Линклар

Шошилинч хабар
29 январ 2020, Тошкент вақти: 22:22

Qiziqchining Ukraina prezidenti saylovida g‘alaba qilish ehtimoli ortib bormoqda


Vladimir Zelenskiy

Ukrainalik komik, doim tomog‘ini qirib gapirayotganday tuyuladigan Vladimir Zelenskiyni mamlakatda tanimaydigan odam yo‘q. U smartfoniga qarab, Instagramdagi 2,7 million obunachisidan quyidagi savolni so‘raydi: “Prezidentning do‘stlarini va quroldoshlarini yuqori lavozimlarga tayinlashi kimga yoqadi? Nega 28 yildan beri shu hol tinmay takrorlanadi?”

Zelenskiy savoli ortidan o‘ziga xos yechim taklif ham qiladi: “Kelinglar, sizlar orzu qilgan komandani yig‘amiz... Ukraina bosh vaziri, bosh prokurori, xavfsizlik xizmati rahbari, tashqi ishlar vaziri, mudofaa vaziri lavozimlariga nomzodlar taklif qilinglar, shu ishni birga qilamiz”.

Bu gap bir yil oldin Zelenskiyning navbatdagi taklifi sifatida aytilgan edi. Lekin bugun bu kulgi uchun aytiladigan gap emas. Qolaversa, shu kundagi saylovoldi poygasida 41 yashar komik yetakchilik qilmoqda.

Ukraina prezidenti saylovi 31 mart kuni bo‘lib o‘tadi, unda rekord darajadagi, ya’ni 44 nomzod ishtirok etadi. Agar ulardan biror kishi birinchi turda oddiy ko‘pchilik ovoz ololmasa, eng ko‘p ovoz olgan 2 kishi saylovning 21 aprelda bo‘lib o‘tadigan ikkinchi turida bellashadi.

Ayni paytda gap qiyin iqtisodiy ahvolga tushib, korrupsiya botqog‘iga botib qolgan, bu ham yetmaganday, Rossiyaga orqa qiluvchi ayirmachilar bilan urishayotgan mamlakatning omon qolishi haqida ketmoqda.

Ukrainada mavjud me’yorlarga ko‘ra, Zelenskiyning saylovoldi kampaniyasini o‘tkazish uslubi g‘alati tuyuladi: u komik aktyorlar guruhi bilan mamlakat bo‘ylab safar qilmoqda, tarafdorlariga ijtimoiy tarmoqlarda selfi videolar orqali murojaat etmoqda.

Biroq islohot o‘tkazish va’dasini bajarmagan siyosatchilardan hafsalasi pir bo‘lgan ukrain saylovchilari yangi siyosatchilarni ko‘rishni istaydi va ayni istak Zelenskiyga g‘alaba keltirishi mumkin.

Zelenskiyning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish strategiyasi odamlarning pir bo‘lgan hafsalasini o‘z foydasiga ishlatishni ko‘zlaydi. Ayni shu yo‘l Trampning AQSh prezidenti bo‘lishiga va “sotsialist” Aleksandriya Okasio-Kortesning esa yaqinda AQSh Kongressiga saylovda yutishiga sabab bo‘ldi.

Zelenskiyning korrupsiya desa qoni qaynaydigan qahramoni Vasil Holoborodko “Xalq xizmatkori” teleserialida – shunday xulq-atvor egasi. Asli mamlakat janubidagi sanoat shahri Krivoy-Rogdan bo‘lgan Zelenskiy shu yo‘l bilan saylovda yutib chiqmoqchi.

Aftidan, uning uslubi ish bermoqda.

Joriy haftada Kievdagi Xalqaro sotsiologiya instituti o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, shu kunlarda Zelenskiy uchun saylovchilarinng 26 foizi ovoz berishga tayyor.

Undan amaldagi prezident Pyotr Poroshenko ham, sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenko ham ortda qolmoqda.

Zelenskiy nomzodi ham janjal va tanqiddan chetda qolmadi

“Ozodlik” radiosining Ukrain xizmati bilan Ukraina UA:Pershy telekanalining qo‘shma loyihasi bo‘lmish “Sxemi” dasturi yanvar oyida o‘tkazgan surishtiruv chog‘ida Zelenskiyning Rossiyaning 3 ta kino- va teleko‘rsatuvlar tayyorlash kompaniyasi bilan aloqalari borligi aniqlandi.

Vaholanki, u oldinroq Ukraina OAVga 2014 yili Moskva Ukrainaga tegishli Qrim yarim orolini bosib olganidan so‘ng Rossiya bilan barcha aloqalarini yig‘ishtirganman, deb bayonot bergan edi.

Tanqidchilar uning siyosatchi sifatida tajribasi yo‘qligidan kelib chiqib, prezidentligi “falokat”ga aylanab ketishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Ammo bugungi kunda Yevropa mamlakatlari poytaxtlariga borib, Zelenskiyni tashviq qilib yurgan maslahatchisi Irina Venediktova u “keng fikrli” ekanini va ayni shu fazilati muammolarga “yangi yechimlar topishda yordam berishi”ni aytmoqda.

Tanqidchilar xavotirini uyg‘otayotgan yana bir jihat Zelenskiyning oligarx Igoe Kolomoyskiy bilan biznes aloqalari borligidir. U oligarxga qarashli telekanalda namoyish etilayotgan “Xalq xizmatkori” va “95-kvartal” komik seriallarida rol o‘ynamoqda.

Ushbu aloqa shu paytgacha uning nomzodiga xalal bermadi. Lekin saylov kuni yaqinlashgani sari shu masalada Zelenskiy uchun noqulay savollar chiqishi shabhasiz. Ammo 31 mart kuni saylov natijasi qanday bo‘lishidan qat’inazar, Zelenskiyning prezident bo‘lishga u yoki bu darajada ishonchi komil.

XS
SM
MD
LG