoiy viloyat ma’muriy sudining raisi, 44 yashar Otabek Toshevning o‘zi bilan 18 fevral, kun davomida bir necha bor bog‘lanishga urindi. Lekin sudya telefonini ko‘tarmadi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining Ozodlikka Telegram messenjeri orqali 18 fevralda ma’lum qilishicha, mazkur holat bo‘yicha Navoiy shahar prokuraturasida "tergov oldi tekshiruvi olib borilmoqda".

"Sud tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Natijasi yuzasidan ma’lumot beriladi," deya bildirdi Bosh prokuratura.

Dilshod Norov Navoiy viloyat prokuraturasining ismi noma’lum xodimi 17 fevralda kelib, undan Otabek Toshev ustidan ariza yozdirib olganini aytdi.

Dilshod Norov o‘tgan yil sentabrida ish boshlaganidan buyon o‘tgan davr ichida Otabek Toshev uni ikki marta do‘pposlaganini aytdi.

Ammo, ikki farzandning otasi bo‘lgan Dilshod Norov, sud raisini kechirish niyati yo‘qligini qo‘shimcha qildi.

Sherzod Norov sud raisi va uning xotini o‘tgan uch kun ichida jabrdiyda uyiga ikki marta kelib, yig‘lab kechirim so‘ragani, biroq sud boshlig‘i ustidan hukm chiqarish sudning odil hukmiga havola etilishini bildirdi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG