Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:40

Sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov endi jinoiy uyushma tuzishda ham ayblanmoqda


Sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov
Sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida davlat ayblovchisi sudlanuvchi Rashitjon Qodirovga yangi ayblov e’lon qildi.

O‘zbekiston Respublikasi sobiq Bosh prokurori endilikda jinoiy uyushma tashkil etishda ham ayblanmoqda.

Qodirovning jinoiy sheriklari sifatida sudlanayotgan 12 kishiga jinoiy uyushmaga a’zolik ayblovi qo‘yilgan.

Bu haqda Ozodlikka sud jarayonidan xabardor huquqshunoslardan biri 1 mart kuni ma’lum qildi.

Bu xabarni ayblanuvchilarning yaqinlari ham tasdiqladi.

Rashitjon Qodirov va aksar sudlanuvchilar¸ Bosh prokuratura rasmiy xabariga ko‘ra, 2000-2015 yillar davomida O‘zbekiston Jinoyat kodeksining "Tovlamachilik" (165-moddasi), "Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish" (205-modda) va "Pora olish" (210-modda) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan edi.

O‘tgan hafta Yunusobod tuman sudida sobiq bosh prokuror va uning jinoiy sheriklari sifatida ko‘rilayotgan shaxslar ishi bo‘yicha taraflar muhokamasi boshlanishi kutilgandi.

Prokuror ayblanuvchilarga jazo muddatini so‘rashi, advokatlar va davlat ayblovchisi chiqishidan keyin ayblanuvchilar so‘nggi so‘zni olishi kerak edi.

Lekin, sud jarayonidan xabardor Ozodlik manbasining ma’lum qilishicha, prokuror kutilmaganda Rashitjon Qodirov va boshqalarga yangi ayblovlar ilgari surish uchun tanaffus e’lon qilishni so‘ragan.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 242- moddasida nazarda tutilgan bu jinoyat turi sobiq bosh prokurorga yanada og‘irroq jazo belgilanishi mumkinligini anglatadi.

Jinoiy uyushma tashkil etish, ya’ni jinoiy uyushma yoxud uning bo‘linmalarini tuzish yoki unga rahbarlik qilish, shuningdek, ularning mavjud bo‘lishi va ishlab turishini ta’minlashga qaratilgan faoliyat - o‘n besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi,” - deyiladi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 242- moddasida.

Rashitjon Qodirovning jinoiy sheriklari deb ko‘rilayotgan qolgan 12 nafar sobiq mulozimga – uyushgan jinoiy guruhga a’zolik ayblovi qo‘yilgan.

Barcha ayblanuvchilar yangi ayblov bilan tanishish uchun dushanba kuniga (4 mart) qadar muhlat so‘ragan.

Sudlanuvchilar yaqinlarining aytishicha, sud qattiq qo‘riqlanayotgan binoda o‘tmoqda¸ yopiq o‘tayotgan jarayonga sudlanuvchilar yaqinlari ham qo‘yilmayotir.

Hozircha sudning qancha davom etishi¸ uning qachon hukm chiqarishi haqida ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG