Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:19

OzodDayjest: Shaharlarga ichimlik suvi keltirish uchun OTB ajratgan mablag‘ talon-taroj etilgan


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston shaharlariga ichimlik suvi keltirish uchun ajratgan mablag‘ talon-taroj etildi. Toshkent militsiyasi boshlig‘i tilanchilar katta daromad topayotganini taxmin qildi. “Xalq banki”ning sayyor kassa mashinasidan 60 million so‘m miqdordagi pensiya va nafaqa pullari o‘g‘irlandi.

_____________________________________________________________

Qarshiga ichimlik suvi keltirish uchun Osiyo banki ajratgan mablag‘ talon-taroj etilgani fosh qilindi

Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlari aholisini toza ichimlik bilan ta’minlash maqsadida Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan yirik miqdordagi mablag‘ talon-taroj etilgani fosh qilindi (“Huquq”, 28 fevral). Xususan, Guliston va Qarshi shahriga ichimlik suvi keltirish uchun tenderda Turkiyaning “Eser insaat ve ticaret as” kompaniyasi g‘olib chiqib, Qarshida “Eser-4” muassasasini ochgan. 8,3 million dollarlik loyihaning 49 foizi Osiyo taraqqiyot banki, 51 foizi O‘zbekiston Moliya vazirligi tomonidan qoplangan. Ammo “Eser-4” muassasasi mas’ullari hujjatlarni soxtalashtirib, bajarilmagan ishlarni “bajarildi” deb ko‘rsatgan. Shu tariqa 644 ming dollar o‘zlashtirilgan. Qayd etilishicha, jinoiy guruh a’zolari qilmishiga yarasha jazolangan bo‘lsa-da, Qarshi shahrini ichimlik suvi bilan ta’minlash ishi hamon oxiriga etkazilmadi. Obi hayotni kuta-kuta charchagan aholi esa suvni falon pulga sotib olib ichishga majbur bo‘lmoqda. Ta’kidlanishicha, Qarshi shahrida bir mashina suvni gohida 60-70 ming so‘mga ham topish amrimahol.

Toshkent militsiyasi boshlig‘i: Tilanchilardan 80-90 foizining hech narsaga muhtojligi yo‘q

Toshkent ko‘chalarida tilanchilik qilayotganlarning 80-90 foizi professionallar bo‘lib, ularning hech narsaga muhtojligi yo‘q, deb hisoblaydi poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Rustam Jo‘raev (“Oila davrasida”, 28 fevral). R. Jo‘raevga ko‘ra, ular tilanchilikni yengil daromad manbaiga aylantirib olganlar va topayotgan pullari ko‘pchilikning bir kunlik daromadidan ko‘proqdir. 2019 yil 9 yanvar kuni O‘zbekiston qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq, tilanchilik bilan shug‘ullanish, bu ishga voyaga yetmaganlar va nogironlarni jalb etish uchun jinoiy javobgarlik joriy etildi. Qonun kuchga kirgach, ko‘chalarda, xususan, Toshkentdagi Qo‘yliq bozori atrofidagi tilanchilar ovi uyushtirilgan. Gazetaga ko‘ra, ichki ishlar xodimlari tilanchilik qilib turganlarni haydash, qo‘rqitish bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa-da, mazkur reydlarda hokimliklar, xotin-qizlar hamda bandlik idoralari vakillari qatnashmayapti.

“Xalq banki”ning sayyor kassasidan katta miqdorda pul o‘g‘irlandi

“Xalq banki”ning “Damas” sayyor kassa mashinasidan 60 million so‘m miqdordagi pensiya va nafaqa pullari o‘g‘irlandi. “Darakchi” xabariga ko‘ra, voqea Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida 16 fevral kuni soat 13:00 larda ro‘y bergan. Qayd etilishicha, bank xodimlari IIB qo‘riqlash bo‘limi xodimi hamrohligida pensiya va nafaqa puli tarqatish uchun yo‘lga chiqqan. Qo‘riqlash bo‘limi xodimi yarim yo‘lda tushib qolgan. Bank xodimlari ham ovqatlanish uchun oshxonaga kirgan. Shu mahal 60 million so‘m pul mashinadan o‘g‘irlab ketilgan. Kattaqo‘rg‘on IIB huzuridagi tergov bo‘limi katta tergovchisi Jaloliddin Suyunovga ko‘ra, o‘g‘rilikni amalga oshirishda gumonlanayotgan uch shaxsdan ikki nafari qo‘lga olingan, yana biri qidirilmoqda. Ularga nisbatan tergov olib borilayotgani xabar qilingan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan. Bu so‘nggi haftalarda “Xalq banki” tizimida ro‘y berayotgan ikkinchi o‘g‘rilik hodisasidir. Joriy yil 5 fevral kuni bankning Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani filialida 100 ming dollar naqd pul yo‘qolgan edi.

XS
SM
MD
LG