Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:23

Kashmirdagi taranglik - Hindiston va Pokiston yana bir urush yoqasida?


Hindiston harbiy havo kuchlarining 27 fevral kuni urib tushirilgan qiruvchi uchqichi qoldiqlari.
Hindiston harbiy havo kuchlarining 27 fevral kuni urib tushirilgan qiruvchi uchqichi qoldiqlari.

Pokiston bilan Hindiston o‘zaro talash Kashmir mintaqasida bir-birining harbiy uchoqlarini urib tushirganini aytmoqda. Ushbu bayonotlar esa o‘rtadagi vaziyat o‘ta keskinlashib ketgan biri paytga to‘g‘ri keldi.

Pokiston harbiylari 27 fevralda mamlakat harbiy-havo kuchlari o‘z osmonida Hindiston harbiy-havo kuchlariga qarashli ikkita uchoqni urib tushirganini va Kashmirning o‘ziga qarashli hududida ikki nafar hind uchuvchisini asir olganini ma’lum qildi.

Hindiston tarafi bitta qiruvchi uchog‘i halokatga uchraganini, Pokiston uchoqlari Himolay hududiga hujum uyushtirgan payt uchuvchisi bedarak yo‘qolganini tasdiqladi. Yana rasmiy Dehli Pokistonning bir qiruvchi uchog‘ini urib tushirgani haqida ham bayonot berdi.

Pokiston vaziyat keskinlashgandan so‘ng havo hududini tijorat uchoqlari uchun “qo‘shimcha bildiruvga qadar” yopib qo‘ygani haqida xabar tarqatdi. Ayni damda Hindistonda ham aeroportlar yopildi, Dehlidan shimolda joylashgan keng hududlar osmoni fuqaro uchoqlari uchun bekildi.

Voqealarning bunday tus olishiga Hindiston harbiy uchoqlarining Pokiston shimoli-sharqiga zarba berishi sabab bo‘ldi. Dehli o‘sha yerda jangarilarning harbiy mashq bazasi bo‘lganini iddao qilmoqda.

Ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasida 1971 yili ro‘y bergan urushdan so‘ng “Nazorat chizig‘i” amalda Kashmirdagi chegara hisoblanadi. Hindiston harbiy uchoqlari o‘sha chiziqning Pokiston tarafiga zarba berdi.

Islomobod bilan Dehli o‘rtasidagi vaziyat 14 fevraldan beri tarangligicha qolmoqda. O‘sha kuni musulmonlar ko‘pchilikni tashkil etadigan va ikkala mamlakat ham da’vogarlik qilayotgan Kashmirda ro‘y bergan xudkushlik hujumi oqibatida 41 nafar hind askari halok bo‘lgan edi.

Pokiston bosh vaziri Imron Xon 27 fevralda mamlakat aholisiga qilgan murojaatida Hindistonni muzokara o‘tkazishga chaqirdi va vaziyatni izga tushirish uchun “sog‘lom fikr” bilan ish tutilishiga umid bildirdi.

‒ Tarixda urushlar xatolarga to‘la bo‘lganiga misollar ko‘p. Men qo‘limizda shuncha qurol bo‘la turib, xato qilishga haqqimiz bormi, deb savol bermoqchiman, ‒ dedi Xon. ‒ Biz birga o‘tirib, gaplashib olishimiz kerak.

O‘sha kuni Hindiston tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj mamlakati “vaziyat yanada keskinlashishini istamasligi”ni aytdi.

‒ Hindiston mas’uliyat va vazminilk bilan harakat qiladi, ‒ dedi Svaraj Xitoyga safari chog‘ida.

Yadro quroliga ega bo‘lgan Hindiston bilan Pokiston 1947 yili Britaniyadan mustaqillikka erishib, ikkiga bo‘linib ketgach, Himolay tog‘i bag‘rida joylashgan Kashmirni talashib, shu paytgacha uch marta urishgan.

27 fevralda Pokiston politsiyasi bergan xabarga ko‘ra, Hindiston qo‘shinlari “Nazorat chizig‘i” osha minomyotdan o‘t ochgan va 6 kishining hayotiga zomin bo‘lgan.

Hindiston 26 fevralda havodan zarba berib, “juda ko‘p” jangarilarni o‘ldirganini aytmoqda.

Pokiston qurbonlar bo‘lmaganini, ammo Hindiston “tajovuzi”ga javob berajagini bildirdi.

“Jaishi Muhammad” jangarilar guruhi Hindiston xavfsizlik kuchlariga qarshi 14 fevraldagi uyushtirilgan xudkushlik hujumi uchun javobgarlikni zimmasiga oldi, ammo rasmiy Islomobod bu ishda qo‘li borligini rad etmoqda.

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Hindiston bilan Pokistonni bundan keyin harbiy amaliyotdan tiyilishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi, Rossiya va Pokistoninng ittifoqchisi Xitoy ham tomonlarni kuch ishlatmaslikka da’vat etmoqda.

XS
SM
MD
LG