Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2019, Тошкент вақти: 19:27

Prokuror: Manafort jazosini yengillatishga loyiq emas


AQSh prezidenti Donald Trampning prezident saylovi kampaniyasi raisi Pol Manafort (arxiv surati)

Maxsus prokuror Robert Myullerning ofisi xodimi AQSh sudyasiga prezident Donald Trampning prezident saylovi kampaniyasi raisi Pol Manafort qonunlarni “qayta-qayta va surbetlarcha” buzgani sababli jazosini yengillatishga loyiq emasligini aytdi.

Ushbu tavsiya maxsus prokuror 22 fevralda jazo tayinlash haqida sudga kiritgan nomasida bildirilgan edi.

Myuller Rossiyaning 2016 yilgi AQSh prezident sayloviga aralashgan yoki aralashmagani, Trampning saylov kampaniyasini o‘tkazgan komandasi Moskva bilan yashirin til biriktirgan yoki biriktirmaganini aniqlash uchun tergov o‘tkazmoqda. Tramp til biriktirgani bog‘liq ayblovlarni, Kreml esa saylovga aralashganini rad etmoqda.

Kamida 34 kishi va 3 ta tashkilot aybiga iqror bo‘ldi yoki Myuller tergovi va shunga bog‘liq sud hukmi bilan aybdor deb topildi.

Oldinroq Virjiniya shtati sudi aybdor deb topgan va uzoq muddatga kesilib, qamalishi kutilayotgan 69 yashar Manafort o‘tgan yil sentabrida Vashingtondagi sud mahkamasida Qo‘shma Shtatlarga qarshi fitnada qatnashganlik aybini tan oldi.

Yana u harom yo‘l bilan topilgan pulni qonuniylashtirish, ro‘yxatdan o‘tmay turib, chet elliklarning manfaatini ko‘zlab ish tutish va guvohlar ko‘rgazmalarini soxtalashtirish yo‘li bilan odil sudlovga to‘sqinlik qilishday fitnada ham ayblanmoqda.

Ushbu ayblovlar bilan u 10 yilga qamalishi mumkin. Hukmni o‘qish 13 martga tayinlangan

“Manafort 10 yil mobaynida qonunlarni qayta-qayta va surbetlarcha buzib keldi”, deyiladi Myuller komandasining hukm chiqarish bo‘yicha sudga jo‘natgan nomasida.

Vashingtonda chiqarilgan har qanday hukm bir vaqtning o‘zida yoki izchil ravishda Virjiniyada chiqarilishi kutilayotgan uzoq muddatli qamoq hukmiga esh bo‘ladi. Virjiniyada hukmni e’lon qilish vaqti hali ma’lum emas.

Maxsus prokuror 15 fevral kuni sudga yuborgan nomasida federal jazo belgilash yo‘riqnomasida ko‘rsatilgan muddatga rozi ekanini bildirdi. Unda Manafort aybdor deb topilgan yoki aybini tan olgan holatlarga ko‘ra, 235-293 oyga kesilishi kerak.

Manafort Vashingtonda uzoq yillar siyosiy kampaniyalarda qatnashgan va ko‘pincha respublikachilar bilan hamkorlik qilgan.

U 1996 yilgi prezident saylovida AQSh senatori Bob Doulning kampaniyasiga rahbarlik qilgan, yana chet el vatandoshlari, jumladan, rossiyalik metallfurush oligarx Oleg Deripaska va Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich manfaatlarini ilgari surishday mo‘may pul keltiruvchi ish bilan shug‘ullangan.

Manafort 2010 yili Yanukovich prezident etib saylanishida muhim rol o‘ynagan edi.

Sud hujjatlarida aytilishicha, Yanukovich 2014 yil martida norozilik namoyishlaridan so‘ng mamlakatdan qochishga majbur bo‘lgach, Manafortga Ukrainadan kelayotgan foyda irmog‘i qurib qolgan.

Manafort 2016 yil martida prezident Donald Trampning prezident saylovi kampaniyasiga kelib qo‘shildi, iyunda esa uning rahbari etib tayinlandi. Ammo oradan uch oy o‘tib, kampaniyadan chetlatildi. Bunga uning ukrain siyosatchilari bilan tekinga hamkorlik qilmaganiga oid hisob kitobi ma’lumotlari fosh etilgani sabab bo‘ldi.

2017 yil dekabrida Myuller Vashington federal sudida Manafort bilan o‘rinbosari Rik Geytsni chet el agentligida hamda Yanukovich va uning ukrain hamkorlari bilan hamkorligiga bog‘liq fitnada ayblab chiqdi.

2018 yil fevralida Virjiniya shtatining Aleksandriya shahri federal jyurisi Manafort bilan Geytsga bank va soliq qallobligiga oid ayblovlarni e’lon qildi. Geyts Virjiniyada qo‘yilgan ayblarga iqror bo‘ldi va Manafortga qarshi ko‘rgazma berishga rozilik bildirdi.

Myuller 2018 yil iyunida Manafortni rus-ukrain agenti va uning uzoq muddatli sherigi Konstantin Kilimnikka qarshi odil sudlovga to‘sqinlik qilish, guvohlar ko‘rgazmalarini soxtalashtirishda aybladi. Maxsus prokurorga ko‘ra, bu bilan ikkovi bo‘lg‘usi guvohlarga ta’sir ko‘rsatishga uringan.

Virjiniya federal jyurisi 2018 yil avgustida Manafortni bank va soliq qallobligida aybdor deb topdi.

Manafort 2018 yil sentabrida Vashington shahrida o‘z ustidan sud mahkamasi boshlanishidan bir necha kun oldin aybiga iqror bo‘ldi va Myuller boshliq prokurorlar bilan hamkorlik qilishga rozilik bildirdi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, Myuller uni qasamyod ostidagi kelishuvni yolg‘on aytish bilan buzishda aybladi.

XS
SM
MD
LG