Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2019, Тошкент вақти: 10:10

O‘zbekistonga kirish uchun pora berganini tan olgan MTS ham AQShga $850 million dollar jarima to‘laydigan bo‘ldi


Rossiyaning eng yirik telekom shirkati MTS ham AQSh qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi​ hamda AQSh Adliya vazirligi bilan sudgacha erishilgan kelishuvga muvofiq¸ 850 million dollar miqdorida jarima to‘laydi. AQSh tarixidagi eng katta jarimalardan biri bo‘lgan bu mablag‘ to‘lanishi ortidan AQSh prokuraturasi MTSning O‘zbekistondagi 2004-2012 yillar faoliyati ustidan borayotgan tergovni to‘xtatadi.

Bu haqda MTS matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

Bundan oldin Shvetsiyaning Telia (eski nomi TeliaSonera) va Hollandiyada ro‘yxatdan o‘tgan VimpelCom shirkatlari ham aynan O‘zbekistondagi faoliyati bo‘yicha AQShda ochilgan tergov bilan sudgacha kelishuvga erishib¸ tarixda misli ko‘rilmagan darajada katta jarima to‘lashga majbur bo‘lgan edi.

O‘zbekiston telekom bozoriga kirish uchun “yuqori nufuzli Toshkent rasmiysi”ga pora berganini tan olgan Telia sudga chap berish uchun AQShga 965 million dollar jarima to‘lagan bo‘lsa¸ VimpelCom AQSh va Hollandiya hukumatlariga jami 835 million dollar to‘lashga rozi bo‘lgan edi. Ikkala telekom shirkati aksiyalari AQSh qimmatbaho qog‘ozlar bozorida savdoga qo‘yilgan va shu bois ular AQSh qonunchilgida belgilangan me’yor va talablariga mos ravishda faoliyat yurg‘izish mas’uliyatini zimmasiga olgan.

MTS ham aybini bo‘yniga oldi

AQSh hukumatiga rekord darajada jarima to‘lashga rozi bo‘lgan MTS o‘z bayonotida¸ bu mablag‘ning 2018 yil uchinchi kvartali hisobidan zahiraga olinganini bildirdi.

AQSh bilan tuzilgan sudgacha kelishuv¸ shirkat ish siyosati¸ undagi jarayon va protseduralarning korrupsiyaga qarshi qonunchilik talablariga qat’iyan mos ekanini namoyish qiladi. AQSh Adliya vazirligi bilan kelishuvda¸ MTSning bundan keyin ichki nazorat va komplaens dasturi ustidagi ishni yanada yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlari qayd etildi”¸ deyiladi MTS bayonotida.

AQSh Qimmatli qog‘ozlar komissiyasi e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra¸ sudgacha erishilgan kelishuv doirasida MTS "O‘zbekistonning o‘shandagi (2004-2012 yillar nazarda tutilmoqda - tahr.) prezidentiga aloqador va mamlakat telekommunikatsiya sohasi ustidan nazorat o‘rnatgan "rasmiy"ga bozorga kirish va faoliyatini davom ettirish maqsadida jami 420 million dollar har xil noqonuniy to‘lovlar qilganini tan olgan.

O‘zbekistonda Ucell brendi ostida faoliyat yuritgan Telia (sobiq TeliaSonera) kompaniyasi O‘zbekistonda mobil bozoriga kirish uchun pora berganiga oid iddaolar bo‘yicha AQSh va boshqa davlatlarda boshlangan tergov-surishtiruv ishlarini bosdi-bosdi qilish uchun 2017 yil sentabrida AQShga 965 million dollar miqdorida jarima to‘lashga rozi bo‘lgan edi.

2016 yil fevralida esa¸ asosiy aktsiyalari rossiyalik milliarder Mixail Fridmanga tegishli VimpelSom shirkati ham O‘zbekistonga kirish uchun katta miqdorda pora berganini e’tirof qilgan va ishni sudga oshirmaslik uchun 850 million dollar jarima to‘lashga rozi bo‘lgan edi.

Uchala kompaniyaning milliard dollarga yaqin jarima to‘lashga majbur qilgan korrupsiya mojarosi markazidagi "o‘zbek rasmiysi"ning esa Gulnora Karimova ekani aytiladi.

Davlatga qariyb 2 milliard dollar zarar yetkazganlikda ayblangan O‘zbekiston marhum prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova¸ O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 5 mart kuni e’lon qilgan rasmiy bayonotga ko‘ra¸ Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan 10 yil ozodlikdan mahrum qilingan.

Ammo Toshkent viloyati sudining 2018 yil 1 iyuldagi ajrimi bilan G.Karimovaga tayinlangan jazo 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan.

Avvaliga uy qamog‘ida saqlangan Karimova¸ sud tomonidan yuklatilgan majburiyatlarni bajarmagani ortidan 5 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan Karimovaga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.

XS
SM
MD
LG