Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:22

Suriya sharqidagi anklavda yuzlab o‘zbek va turkman jihodchilari taslim bo‘ldi


Aksariyati tinch aholi vakillari bo‘lgan 6,5 mingdan ortiq odam Suriya sharqida "Islom davlati" (ID) nazorati ostidagi hududdan so‘nggi 24 soat ichida olib chiqildi. IDning yuzlab jangarisi taslim bo‘ldi. Bu haqda AQSh ko‘magida jihodchilarga qarshi jang qilayotgan Suriya qo‘shinlari vakili seshanba kuni xabar tarqatdi.

ID Frot daryosi bo‘yida joylashgan Bag‘uz hududidagi mavqeini boy bermoqda, biroq u g‘arb tarafdagi olis hududlarni nazoratida ushlab turibdi. Shu bilan birga nazoratni yo‘qotgan joylarga partizanlik hujumlari boshlandi.

Suriya demokratik kuchlari (SDK) vakili dushanba kuni Bag‘uz shahriga hujum sur’atini pasaytirganini aytdi. Bunga oldin to‘liq olib chiqib ketilgani aytilgan tinch aholining anklavda pistirmaga tushib qolgani sabab bo‘ldi. Lekin vakil SDK tez orada o‘sha yerni qo‘lga olishga va’da berayotganini ma’lum qildi.

SDKning OAV bilan aloqalar idorasi rahbari Mustafo Bali demokratik kuchlar dushanba kuni 6,5 mingga yaqin kishi chiqib ketishi uchun yo‘lak ochgandan so‘ng yuzlab jihodchilar taslim bo‘ldi.

Ushbu raqamni boshqa mustaqil manbalardan tasdiqlashning imkoni bo‘lmadi. SDK rasmiylariga ko‘ra, u yerda qancha odam qolayotgani ham ma’lum emas.

- Ikkinchi kun ham kuchlarimiz 3500 dan oshiq ayol, bola va erkakni olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Ular orasida 500 dan ortiq chet ellik erkak ham bor ekan, ‒ dedi Bali Reyter muxbiriga. 3000 ga yaqin kishi dushanba kuni olib chiqildi.

Jangarilar bir qancha mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston va Turkmanistondan ekani aytilmoqda.

Kurdistonning so‘lchi Xalq mudofaasi militsiyasi (YPG) rahbarligidagi SDK o‘z saflariga Yevropadan radikal dunyoviy markschi talabgorlarni ham jalb qilgan, ular mafkuraviy jihatdan islomchi guruhlarga muxolifdir.

Iroq chegarasi yaqinidagi qishloq va dehqonchilik yerlaridan tashkil topgan Bag‘uz hamon ID nazoratida qolayotgan hududdir. U ham Suriya, ham Iroqning chegara bo‘yi hududlarini qamrab oladi. O‘sha erda ID 2014 yili xalifalik e’lon qilgan edi.

Reyter axborot agentligi seshanbada tarqatgan fotosuratlarda dushanbada qamaldagi hududdan olib chiqilgan aksariyat ayollar va bolalar tasvirlangan. Ular mamlakat shimolida joylashgan SDK nazoratidagi al-Ho‘l jamlog‘iga yuborilishni kutib turgan ekan.

O‘tgan haftada BMT tarqatgan bayonotda aytilishicha, o‘tgan yil dekabridan beri Al-Ho‘l jamlog‘ida 84 kishi nobud bo‘lgan, ularning 2/3 qismi yosh bolalardir. U yerda ayni damda kamida 45 ming kishi bor.

Bag‘uzning ID jangarilaridan ozod qilinishi muhim ahamiyatga ega, biroq bu bilan xavfsizlikka tahdid kamayib qolmaydi, chunki isyonchilar uzoq joylarga chekinib, payt poylash holatiga o‘tadi.

XS
SM
MD
LG