Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2020, Тошкент вақти: 02:26

"O‘zbekiston rasmiylari yana qovun tushirib qo‘yish arafasida turibdi"


"Qutadg‘u bilig"ning Abduhamid Pardaev she’riy tarjima qilgani - G‘afur G‘ulom nashriyoti, 2018 y., Adadi 3000 nusxa. Xat muallifiga ko‘ra, bu nashrda ham 236 bayt yetmaydi-kam - 6409 bayt, professor Rashid Aratli nashr qildirgan asl nusxada esa - 6645 bayt

"Bu yil Yusuf Xos Hojibning 1000 yilligi, "Qutadg‘u bilig"ning 950 yilligi Qozog‘iston va Turkiyaning tashabbusi bilan YuNESKO tomonidan dunyoda keng nishonlanmoqda. Bizda esa jim-jitlik", deb boshlagan o‘zbekistonlik adabiyotshunos Ozodlikka yo‘llagan matnini.

Negadir ism-familiyasi ochiqlanishini istamagan muallif bitiklarining davomini o‘qing:

Yozuvchilar uyushmasi shu sana munosabati bilan tadbirlar ishlab chiqib, hukumatga taqdim etgan. Lekin hozirgacha bunga oid hukumat qarori chiqmadi.

"O‘zbekiston Yusuf Xos Hojib tavalludining 1000 yilligini nishonlaydimi yoki buyuk bobokalonimiz xotirasiga hurmat-ehtiromni yana faromush qiladimi?" degan ma’noda maqola e’lon qilsangiz, yaxshi bo‘lardi.

"Qutadg‘u bilig"ning 900 yilligi munosabati bilan 1972 yilda Qayum Karimov nashrga tayyorlagan, asl matn va nasriy tabdil O‘zSSR Fanlar akademiyasining "Fan" nashriyoti tomonidan atigi 3 ming nusxada nashr etilgan. Shundan keyin bu asarga deyarli e’tibor berilmagan.

5, 6 yil oldin Fanlar akademiyasi asl matnni 6 jildlik qilib nashr qilgan degan gapni eshitdim. Lekin bu nashrni o‘zim ko‘rmadim.

Asl matnni nashr qilish kerak, biroq xalq qadimiy turkiy tilni tushunmaydi. Shuning uchun uning she’riy tabdilini to‘la nashr qilish kerak.

Holbuki, Qayum Karimovning 1972 yildagi nashri ham to‘liq emas. O‘sha nashrda 236 bayt yetishmaydi. Turkiyalik tatar olimi professor Rashid Aratlining "QB"ning tarixiy uchta nusxasini qiyoslab tayyorlagan 6645 baytdan iborat asl matni hozircha dunyoda asosiy manba bo‘lib turibdi.

Ozarbayjonda bu matn to‘la ozarbayjon tiliga she’riy tarjima qilib nashr qilingan. Internet nashrlarda "QB"ning men va Emin Usmon o‘zbekchaga she’riy tabdil qilgan shakli bor. Xususan, Xurshid Davronning internet kutubxonasida.

Lekin bu ikki internet nashr ham to‘liq emas. Men o‘zimning tarjimamni turkiyalik tatar professori Rashid Aratlining asl matni asosida kuni kecha to‘la yangiladim.

Professor Boqijon To‘xlievning "QB"dan parchalar tarzida tayyorlagan ikkita kitobi ham chiqqan. "QB" siyosatshunos olim Fazliddin Ravshanov she’riy tabdilida Toshkentda "Akademnashr" tomonidan 1000 nusxada bosilgan. Biroq bu tabdil mutlaqo talabga javob bermaydi.

Xullas, shohlardan faqat Amir Temur va Bobur Mirzoni, shoirlardan esa faqat hazrat Alisher Navoiyni xo‘jako‘rsinga, yuzaki targ‘ib qilishdan nariga o‘tmayotgan O‘zbekiston rasmiylari Yusuf Xos Hojibning 1000 yilligi butun dunyoda nishonlanayotgan bir paytda yana qovun tushirib qo‘yish arafasida turibdi.

Shu masalani ko‘tarib bong ursangiz, zora bu tepsa tebranmaslar sal o‘ziga kelsa.

XS
SM
MD
LG